Birodarlar, ana endi Elbek baxshi Asqar tog'ining boshida o'tiribdi. Atrofga qarayapti: bir tomon Sayxun, bir tomon Jayxun, bir taraf ko'l, bir taraf cho'l. Ana Samarqandu Buxoro, undan nari Xorazm, shundoq to'g'rida Surxoni azim... Baxshining dili to'liqib, ichida doston to'kilib kelayapti. Tilida qo'shiqlar tuzilayapti, qo'li do'mbiraga cho'zilayapti... Shu alfozda ko'zlari suzilib, ko'ngli buzilib turgan edi. "Hormang, baxshi bobo", degan tovush qulog'iga urildi. Baxshi burilib qarasa, Oqbotir bilan Qorabotir otlarini yetaklab, daradan chiqib kelishyapti. "Endi bir qo'shiq aytib berasiz", deb kulib kelishyapti. "Nimadan aytayin?", -deb so'radi Elbek baxshi ovozi titranib. "Bo'lar elning farzandi qanday bo'ladi-yu, sho'rlik elning farzandi qanday bo'ladi - shundan ayting", - deyishdi botirlar. O'zi qo'shiq ham baxshining yuragidan o'rlab, bo'g'ziga yetgan edi - do'mbirasini oldi-da, aytib yubordi:
Usmon Azim