|
|
|
"Salom va Xayr" radionovellalar turkumidan
„Xayr. Men bu so’zni bir kuni oldingga salom deb qaytish uchun aytaman.
Ammo o’shanda meni qanday qarshi olasan – hammasi shunga bog’liq...“
(kafe, odamlar shovqini)
Erkak: Nega gapirmayapsan?
Ayol: Bunaqa shovqinli joylarni xushlamasligimni bilarding-ku… Yana savol berganingni qara.
Erkak: Bilmadim, men haliyam gavjum joylarga intilishda davol etyapman. Lekin, atrofdagilar bilan nima ishimiz bor…
Ayol: Sen avvallari atrofdagilar bilan hisoblasharding.
Erkak: Men… men…
Ayol: Buning yomon joyi yo’q, hijolat bo’lma.
Erkak: Ammo oxir-oqibat birovlarning gap-so’zlaridan charchar ekansan.
Ayol: Buni endi tushunayotganingdan hayron emasman.
Erkak: Agar bu yer yoqmayotgan bo’lsa, ketamiz…
Ayol: Yo’q, o’tiramiz… Sening shundayligingga o’rganib bo’lganman.
Erkak: Shu gapingdan qo’rqishimni bilasan.
Ayol: Qo’rqishingni bi-la-man. Lekin buni qo’rqishing uchun aytayotganim yo’q.
Erkak: Odamni avaylamaysan-a?
Ayol: Balki…
Erkak: O’ylasam, sen o’zingni avaylashgayam qo’ymaganakansan.
Ayol: Bu axir, mening eng yaxshi tomonim-u.
Erkak: Avaylashga imkoniyat berganingda, balki…
Ayol: G’alaba sen tomonda bo’larmidi?
Erkak: Qiyin…
Ayol: Ke, qo’y, qaytmaymiz, eslamaymiz.
Erkak: Men qaytishni, eslashni istagan narsalar sen bilan bog’liq-ku?!
Ayol: Rahmat. Lekin shunday bo’lsa ham mayli, faqat eslamaylik.
Erkak: Eslaylik, bu menga kerak…
Ayol: Es-la-may-miz... Yaxshisi, kelajak haqida o’ylaymiz.
Erkak: Ishonasanmi, ishonmaysnami, bilmayman-u.... ammo men tasavvurlarga berilib ketishdan hadiksirayman.
Ayol: Iye... menda tamoman aksi bo’lyapti... Oxir-oqibat ichimda qish, qor, yangi yil bayrami bilan bog’liq sog’inishlarning tag’in uyg’onayotganidan xursandman....
Erkak: Men o’z tasavvurlarimdan ko’p bora aldangan bo’lsam kerak.
Ayol: (uning gapiga e’tibor bermagan holda) Anavi chiroqlarning ko’pligini qara... Shu chiroqlar uchun ham bayramlarni kutishim mumkin.
Erkak: Qoyil! Men... hatto o’n baravar ko’p bo’lganidayam e’tibor bermagan bo’lardim.
Ayol: Kimlarga aylanyapmiz... kimlarga?
Erkak: Seni endigina tushuna boshladim bilan sen yana mendan uzoqlashib ketasan, seni yo’qotib qo’yaveraman…
Ayol: Seni ilk bor o’zim uchun ahamiyatli odam ekanligingni sezganim hamon sendan qochishga harakat qilganman. O’shandan buyon bir botiniy istak tinchlik bermasdi… Sen bilan xayolan gaplashganimda tinmay takrorlardim: “Bir kuni baxtli bo’lsang edi, yig’lasam edi…”… “Bir kuni baxtli bo’lsa edi, yig’lasam edi…”… “Bir kuni baxtli bo’lsa edi, yig’lasam edi…”
(musiqa, kafe shovqini)
Erkak: Nimaga yoningda emasman? Nimaga yonimda emassan axir?..
Ayol: Sen… sen ichimdan to’lib-toshib kelayotgan gaplarni aytishga majbur qilyapsan, o’zimni to’xtatolmay qolyapman… Bunga imkoniyat berma, iltimos.
Erkak: Lekin hammasini sog’ingandim, hammasi kerak edi.
Ayol: Ba’zan erkalik qilgim keladi meni sevadiganlar oldida, ba’zan xo’rlaydilar meni sevadigan odamlar…
Erkak: O’zingni qiynayapsan.
Ayol: Men yo’qotishlarga o’rganib borayotganimdan qo’rqaman…
Erkak: Endi meni tushunayotgandirsan?
Ayol: Kech abizniki bo’lgan narsalar, joylarning o’zgarganini qara… hatto anavi binoning qadimgi g’ishtlarini ko’rolmaysan. Hammasini yaltiroq narsalar bilan yopib tashlashgan…
Erkak: O’zingni qiynayapsan, axir!
Ayol: Ularga nisbatan begona bo’la boshlaganingni tan olsang… og’ir.
Erkak: Balki unchalikmasdir… Hamma narsaga o’rgansa bo’ladi-ku…
Ayol: Ayt-chi, hozir nimaga yonimdasan?
Erkak: Bu uchrashuv ko’proq mengakerak.
Ayol: Ayt-chi, ko’zlarim o’zgarganmi?
Erkak: Sen o’zgarmaysan…
Ayol: Rahmat. Lekin sen o’zgarishimni istarding.
Erkak: Men…
Ayol: Iltimos, ko’p o’ylama!
Erkak: Sen hamisha o’ylab ko’rishga imkon bermaysan…
Ayol: Ha, lekin… ayt-chi! Menga o’zimniki bo’lgan narsalarni qaytib bera olasanmi? Hammasini avvalgi holatda qaytara olasanmi?
(musiqa)
Erkak: Nimaga yonimdamassan?..
Ayol: Yo’q, qaytarolmaysan…
Erkak: Nimaga mendan uzoqlashib ketgansan?
Ayol: Gaplarimga e’tibor berma… Lekin meni tinglab turibsan – shuning o’zi yetadi. Senga ko’p narsani ochib tashladim… qolgani mumkin emas…
Erkak: O’tinaman, mendan uzoqlashib ketma.
Ayol: Aslida… aslida seni asrab qolish uchun… ketganman. Bu aytmasligim kerak bo’lgan sir edi. Seni o’zim uchun asrab qolish uchun ketganman…
(kafe, shovqin, musiqa)
„Xayr. Men bu so’zni bir kuni oldingga salom deb qaytish uchun aytaman.
Ammo o’shanda meni qanday qarshi olasan – hammasi shunga bog’liq...“
----------------------------------------------------------------------------
Odamlar salomlashadilar va xayrlashadilar...
Bir-birlarini asrab qolish uchun...
Bir kuni yana bir-birlariga qaytish uchun...
Odamlar salomlashadilar va xayrlashadilar...
Erkak: „Olislarda yongan chiroqlar ham hayot belgisiga aylangan. Bu chiroqlarning egalari bor... Nimagadir, olisdagi narsalarni his qilsam yuragim orziqadi. Olislardagilarga yetolmaslik ham beqiyos taskin. Ro’paramda esa... uning chirog’i yonib turibdi. Unga juda yaqinman, ammo uni uzoqlarda, qo’l yetmas joylarda tasavvur qilaman. Mana shu tasavvur bilan uni avaylash mumkin...“
Ayol: „Bugun ham urinib ko’rdim... Urinishlar bilan kechgan kun yakunida ko’nglimda g’alayon. Ha, tasavvurlarni yengish kerak, tezroq yengish kerak, yo’qsa, charchab qolaman!.. Lekin bir narsani bilyapmanki, odam kimningdir cvhinakam muhabbatiga sazovor bo’lishni hohlaydi, e’tiborga intiq bo’ladi... Xudbinlarcha rohatlanadi boshqa birovning muhabbatidan... Uning chirog’i esa yoniq turibdi, u doim kech uxlaydi. Qiziq, endi har kuni uning uyidagi yorug’likni ko’rib, o’zimni xotirjam qilishga odatlanyapman. Qachongacha shunday?! Qachongacha?! Bu bir oz qo’rqinchli...“
Erkak: „Kunlar o’tyapti. Shunchalik oson ularni o’tkazish... Men kunlar ustidan kulyapman, kunlar esa meni haqoratlayveradi... Men bu qismatga iqror bo’lishni chora deb qabul qilishim kerakmi? Tashqaridagi kuzni ham, uning odamlarini ham sog’inish qiyin, sog’inish judayam qiyin. Ko’plar tuyg’ulardan qo’rqadi... Yaxshiyam, uning chirog’i ko’rinib turgan derazasi bor. Uning ortida men hali nafasini tuymagan ayolning ko’zlari bor. U qaysi xonadonda yashaydi? Bu haqda bilishga shoshilmayapman negadir... Ne-ga-dir... Eng asosiysi, u hozir uyda...“
Ayol: „Meni seving, mendan nafratlaning – boshqasiga ruxsat bermayman...“ Ha, ha... Boshqasiga ruxsat bermaslik kerak. Tanlash kerak, to’g’ri tanlash va qaytmaslik kerak... Axir, qachon yomg’ir yog’adi?.. Lekin bir kuni yomg’ir yog’adi. Yomg’ir meni chinakamiga yig’latadi... Bu haqda o’ylash maroqli, qaysidir o’ylaring bilan baxtli bo’lishing ham mumkin ekan. Mana masalan, u ham hozir yop-yorug’ uyida nimalar haqidadir o’ylab o’tiribdi. Aytmoqchi, u bilan uchrashib qolsam nima qilaman?..“
Erkak: „...Men ko’nmoqchi emasdim, ko’rmoqchi edim. Ko’niksam... Hozir bu gaplar behuda baribir... Tasavvurlar, allaqanday ilinjlar meni allaqachon yengib bo’lgan. Hammasini o’zgartira olish uchun esa... Buning yo’lini bilmayman. Ammo hozir... unutish va qaytmaslik. Unutish va qaytmaslik! U kim? Uning ko’zlari chiroyli bo’lsa kerak. Albatta, chiroyli...“
Ayol: „Men sizdan hech nimani so’ramayman, ammo mendan hech nimani qizg’anmang.“ Mening injiq ko’nglim... „Menga hech narsa kerak emas. Menga hamma narsa kerak!..“ Xo’sh, endi kimdir yonimda qoladimi? U-chi? U qalbimni ko’tara olarmidi?.. Yana tentaklik qilyapman-a?..“
Erkak: „Zeriksang yomon... Ayniqsa, o’zingdan zerika boshlashlarini his qilsang, qo’rqinchli. Shundan ham yashash qiyin bo’lsa kerak...
„...Kafechalar, nochor kulgular,
Tramvaylar shovqini aro –
Va’da etib menga yog’dular,
Yuragimda sen bo’lding paydo...“
Yuragimda sen bo’l-ding pay-do... Ko’zim tushgan she’rni qara! Nahotki, bu... mahkumlik bo’lsa! Nega bugun uning chirog’i o’chiq? Nahotki yonmasa?! Nahotki, u ham zerikdi?! Men... kutolmay qoldim, men...“
Ayol: „Odamlar, mashinalar... Qaysidir daqiqalarda ularni esdan chiqarib yuborish va hech kim senga daxl qilolmasligidan baxtiyor bo’lish mumkin. Senga ta’na va yolg’on bilan boqayotganlarni unutish ham qalbingda muhim nimanidir uyg’otadi... Aytmoqchi, vaqt... U uxlab qolmadimikin?... Nimagadir, chirog’i o’chiq. Yo adashdimmi?.. Bir, ikki, uch, to’rt, besh... Yo’q, chindanam uning chirog’i yonmagan... Men bilmadim... bilmadim...“
Erkak: Assalomu alaykum... Siz anavi uyning 7-qavatida yashaysizmi?
Ayol: A... Menmi... Ha...
Erkak: Xayriyat...
Ayol: Siz... bu uyning 8-qavatida yashaysizmi?..
Erkak: Ha... Xayriyat...
Odamlar salomlashadilar va xayrlashadilar...
Bir-birlarini asrab qolish uchun...
Bir kuni yana bir-birlariga qaytish uchun...
----------------------------------------------------------------------------
"Xayr. Men bu so'zni bir kuni oldingga salom deb qaytish uchun aytaman.
Ammo o'shanda meni qanday qarshi olsan - hammasi shunga bog'liq..."
-...hammasi odatdagidan biroz boshqacharoq. Yo'q! Odatdagiday.
- Qachon odatdagidan o'zgaradi?
- Esimni taniganimdan buyon qayergadir shoshaman. Har kuni yana nimadir paydo bo'ladi.
- Nega unda odatdagiday deysiz?
- Bu odatdagiday bo'lmay nima... men ham qo'nim topishni, meni ham to'xtatib qolishlarini, keraksan, deb, qo'limdan tutishlarini hohlayman! Har holda, alam qiladi...
-...bilaman! Bilaman, barcha gaplaringiz tagida menga ta'na yotibdi. O'zingiz-ku... O'zingiz-ku, qo'llarimdan ushlab, ko'zlarimga boqib... tap tortmasdan KET, degan. Men nima qilishim kerak edi. Sizni to'xtatib qolish uchun jur'atni qayrdan topardim?! Siz menga ko'p narsalar berdingiz, lekin... jur'atimni tortib oldingiz. Yan amenga ta'na qilasiz. Men ham odamman... yana ayol kishiman!..
- Seni ayblamadim, shekilli?!
- Xatoingiz ham shunda, hech kimni ayblashni bilmaysiz.
- Men har doim nuqsonni o'zimdan qidiraman.
- Topdingizmi?
- Topmasam, bugun yoningda turmasdim...
- Mening bunga nima daxlim bor?
- Sen mening eng katta xatoimsan. Bu xatoni... hech qachon tuzata olmayman. Balki, tuzatishni hohlamasman ham.
- Unday demang... hammasini unutganman. To'g'rirog'i, unutyapman!..
- Unutolmaysan. Unutishingni hohlamayman ham. Yomon xotiralar bilan bo'lsa ham, bitta odamning sen haqingda o'ylayotganini bilishning o'z gashti bor. Meni unutma... meni kechirma... meni tushun!..
- Anhor bo'yidagi qurigan majnuntol yodingizdami?!
- U qurimagan edi. Nega har doim qurigan deyaverasan... yoki... qurishini hohlaganmiding?
- Hohlasam-hohlamasam, qurib bo'ldi.
- Qurigani yo'q, dedim!.. Yaxshi niyat qilmagansan boshidan. Niyatni to'g'ri qilish kerak.
- Agar bilsangiz, har kuni yaratgandan siz ham meni sevib qolishingizni, xuddi mendek kuyib-yonishingizni o'tinib-o'tinib so'rardim. "Tog'day so'rasang, tepaday beraman“, deganlari rost ekan. Yaratgandan meni sevib qolishingizni so’rabman-u, birga bo’lishimizni, baxtni so’ramabman...
- Baxt haqida gapirma. Baxtni tinch qo’y! Undan ranjishga ozgina bo'lsa-da, haqqimiz bormi?! Men... to'g'rirog'i biz, baxtni osmondan qidirdik. Qarshimizda, yonginamizda ko'zlarimizga boqib turgan BAXT ekanini kech angladik. Endi anglayapmiz...
- Nega qaytishni, yana uning ko'zlariga qarashni hohlamaymiz? Baxtning, demoqchiman.
- Men endi baxt bo'lolmayman!..
- Unda nega gaplashib o'tiribmiz, nima keragi bor bularning hammasini?!
- Yana yashash uchun. Yan aozroq yurish uchun. To'xtamaslik uchun.
- Bunday "yurishdan" kimga naf?..
- Pessimist bo'lib qolibsan. Yashashni o'rganish kerak. Kecha o'qib qoldim. Bitta odam bir stakan suv qolganini ko'rib, "Ey Xudo, endi nima qilaman, qanday yashayman, suv tugab qolibdi-ku" desa, ikkinchisi "Ey Xudo! O'zingga shukur, hali ham bir stakan suvim bor ekan-ku" degan ekan.
- Balki... Biroq, men boshqa narsadan qo'rqaman.
- Nimadan?
- Alpinistlar cho'qqiga chiqishayotganda qoziqni mustahkam qoqishmasa, qaytishayotganda pand berib qo'yishi mumkin ekan. Men bugunimdan qo'rqmayman. Qaytish yo'limizda, qilgan xatolarimiz bizni qarshi olishidan, to'xtab qolishga majbur qilishidan qo'rqaman.
- Qaysi "qaytish yo'li" haqida gapiryapsan?
- Orzudagi manzilga yetmay qaytish yo'lini.
- Bu haqda avval ham gaplashganmiz-ku?
- Avval gaplashmaganmizda!.. Manzilga yetib, keyin qaytish haqida gaplashganmiz. Orzuga yetib, keyin qaytayotganimizda qoziq pand bersa alam qilmasdi. Tushunsangiz-chi, biz hozir yarim yo'ldan qaytyapmiz!!!
- ...
- Qayerda xato qildik?
- Xatonimi?.. Xato birinchi kundan boshlangan. "Hammasini men qilaman. Buni uddalay olaman. Uni rom qilishga qurbim yetadi. U albatta meniki bo'lishi kerak. Men axir kimmanki...". Nimaga anglamadim, bu xayollar muhabbatni siqib chiqarganini, uni haydaganini, hohishlar ikkimizni qurbon qilishini... Nimaga boshim sajdaga bormadi? Nega sadoqatni o'sha yerdan qidirmadim? Nega?!.. Men kimmanki!..
"Xayr. Men bu so'zni bir kuni oldingga salom deb qaytish uchun aytaman.
Ammo o'shanda meni qanday qarshi olsan - hammasi shunga bog'liq..."
© "Jannatmakon" jurnalidan olindi...
|
|