Bosh sahifa | Adabiy olam | O'zbekona | Audio | Video | Fotoalbom | Tashrifnoma
Orqaga qaytish
Adabiyot
Linklar
My Photoblog
Yangiliklar
Yondaftarcha
Online-Radio
O'zbek kinosi


WEB-SAHIFA YANGILIKLARI


10.10.2005
Photoblog-Sahifasiga lirik usulda ishlov berilgan yangi rasmlar qo'shildi.



26.08.2005
Video-Sahifasiga bugun ba'zi O'zbekona Videokliplar qo'shildi.



20.08.2005
Web sahifamga Radio-Sahifasi qo'shildi.
Unda siz o'zbekcha Online-radiolar ro'yxatini ko'rishingiz va ularni kerakli programmalar orqali tinglashingiz mumkin.



25.06.2005
Web sahifamga Photoblog-Sahifasi qo'shildi. Unda men o'zimga yoqqan rasmlar ularga mos she'riy satrlar bilan e'tiboringizga havola etib boraman.



27.05.2005
Baxshichilik - o'zbek musiqiy madaniyatining eng qadimiy va ajralmas qismlaridan biridir. Bolaligimda bizga qo'shni turadigan amakimning uyiga Azim baxshi degan baxshi ko'p kelib turardi. Ba'zida choy oborib, uning doston aytishlarini tinglab o'tirardim.
Yaqinda audio-kassetadan bir baxshining (afsuski, ismini bilmayman) qo'shig'ini digitallashtirdim. Marhamat, siz ham tinglab huzur oling:

Baxshi bobo - Go'ro'g'li dostonidan.mp3



16.05.2005
13-may kuni Andijonda begunoh qurbon bo'lgan yuzlab INSONlarning yaqinlariga o'zimning chuqur hamdardligimni bildiraman.



09.05.2005
Meni 6-may kuni Universitet senatining maxsus yig'ilishiga chaqirishdi. Lekin nimaga u yerga borishim shartligini sir tutishdi. Keyin bilsam... Yig'ilishda meni "Universitetning eng yaxshi chet ellik talabasi" sifatida DAAD mukofoti bilan taqdirlashdi. Juda xursandman. :-)



22.02.2005
Audio va Adabiyot sahifalari yangicha designga o'tkazildi. Ikkala natijadan ham juda xursandman.
Audio sahifasiga yangi qo'shiqlardan kiritildi.



03.02.2005
Audio va Video sahifalarini alohida-alohida qilib ajratdim.
Video sahifasiga "O'tgan kunlar" o'zbek klassik filmi va bir qancha o'zbekcha musiqiy-kliplar kiritildi.
Audio sahifasiga o'zbek filmlaridan Soundtracklar - filmlar kuy-musiqalaridan kiritildi.



22.12.2004
Audio-Video sahifasiga bugun Sherali Jo'rayevning 57 ta qo'shig'i kiritildi. Serverdan joy ajratib bergani uchun Alihonga katta rahmat. Bundan tashqari, 90-yillar qo'shiqlaridan ham sahifaga kiritildi.



18.10.2004
Audio-Video sahifasiga bugun Bolalar guruhi, Shahzoda, Ravshan Sobirov, Yulduz Usmonova va Sevara Nazarhonlarning yangi qo'shiqlari kiritildi.



04.10.2004
Audio-Video sahifasiga o'zbek san'atida o'chmas iz qoldirgan taniqli xonanda, rahmatli Botir Zokirov qo'shiqlari kiritildi.



30.09.2004
O'tgan bir oy ichida web-sahifada ba'zi o'zgarishlar bo'ldi. Audio-Video sahifasiga yangi qo'shiqlar kiritildi.
Sherali Jo'rayevning sara qo'shiqlari hamda 2004 yil O'zbekistonda yangi chiqqan qo'shiqlar shular jumlasidandir.

Adabiyot bo'limiga Alisher Navoiy, Bobur, Boborahim Mashrab va Cho'lpon ijodidan namunalar kiritildi. Mashhur xonanda Sherali Jo'rayev qo'shiqlarining matnlari ham Adabiyot sahifasida e'lon qilindi.


18.08.2004
Audio-Video sahifasiga Bobomurod Hamdamovning 2ta qo'shig'i kiritildi.
Abduvali Rajabov hamda Sofiya Saftarova qo'shiqlarini ham Audio bo'limidan topasiz.

Web-sahifa designiga yangicha ko'rinish berildi.

Adabiyot bo'limiga O'zbek xalq laparlaridan ayrim namunalar kiritildi.


04.08.2004
Bugun Umrning 27-dovoniga ham qadam qo'ydim. Mani dunyoga keltirib, tarbiyalab katta qilganlaringiz uchun poyingizda bosh egaman, Onam-Otam!

Adabiyot bo'limiga Tafakkur gulshanidan va Orifjon Turopov she'rlaridan namunalar kiritildi.


10-18.07.2004
Bir hafta vaqtni Avstriya tog'larida o'tkazib qaytdim. Tog'ning musaffo havosi, ziloldek tiniq suvlari, shoir ijodiga ilhom, rassom qalamiga jilo ulashadigan ertaknamo tabiati quchog'idan kishining ketgisi kelmaydi... Maza qilib dam oldim.
14-iyul kuni mashhur kompozitor Mozart tug'ilgan shahar - Salzburg shahrida ham bo'ldim: kichkina, ammo juda go'zal va ajoyib shahar. Yo'lingiz Salzburgga tushganda, shahar qal'asi, Mirabell bog'i, Mozart ko'chasini ziyorat qilib o'tishingizni tavsiya etaman.


05.07.2004
Adabiyot bo'limida Muhammad Yusuf, Shavkat Rahmon va Erkin Vohidovlarning yangi she'rlari kiritildi.

Greciya ajoyib turnir o'tkazib, sensaciyaviy tarzda futbol bo'yicha Euro2004 chempioni bo'ldi. Molodec Otto Rehhagel!

Imtihonga tayyorgarlik bilan birga, diplom ish yozish davom etmoqda.
Ob-havo hamon bulutli, tezroq quyoshli kunlar boshlansa-yu, cho'milgani ko'lga jo'nasam... Bugun soatlab yoqqan yomg'irga derazadan tikilib, beixtiyor Serdar Ortac'ning "Yoz yomg'iri" degan qo'shig'ini esladim. Toshkentda talabalik davrida ko'p eshitardim shu qo'shiqni. Qo'shiq klipi bu yerda.


29.06.2004
Adabiyot bo'limida iste'dodli shoir Iqbol Mirzo ijodidan namunalar kiritilgan yangi sahifa ochildi.


15.06.2004
Adabiyot bo'limida iste'dodli shoir, ajoyib inson, rahmatli Muhammad Yusufning betakror ijodidan namunalar kiritilgan yangi sahifa ochildi.


25.05.2004
Mahmud Nomozov va "Surhon" guruhi bilan Berlin shahrida bo'lgan uchrashuvlardan suratlar rasmlar albomiga qo'shildi.


12-13.05.2004
Taniqli xonanda Mahmud Nomozov va "Surhon" guruhi Berlin shahrida bo'lishdi. 12-may kuni kechqurun O'zbekistonning Berlindagi elchixonasida koncert berishdi. 13-may kuni Mahmud Nomozov va "Surhon" guruhi bilan alohida uchrashib, uning suhbatidan va qo'shiqlaridan bahramand bo'ldik.
Yangiliklarni kuzatib boring, tez kunlarda suratlar va boshqa ma'lumotlar shu yerda e'lon qilinadi.


04.05.2004
Adabiyot sahifasiga Erkin Vohidov va Usmon Azimning yangi she'rlaridan kiritildi.


23-25.04.2004
Bay-bay-bay, bir ajoyibu g'aroyib, go'zal manzaralar guvohi bo'lib, 12 talabadan iborat guruh Saxsoniya Shveycariyasi (Saechsische Schweiz)dan qaytib keldik. Xuddi ertaklardagidek o'rmonlar, mayin yomg'ir va tuman og'ushidagi qoyalar uzra nigoh tashlab, bahuzur dam oldim maza qilib.

Suratlarni ushbu adresda tomosho qilishingiz mumkin.


22.04.2004
Viggo Mortensen ijrosidagi "Hidalgo" filmini tomosho qildim. Hidalgo laqabli otning o'z egasiga, egasining o'z otiga bo'lgan mehri hamda ularning birgalikda o'tkazgan yaxshi-yomon kunlarini hikoya qiladi bu film. Ayniqsa, film nihoyasida bosh qahramon hamda Hidalgoning arab cho'llaridagi ot poygasida marraga ozgina qolganda jazirama issiqda holdan toygan vaqtda, otning mo'jizaviy tarzda kuch topib, egasini marraga yetkazgani... Beixtiyor "Alpomish" dostonini esladim... Boychiborning o'z yollarini zindonga tashlab, egasi Alpomishni ozod qilib olgan joyi...


13.04.2004
Bahor kelganda, biz odatda hech bo'lmasa bitta daraxt niholini yaxshi niyatlar bilan ekib qo'yamiz. Bugun biz, bir guruh chet ellik talabalar shahrimiz yonidagi o'rmonga borib, o'rmon xo'jaligi ishchilari bilan birgalikda daraxt ekib qaytdik. Men ham yaxshi niyatlar bilan esdalik uchun nemis tuprog'ida besh dona nihol o'tqazdim. :-))


11.04.2004
Xristianlarda pasha bayrami bo'layotganligi tufayli joylarda har xil tadbirlar o'tkazilyapti. Bugungi bo'sh vaqtni o'tkazish uchun Germaniyaning Chemnitz shahri yonida joylashgan Ravenstein qal'asida "O'rta asrlar harbiy bozori"ni borib tomosho qildik. Menda juda katta taassurot qoldirdi. Beixtiyor, O'zbekistonda ham shunaqa tadbir bo'lsa-yu, borib tomosho qilsam, degan istak paydo bo'ldi.
Menga ayniqsa kamondan o'q otish yoqdi. Alpomishga avlod emasmanmi, nemislarga kamondan o'q otishni bir ko'rsatib qo'ydim :-)


09.04.2004
Shu yilning fevral oyida Altenberg tog'li hududida uch kunlik qishki ta'tilni o'tkazgandik. Ushbu safardan olingan suratlar rasmlar albomiga joylashtirildi.


08.04.2004
Radiodan yozib olingan yangi qo'shiqlar va ba'zi Videotrailerlarni alohida sahifaga joylashtirdim.


02.04.2004
"Kechikkan sevgi"... Hozirgina Radio Granddan shu nomdagi qo'shiqni eshitdim. Qalbiga kechikib tushgan muhabbatdan azoblanayotgan oshiqning haqiqiy muhabbatni kech anglab yetganidan pushaymon yeb tortayotgan oh-vohlari...
Aziz o'quvchi, qalbingizda haqiqiy muhabbatni his qilsangiz, uning uchun kurashing! Baxtning sizga kulib boqayotgan vaqtini sezmay, g'aflatda qolmang! Qo'ldan berilgan Baxt qaytib kelmasligi mumkin...


31.03.2004
Bugungi kayfiyatda yozganim:

Har bir so'zing dilga malham, yorijon,
Dil bog'langan senga mahkam, yorijon.
Sening uchun har narsaga tayyorman,
Qalbimdasan har on, har dam, yorijon.



29-30.03.2004
Toshkentda yana bomba portladi... Xabarlar bu yerda.


26.03.2004
O'zbek kinosiga bag'ishlangan sahifaning suratlar bo'limi tayyor bo'ldi.


25.03.2004
Berlin shahrida bir hafta vaqtni sermazmun holda o'tkazib, ko'ngilga yaqin Insonlar bilan uchrashib, Navro'z bayramini do'stlar davrasida nishonlab qaytib keldim. Berlinda tahsil olayotgan do'stlarim katta qozonda osh qilishdi. Bayram tadbirida o'zbekcha laparlardan ham aytib yubordik:

Ariq bo'yida tollar, yor-yor-yoroli,
Tollar tagida chollar, yor-yor-yoroli.
Bu chollar yomon chollar, yor-yor-yoroli,
O'tgan kampirni poylar, yor-yor-yoroli.


Bayramdan suratlar
:-)
O'zbekning bayramiga nima yetsin!


17.03.2004
Adabiyot sahifasi "Yosh iste'dodlar" turkumi hamda bu turkumga kiritilgan Shahnoza Matnazarova va Mas'ud Mahsudovlarning she'rlari bilan kengaytirildi.


10.03.2004
Anchadan beri uydagilarim bilan telefonda gaplasholmagandim. Kecha nihoyat telefonda ulanib, 6 yoshli bir jiyanim bilan ham gaplashdim, tili shirinde hali :-) "Qachon kelas? Men tizdi soy'indim!" deydi. Sog'inchdan meni ham ko'zlarimga yosh keladigan darajada hozir...


28.02.2004
Bugun Radio Grandda quyidagi qo'shiqlarni eshitdim, o'zbekcha ohangdagi qo'shiqlarni sog'inganimga shekilli, yoqdi. Siz bilan baham ko'rmoq uchun yozib oldim:

Radio Grand - Sevgim sensan.mp3

Bolalar - Fotiha bering, Oyijon


24.02.2004
Futbol bo'yicha sevimli jamoam "Bayern Muenchen" Ispaniyaning mashhur clubi "Real Madrid"ga qarshi shunaqa ajoyib o'yin ko'rsatdiki, yulduzlar to'plangan, ammo yulduzlardek o'ynolmagan "Real Madrid" 1:1 hisobidan so'ng bir ochko olib, o'zini baxtlidan ham yuqoriroq hisoblashiga miyig'ida jilmayib qo'yishdan boshqa ilojim qolmadi...
Bayern endi Madridda yutib kelsin-de :-)

Radio Jamalak :-) - Kurgim kelar (by Sevara Nazarhon)


17.02.2004
Tog'da olingan videodan film montaj qilishni boshladik. Filmdan birinchi trailer tayyor. Ushbu adresdan PCingizga saqlab, WindowsMediaPlayerda ko'rishingiz mumkin. Fikr-mulohazalarizni kutib qolamiz :-)))

Trailer: Cosmo - you are not alone


06-08.02.2004
Ushbu kunlarga Erzgebirge tog'lariga chang'i uchishni rejalashtirgandik. Tog'da 3 kun bo'ldik. Ammo aynan shu kunlarda tog'da tuzuk qor yog'maganligi sababli biz Badminton miltig'idan o'q otib, Hokkey zalda konki uchib, nemis o'rmonlarida sayr qilib, kechki paytni basseynda iliq suvda rohatlanish bilan o'tkazib orqaga qaytdik.
Eng ajoyib narsa basseynda bo'ldi - basseynning tashqaridagi bo'limiga chiqqanimizda qor yog'ib qoldi... Iliq suvda yotib, kechki payt osmondan oppoq qorning yog'ishini tomosho qilganmisiz? Tasvirlash mushkul bir betakror va ajoyib vaziyatga tusharkansiz...


03.02.2004
Radio Grandda "Muhabbat sinovlari 2" nomli yangi film haqida gapirishdi. Bosh qahramoni Ruxshona ismli qiz bo'lgan bu flmdan ozgina audio-parcha qo'yishdi. Professional tarzda ovoz berilmagan bo'lsa-da, yaxshi filmga o'xshaydi, bir ko'rish kerak.


01.02.2004
Radio Grand online-efirga chiqib boshlabdi. WinAmpdan o'zbekcha radioni eshitib boshladim endi :-))) Mazza qilyapman :-) Eshitib ko'ring bir:

Radio Grand - Life



28.01.2004
Musiqa eshitishni yoqtiraman. Bugun musiqa eshita turib, qiziq bir narsaga duch keldim. Yulduz Usmonovaning "Nastarin" qo'shig'ini eshitgan bo'lsangiz kerak. Bolgar do'stim bergan bolgarcha musiqalarni eshitayotganimda, Yulduzning o'sha qo'shig'ining kuyi eshitildi... Bolgarlar ham o'zbeklar yaratgan musiqadan kopiya qilishibdi ekan :-)) Qo'shiqni quyidagi adresdan olib, tinglab ko'rishingiz mumkin:

http://www.htwm.de/truziboy/muzika/Ivana-Bezumna_cena.mp3



30.12.2003-04.01.2004
Yangi 2004-yilni Germaniya poytahti Berlin shahrida bir qancha do'stlarim(rasmlari) bilan kutib oldim. Uchinchi marta Berlinda Yangi Yilni kutib olishim bo'ldi. Ammo, birinchi marta mashhur Brandenburg Darvozasi oldida kutib oldim. Yarim soatdan ko'proq vaqt osmonni qoplagan ajoyibu g'aroyib salyutlarni tomosho qilib, ezgu niyatlar bilan Yangi Yilga ham kirib keldik...
Sizga aytsam, qalbimni o'g'irlab olgan bu shahar o'zi... Sababini keyin aytaman ;-))





Linklar | Copyright © 2005, Tuychi Ruziboev. All Rights Reserved. | Kontakt