Shavkat Rahmon ijodidan
Shoir haqida

Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tig'lar suroni,
urhoga o'rgangan tillarda oyat
Turkiylar tanida komil xudoni.
Qilichlar zangladi....
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do'stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.
Ilvasin yigitlar, bobur yigitlar
sajdaga bosh qo'ydi, yovga ters qarab,
g'ullarni kemirib yig'ladi itlar
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab...
Turkda bosh qolmadi...
qolmadi dovlar.
xotin-xalaj qoldi motam ko'tarib,
"bizga tik qarama" buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.
Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zeru-zabari,
ters qarab o'ling deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.
Lahadga kirdilar o'zlarin qarg'ab
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari,
Tug'ingiz dedi yov teskari qarab
yovlarga teskari tug'ildi bari
Tug'ildi,
tug'ildi,
tug'ildi qullar,
qirqida qirilgan, imdodga muhtoj
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.
Jo'mardlar qirilgan Turonzaminda
do'zaxiy tajriba pallasin ko'rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
Qay birida to'ng'iz kallasin ko'rdim.
Bu holdan buvaklar bo'g'ilib o'lar
Qul Bilol ezilib yig'lar falakda...
O'zlarin yondirar borliqdan to'ygan
Badaxshon la'liday asil malaklar.
Mo'minlar besh bora Ollohni eslar
sajdaga bosh qo'yib jallod toshiga
O'grilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.
Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi gul bag'ringda jo'mard nolalar,
bormi bul tufroqda o'zligin izlab
osmonu-falakka yetgan bolalar.
Bor bo'lsa,
Alarga etkarib qo'ying,
bir boshga bir o'lim demagan ERmas
shahidlar o'lmaydi, bir qarab tuying:
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
YOVGA TERS QARAGAN MUSULMON EMAS!!!!!!
Yuqoriga qaytish

Hammamiz quyoshda kuygan jizzamiz,
qachon tiz cho'kuvdik,
hamon izzamiz,
sirqirab og'riydi shishgan tizzamiz,
o'rindan ozgina tursak maylimu???
O'tganlar bari bek,
qolgan javdirar,
gardinda ko'rinmas g'ullar shaldirar,
mehnatdan yorilgan qo'llar qaltirar,
o'z bekim yerida yursam maylimu???
Nasimlar gullamish ozod tog'larda,
ozodlik mujdasi so'lu-sog'larda,
bobolar qiynalib tikkan bog'larda
ag'anab bir xayol sursak maylimu???
Necha ming alloma jo'mardlar o'lgan,
tafakkur sasigan,
ruhlari so'lgan,
urug'lar aynigan tap-taqir cho'lda
o'z bekim davlatin qursak maylimu???
Yuz ellik yildirki, mana shu holat,
hanuz davom etar makkor tijorat,
bilmadim, qaerdan ushbu jaholat,
nega siz bo'lmaysiz sira xijolat?
Nega men so'rayman sizdan ijozat?!
Yuqoriga qaytish

Muhabbat chiroyli kapalak,
qo'rqaman sho'rlikni tutgali.
Kapalak quvganim yodimda,
yodimda yo'q ammo tutganim.
Yuragim ranjigan boladay
na ermak,taskinga ko'nadi.
Muhabbat chiroyli kapalak,
hali ham gullarga qo'nadi.
Ortidan halloslab chopaman,
xijolat bo'laman g'o'rlikdan...
Qanchalik yugirmay,baribir
orqada qolardim sho'rlikdan...
Yuqoriga qaytish

Bir odam izladim...
izladim g`arib,
jufti yo`q burgutday xunuk qishladim.
Kezdim armon to`la bir jom qidirib,
malaklar yig`ladi,
itlar tishladi...
Umring uzoq bo`lsin,
ey daryojonim,
husningga hirs bilan nazar solmadim.
Zanjirlar tovshiga to`lganda yodim
o`zingdan o`zga bir dildor qolmadi.
Qolmadi bir ilinj,
ishonch qolmadi,
vahshiy daholarning makri bilindi.
It bazmi qizigan oysiz shomlardan
qizg`onib opqochdim daryo dilimni.
Bu chirkin og`izlar...
singan kallalar...
ig`vodan, bo`htondan osilgan tillar...
hirslar lashkarlari bosgan pallada
shohlarin bo`g`izlab tishlagan dillar.
Bu quyosh xo`rlangan...
bu oy zo`rlangan...
zarlari talangan bu sodda jabal.
Qon, aroq, peshobni emib to`ralgan
buvaklar bo`kirib yig`lagan mahal
yo xudo dedimu
nurlar o`ynagan
peshonam ilk bora tuproqqa tegdi,
yo xudo dedimu
erkin gullagan
daryodil samoga dilimni berdim.
Umring uzoq bo`lsin,
ey, daryojonim,
kechalar qa'rida bir gul yig`ladi,
yuzimga sachradi bir bulbul qoni.
ko`nglimga bu dunyo
nechuk sig`madi?!
Nechuk bag`ringdaman,
kimning ishqida?
Nechuk yolvoraman umringni tilab?
Ulkan jasadimni toshlar ichida
yuvarsan eng nozik qo`llaring bilan.
Aytgil, ey darojon,
bormidi zulm?
Tog`lar silsilasin buzvordi nola:
"Gullarning bargini emagan, gulim,
bulbullar qonini ichmagan, bolam".
Yuqoriga qaytish

Nahot, sherlar aytdim
bo`shliqqa qarab,
nahotki, sovrildi olov so`zlarim,
nahotki haq bo`lsa, el-u yurt asli,
quruq so`zlar degan gumroh do`stlarim?!
Nahot, bekor o`tdi
gulday umrimning
ming yilga tatirlik oltin choqlari,
nahot biror ruhni uyg`otolmadi
shoir yuragimning qaldiroqlari?!
Nahotki, birorta dilga yetolmay,
behuda sarflanib qancha kuch-chidam,
kelib ketaverar yorug` dunyoga,
kelib ketaverar menday kuychilar?!
Menga minbar emas,
unvonlar emas,
latta chechaklaru
ehsonlar emas,
olov bir sahroni,
yurtim xayoli
nurga gurkiragan sahro bering, bas.
Erku muhabbatning muxtor elchisi
yotmasman tuproqqa do`nib, tinchlanib,
jasadim tirikdir yorug` dunyoda,
oyning sinig`iday chaqnar sinchlarim.
Agar yetti qavat yerning qarida
yotsam-da larzaga solib havoni,
elimning yuragin
topar baribir
jismimni kuydirib uchgan ovozim.
Yuqoriga qaytish

Kuylolmadim,
yaqroqlar kabi,
quruq shoxday titrar ovozim
so`lib qoldi bahorim tag`in,
suvga cho`kdi yana bir yozim.
Kuzak keldi
bag`rimni dog`lab;
qo`lin cho`zdi giyohga, gulga,
sayradilar so`ng bora, bog`lar
to`lib qoldi o`lik bulbulga...
Qorlar yog`di,
og`ridi jonim,
uxlayotgan bog`lar poyida
kuylolmasdim, undan yomoni
yashil edim qantar oyida...
Yuqoriga qaytish

Qarsak nima o`zi?
Ikkita kaftning
orasidan potrab chiqadigan sas,
xohlasam chalaman, xohlamasam yo`q,
qarsak menikidir, sizniki emas.
Qarsaklar hozircha qo`ltiqlarimda
mitti mushuklarday mudraydi taftdan.
Axir, o`zbekning bir o`jar shoiri
qarsak chalarmidi bema'ni gapga.
Vijdonsiz shoirlar ko`paygan juda,
yurakni so`z bilan yondirguvchi kam,
xalqimas,
shuhratni o`ylab so`ylagan
ahmoqqa bermayman qarsagimni ham.
Qarsak nima o`zi?
Arzimagan gap,
kerak bo`lsa topilar qoplab,
Titroqqa to`ldirib osmon gumbazin,
qarsaklar chalishni bilaman boplab.
G`irromlik qilmasa notiq agarda,
yolg`on she'r aytishdan qaytsaydi shoir,
miltiq o`qlariday gumbirgum qilib
havodan qarsaklar yasardim doim.
O`jar shoirlikni tashlab o`shal payt,
epchil bir yugurdak kabi zamonda
qarsak chaladigan xizmatchi bo`lib,
ishga kirar edim O`zbekistonga.
Yuqoriga qaytish

Go`zallik, poklikdan uyalib,
qisilib, qimtinib turasan,
qop-qora devorga suyanib,
yop-yorug` xayollar surasan.
Iloham, tong kabi yuzingga
hirslanib, hezlanib boqarlar,
ko`zlarin qoqarlar ko`zingga,
qalbingni azoblab yoqarlar.
Yiqilma, o`zingni ushlagin,
otsinlar jaholat toshini,
labingni qattiqroq tishlagin,
ko`rsatma ko`zlaring yoshini.
Yuqoriga qaytish

Kel, yashirib qo`yayin seni
yurakning eng chuqur yeriga.
Keyin sen ham yashirgin meni
yurakning eng chuqur yeriga.
Topolmasin bizlarni birov!
Yuqoriga qaytish

Men, shubhasiz, parchalanaman,
shunday tugar buyuk xizmatim.
Kimga, ko`zim, kimga peshonam,
kimga tegar qiziq qismatim.
G`alayonga to`la vujuddan
oxir dunyo bo`ladir xalos.
Yer ostiga kirib ketarman
barcha mo`min bandalarga xos...
Biroq yerda mangu yashaydir
ko`hna yuzim, o`ychan ko`zlarim,
demak, o`lmas bu dunyoda hech
xudo bergan ezgu so`zlarim.
Ular yangrab tinmay aylanar
razolatning tevaragida.
Men-chi, mangu kulib yotarman
quloq solib yerning tagida.
Yuqoriga qaytish

Jangda o`lgan emas
biror bahodir,
bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
toshday uxlaganda to`shlarin ochib
yo zahar qo`shilgan ziyofatlardan.
Biror asotirda
bahodirlarni
hattoki yuzboshli ajdar yemagan,
ming bir sinoatli yalmog`izlar ham,
tog`larni o`ynagan, devlar yengmagan.
Bari halok bo`lgan xiyonatlardan,
bariga orqadan sanchilar xanjar.
Shunday bo`lib kelgan azalu azal
mana shu jafokash,
ko`hna Vatanda,
Har gal bahodirlar yiqilar ekan
kurakka sanchilgan nomard tig`idan,
qayta tirilganda bo`lardi nogoh
har bir bolakayning qorachig`ida.
ishongil,
hech qachon seni aldamas
sofdil elatlarning asotirlari,
birorta bahodir o`lganmas jangda,
qo`rqoqlar o`ldirgan bahodirlarni.
Yuqoriga qaytish

Endi jim turasiz,
sira iloj yo`q
dunyo o`zgarmadi siz aytgan so`zdan,
siz qurgan qasrlar vayrona bo`ldi,
alaflarga to`ldi siz oqqan o`zan.
Endi jim turasiz,
og`ir, bilaman,
ammo har kimsaga taqdir nasibdir,
bilmoqchi bo`lsangiz agar, shoirlik
jasorat so`zining tarjimasidir.
Endi jim turasiz,
eshiting elni,
el aslo demaydi, zog`lar kuylasin,
endi kengliklarda haq so`ramasdan,
yerni bezab yotgan bog`lar kuylasin.
Kuylasin,
keldi-da kuylamoq gali,
kuylasin mangulik qo`shiqlarini,
buzsin-da siz kabi aqli qisqalar
xatarsirab turgan to`siqlarini.
Ana... quloq soling...
eshityapsizmi,
kuylar shoir shamol, kuylar shoir qor,
shoir qorong`ilik, shoir tog`larda
shoir daryolarning shovillashi bor.
Yuqoriga qaytish

Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
tog`larimni chaqiring,
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon
tanam qimir etmaydi,
ko`zimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
peshonamning sho`ridan
bino bo`lgan bu daryo...
osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
tanam qimir etmaydi,
boring, qorli tog`larga:
bir shoir yotibdi deng,
Xudoning hovlisida...
Osmon to`la havolar
faqat menga yetmaydi...
Yuqoriga qaytish

Hali biror ishni uddalamadim,
hali hech kimsani qilmadim rozi,
behuda o`tibdi go`zal umrimning
qanchalab chiroyli bahori, yozi.
Farog`at borligin unutib qo`ydim,
bag`rimga chaqinlar tegdi daf'atan,
Sendan-da ulug`roq narsa yo`qligin
sochim oqarganda angladim, Vatan!
Buncha kech angladim,
nega muncha kech...
anglasam loaqal o`ttiz yil avval,
loaqal tug`ilmay turib anglasam...
Ko`rgan bo`larmidim seni mukammal.
Hali asl Vatan bo`lmog`ing uchun
ovozi toshlarni yorar kuychilar,
qanchalab sehrgar shoirlar kerak,
qancha bilim kerak,
qancha kuch-chidam.
Umrim ko`chkilarday jimjit, shiddatli,
butkul tinmoq uchun bir kun bemalol
faqat yaxshi bo`lmoq judayam kamdir,
juda kamlik qilar yashamoq halol.
Naqadar kechikib angladim seni,
chaqinlar yo`q qilsa meni daf'atan,
ayt, qandoq chidayman bunday xo`rlikka,
ayt, qandoq yotaman qa'ringda, Vatan!
Yuqoriga qaytish

Shavkat Rahmon degan
bir o`jar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?
Hayotim ma'nisin juda ko`p o`ylab,
sayladim so`zlarning
saralarini.
Har bir so`z
yuz so`zning o`rnini bosar
Vatan, Xalq, Jasorat, Kurash, Ozodlik.
Har bir so`z yetajak yuzta umrimga,
har biri baxy etar
ruhimga shodlik.
Hozirlik ko`rarkan buyuk safarga,
pushtirang pardali minglab darchadan
mo`ralab o`tirgan go`zal so`zlarni,
qoldirib ketaman endi barchaga.
Aslida atirgul bo`yin taratgan
bu o`ynoqi so`zlar menikimasdir.
Menga nonday zarur, qilichday keskir,
zaharday mard so`zlar bo`lsayoq basdir.
Sayladim so`zlarning saralarini,
kurashlar shamoli kirdi nazmimga.
Yurtimni kezaman,
endi har narsa
egilgan narsalar tegar g`ashimga.
Endi ishlash kerak bu kengliklarda,
tokim so`ylamasin yolg`onni hech kim,
tokim buyuk tog`lar saltanatida
egilgan boshlarni
qilichlar kessin.
Yuqoriga qaytish

Umr qumsoat ham
yarimlab qoldi,
ko'nglim to'lgani yo'q bilganlarimdan.
Yodimni og'ritar kechirganlarim,
ko'pdir qilmaganim qilganlarimdan.
Kechalar tobora oydinlashadi,
ko'zingda quyoshning chechagi so'lmas,
yashaging keladi,
faqat umrni
qumsoat singari to'nkarib bo'lmas.
Go'zallar yodimdan o'chdilar bir-bir,
do'stlarim bag'rimdan ko'chdilar bir-bir,
yillarim uzilib tushdilar bir-bir,
faqat bu ko'ngilni
to'ldirib bo'lmas.
Kun keldi,
ohlaring uchadigan kun,
yuraging olamga sig'maydigan kun,
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig'laydigan kun.
Kimni baxtli qildim,
kimni umidvor,
kimlarga ko'nglimni yorib so'yladim.
Qo'limni berdimmi moziy qa'ridan
cho'zilgan sanoqsiz ojiz qo'llarga?!
Quyosh daldasida egilganlarning
yengilroq qildimmi og'irligini?
Aytdimmi kimlarning asl do'stligin,
kimlarning haqiqiy yog'iyligini?!
Kun keldi,
boshingni egadigan kun,
hattoki o'zgalar gunohi uchun
yuzingni bosgancha yerning yuziga,
silkinib-silkinib yig'laydigan kun.
Mendan nima qolur,
abadiy nurlar
barq urib yashnagan dunyo tomonda?
Urinib-surinib, sira to'lmagan
bir ko'ngil qoladi
qolsa ham mendan.
Yuqoriga qaytish

Dunyoga sig'madim,
sig'madi dunyo
g'urbatdan toraygan tabiatimga,
qop-qora chechakday sochilmish hulyo
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.
Mayliga,
chechaklar qop-qora bo'lsin,
yiqitsa shu yo'lda yiqitsin taqdir,
qurtlagan istaklar shu'lasi so'lsin,
xudoyim siylagan hurligim yaxshi.
Bichilgan qullarning,
qulzodalarning
malak siymolarin o'ynatgan dunyo,
yaralgan lahzadan hur odamlarni
iblislar tilida so'ylatgan dunyo.
Chiroyli ermaklar mahzanidir ul,
mag'izi qayg'udan,
po'stlog'i zardan,
sarg'arar ochilmay turib qizil gul,
tuprog'i jimgina qusgan zahardan.
Chayqalar jaholat og'ochlarida
necha ming Mashrabu
Mansuri Halloj...
hamon yuksaladi yo'l boshlarida
odamzot qoniga to'ymagan jallod.
Tokay bu iblislik,
tokay bu yolg'on,
tokay tig' ko'tarar qora guruhlar,
tokay bijg'ib yotar g'arib olamon
ichiga tiriklay ko'milgan ruhlar.
Zulfiqor ruh kerak,
kerak chin yog'du,
chin ishq yolqinlari bag'rimga to'lsin,
jismimni toblasin faqat chin og'riq,
chechaklar qop-qora bo'lsa-da bo'lsin.
Bag'rikeng xudoyim
kechirib qo'yar,
yiqilsam yetmay ul haqiqatimga,
ko'milsam, ko'milay o'limi go'zal
jo'mardlar ko'milgan tariqatimga.
Yuqoriga qaytish

So'zlarni qayraylik,
obdon toblaylik,
idrok-la sovutib tag'in qayraylik,
O'zbekning qorako'z bolalariga
bitta dunyo qolsin hayratlik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
eshilgan po'latday daryolar qolsin,
Chaqilmas toshlarday bir tog'lar qolsin,
musaffo xayollar,
samolar qolsin.
So'zlarni qayraylik,
do'stlar, jo'ralar,
g'aflat to'shagida yotmay, shoshaylik:
yashamoq, kurashmoq, o'lmoq sirlarin
bolakaylar uchun ochaylik.
Bitta dunyo qolsin mustahkam,
unga posbon bo'lsin o'tkir she'rimiz,
tokim bu daryolar bemalol oqsin,
bolalarga qolsin jannat yerimiz.
So'zlarni qayraylik,
tag'in qayraylik,
toki keskir bo'lsin bamisli olmos.
O'tkir so'z qolmasa shoirlaridan,
o'tkir so'z qolmasa...
hech narsa qolmas.
Yuqoriga qaytish

Qirg'in keldi
vabo kelganday,
murdalar ham turdi go'rida
ko'piklangan qora sellarday
urchib ketdi qonxo'r bo'rilar.
Ochlik o'rgan turkiy o'lkada,
ofat chiqqan makonlarda ham
parchalangan zulmat ko'lkasi
paydo bo'lar edi daf'atan.
Kunlar
ochiq yaraday qonli,
tunlar
oydin xarobazorlar,
jasadlarga to'la tonglarni
sirqiratar faryodi borlar.
El qirildi turkiy o'lkada,
er qolmadi keldi ajali,
kim qoniga botdi yo'lkada,
kim g'ijildi namoz mahali.
Yillar o'tdi.
Go'yo hammani
chalg'itganday vaqtincha kulfat,
qonga tashna milyon sharpani
yashirganday qa'rida zulmat.
Ahli muslim,
endi ogoh bo'l,
qonxo'r gala hali tirikdir,
o'lar bo'lsang ozodlarday o'l,
qolar bo'lsang endi birikkin.
Tokim yovuz tumshug'in suqsa,
ajdodlarning aziz go'riga,
jim turmasin qo'y mijozli xalq,
bas kelolmay bitta bo'riga.
Ko'rsam deyman
qahru g'azabdan
go'rlarida tursin murdalar,
ruhi ozod bo'lsin azobda
gullarini suyib yurganlar.
Tokim
har bir muslim qabriga
hech yashirmay ko'zda yoshini,
avlodlar ham la'nat lavhimas,
qo'ysa deyman qabr toshini.
Yuqoriga qaytish

Surilar bu temir pardalar,
istibdodning tog'lari qular,
mog'or bosgan qora qa'rlardan
milyon ozod ruhlilar turar.
To'sib bo'lmas soxta vahiy-la,
yolg'on shior,
safsata bilan,
hur fikrni bosgan vahima,
dabdaba-yu as'asa bilan.
Qular qonda suzgan qasrlar,
Qulab bitar sangin saltanat,
so'qir bo'lar asriy nahsdan
bino bo'lgan yovuz shaytanat.
Kelar,
kelar buyuk mehrdan
kiftlar kiftga bosilajak kun,
g'amdan forig' jez kallalar ham
ko'kraklarga osilajak kun.
Porlar toshga do'ngan so'zlarim,
porlar mangu odamiy ruhim,
porlar Haqqa tashna ko'zlarim,
xudo bergan mangu anduhim,
yorug' anduhim...
Yuqoriga qaytish

Xazonga aylandi kunlarim...
Motamda turganday boqaman.
Fasllar to'qnashgan lahzada
xazonlar to'pini yoqaman.
Ko'zlarim achishar, bexosdan
yuragim, qo'llarim titraydi.
Alanga olmaydi kunlarim,
tutaydi, oh, muncha tutaydi.
Yuqoriga qaytish

Kecha o'g'ri bo'ldi,
bugun vahshiydir,
endi butun dunyo bilar bu haqda.
Qanday mo'min edi,
qanday yaxshiydi
anqayib jimgina terganda paxta.
Qayta qurish o'zi chiqdi qaydanam?
yuksak qal'alardan boqqan o'g'rilar
ulkan mamlakatning butun aybini
sodda o'zbeklarga qo'ydi to'g'rilab.
Shunda buyuk dengiz chayqalib ketdi,
maydonlarni bosdi bir yuvosh zulmat.
Shoirlar uyg'ota olmagan elni
uyg'otib yubordi malomat, tuhmat.
Kecha o'g'ri bo'ldi,
bugun vahshiydir,
bo'htonga ko'milib turar asabiy.
O'zin maydonlarga sig'dira olmas,
bolalar qoniga o'tar g'azabi.
Yaxshilik tugadi, yomonlik ham goh.
bo'lmasa ozgina qo'ysalar maqtab,
bugun ham sahardan qaro shomgacha
jimgina iljayib terardi paxta.
Yuqoriga qaytish

Yurtdan omad yuz burmish,
shoh saroyi sukutgoh.
Kecha-kunduz o'y surmish
adolatli, dono shoh.
Yurt to'libdi gadoyga,
el ahvoli og'irdir.
Shunday choqda saroyga
qasidalar yog'ilmish.
Bari to'la hamd-sanoi,
bari yolg'on, g'amzada.
Tinglayverib tasanno,
shoh bo'libdi darg'azab.
Vaziriga bermay sir,
bir kun kulib dono shoh,
buyuribdi, qani bil,
yurtda necha shoir bor.
Jarchilar ishlapti soz,
biror lahza olmay dam.
Yurtning barcha xushovoz
shoirlari bo'pti jam.
Vazir, ulug' shohim, der,
ta'zim qilib muloyim,
yurtingizda bor ekan
bir ming bir yuz bir shoir.
Vazirdan kulibdi shoh
ham tag'in jahli kepti.
Shoirlarni hoziroq
zindonga tashla, depti.
Bir yil o'tib oradan,
shoh so'rapti vazirdan,
bilgin, baxtiqoralar
she'r yozarmi hali ham.
Vazir zindon aylanib,
shohga bir so'z aytibdi,
mingta shoir, naylayin,
she'r yozishdan qaytibdi.
Qolganlari sham tutib,
kezib xuddi bemorday,
bor olamni unutib,
yozmish hatto devorga.
Shoh kulibdi miyiqda:
ming shoirni ozod qil,
qolganlarin siylagin,
ne istasa, bajo qil.
Ko'chir saroy bog'iga,
mayli, sinov bahona,
biror yil bu shoirlar
yashab ko'rsin shohona.
Yil o'tibdi,
dono shoh
debdi bir kun vazirga:
bahra olsak bugunoq
shoirlarning nazmidan.
Barcha shoir jam bo'pti,
davra hangu mang bo'pti,
yuzta po'rim shoirning
og'ir boshi xam bo'pti.
Turar faqat bir shoir,
turar shohga tik qarab,
bir taraf bo'pti dunyo,
shoir esa bir taraf.
She'r aytganda qilviri,
imonsizlar titrabdi.
El dardini bilmagan
vijdonsizlar titrabdi.
Qolmapti el armoni,
sho'rishlardan aytibdi.
Zumda haqsiz dunyoni
bir aylanib qaytibdi.
Titrabdi dov ovozdan
saltanatning sadlari,
guldirabdi ravoqlar,
ko'payibdi darzlari...
Dudoqlardan uchar oh,
jimlik cho'kar qasrga.
G'olibona so'ylar shoh
o'sal bo'lgan vazirga:
bir paytlar shoshilib,
menga xato so'ylarding,
yig'sam barcha shoirni,
ishonar, deb o'ylading.
Ammo vazir
ko'p bekor
shoirlarning hisobi.
Yurtda bitta shoir bor
mana, senga isboti:
mingta shoir shunchaki
she'r yozardi ermakka,
injiq qalbning kundalik
nafsiga dam bermakka.
Mana, zindon bahona
sinab ko'rdik kuchini,
bir yildayoq zindonda
ma'lum bo'ldi puchligi.
Yuzta shoir taqdirdan
alamzada she'r yozgan,
iste'dodni tahqirlab,
izzat-obro' deb yozgan.
Berdim unvon, e'tibor,
tillo qildim toshlarin,
mana, bari bo'ldi xor,
quyi soldi boshlarin.
Biroq bitta shoir bor,
turlanmagay har joyda,
aslo o'zin qilmas xor,
zindonda ham saroyda.
Azaliy ishq, nafratdan
aytmoq unga joizdir.
Saltanatni g'aflatdan
ogoh qilgan shoirdir.
Demak, vazir, unutma,
bir umrga eslab qol,
bundan buyon bu yurtda
bir shoiru bir shoh bor.
Shundoq qilib xayolga
berilar shoh nihoyat.
Xuddi mana shu joyda
tamom bo'lar rivoyat.
Xo'sh, shoir-chi, qayerda,
shoh yo mehr qo'ydimi?
Biron makr tayyorlab,
qarqiratib so'ydimi?
Keling, endi oh urib,
yarashar bir jilmaysak.
Ne qilaylik, oxirin
hanuzgacha bilmasak...
Yuqoriga qaytish

Bu osmon osmonmi,
temir pardami,
bu yog'du sinchlari tizizlgan dormi?
Munchalar egildi qora gardani...
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!
Bu zamon kimniki,
makon kimniki,
qatron-la yopilgan yo'llar kimniki?!
Anorday sochilgan qonlar kimniki,
bu qonli bilaklar,
qo'llar kimniki?!
Vahshat kechasida dillar to'kildi,
yuzming bag'ri vayron birdan o'kirdi,
jasadga yolg'ondan kafan to'qildi,
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!
Moviyrang ravoqli zindon arshidan
oyatlar marjoni uzilib ketdi,
tag'in qon sachragan tunning avjida
chirqirab yig'ladi bir to'da yetim.
Vaqtning sharpaday gung g'assollari
soylarning yo'llarin burib yubordi,
tarqadi tamug'ning shum dajjollari,
juvonmarg bo'lgurlar,
jo'marding bormi?!
G'aflatda kulganlar,
ko'ksin kerganlar,
yorlarin zulmatga qo'yib berganlar,
farishta buvaklar kulin terganlar
nomus dog'in yuvar mayxonalarda.
Mol-dunyo ishqida chandon o'lganlar,
ishratdan yuzlari salqib so'lganlar,
zanglagan kishanga mehr qo'yganlar,
dimog'in xushlaydi rayhonalardan.
Imonim deganlar,
Millat deganlar,
yovga ters qaragan illat deganlar,
o'zlikka xiyonat qilma deganlar
zor qaqshab yig'laydi vayronalarda.
Yig'lasin
so'ngaklar qisirlagan payt
dahshatdan sarg'aygan o't-o'lanlarday,
jon qushi baylangan issiq lablarda
lahzani muzlatgan go'yandalarday.
To'rt fasl qorishib o'tdi yorug'dan,
bag'rimni chayonlar chaqdi anduhim,
jo'mardlar deganim kechgan og'riqdan
darveshga aylandi zulfiqor ruhim.
Necha bor munojot qildim xudoga,
nechun sen munchalar yolg'iz yaratding,
dilimga baxsh etib toshday iroda,
ko'zimni bahaybat dardga qaratding.
Nechun o'zgalarning shandir xayoli
nastarin ochilgan,
sayrar qumrilar?!
Nechun yetimlarning o'tkir faryodi
shajarday chayqalur tasavvurimda?!
To'rt fasl
osilgan kulfat arshiga,
go'yoki mudhish bir manzilga keldim.
Kuygan kechalarning qaltis avjida
chirqirab yig'laydi bir to'da yetim.
Yuqoriga qaytish

Ulug'vor daranglar
davron soati,
soatin millarin unga to'g'rilar.
Qizl shinaklardan cho'chib boqadi
halokat shamolin sezgan o'g'rilar.
Bu shamol yomondir,
yillar qa'rida
ko'milgan milyonlab murdani ochar,
sochar jinoyatning milyon sirlarin,
la'natlar yog'ilar,
qarg'ishlar bosar.
"Siyosat qilinmas toza qo'l bilan,
kurashda har qanday usullar yaxshi.
Tag'in bir chidaydi avval o'q bilan,
Keyinroq do'q bilan olingan mashriq".
Shundoq boshlanuvdi kecha falokat,
siyosiy fitnalar guvohi xoliq,
sassiq bir jaladay bosdi malomat,
tag'in bir chidadi sho'rlik xaloyiq.
"Buhronga duch keldi iqtisodiyot,
taqchillik kuchaydi,
qadri yo'q pulning,
mablag'ni to'plagan ichki savdo bor,
suvning xlori ko'p,
hidi yo'q gulning.
Kalbasa yo'qoldi,
qoldik g'aflatda,
gurillab yonadi qipchoq dashtlari,
bostirib kelmoqda buyuk davlatga
marg'ilon do'ppilik Temur lashkari".
... Sho'rlik xaloyiqning yarmi qamalar,
kun sayin ko'pirar o'zbeklar ishi,
nomusdan yarmisi o'lar qamalda
boshga qon quyilib,
jigari shishib.
Fosh bo'lib qolganda qora jinoyat,
qizil shinaklardan boqqan o'g'rilar,
Tag'in bir nayrangni topib nihoyat
O'zbeklar boshiga qo'yar to'g'rilab.
Siyosat
o'zingga kelgan zarbani
o'zgaga burvormoq san'ati bo'lsa,
qulday xalq boshiga tushgan g'alvani
qaysi bir yoviga burvorsin, ko'rsat!
Yovlik yovlik chorlar
qahat qahatni,
hattoki bolalar davlatni so'kar,
o'zbeklar o'g'rilar otgan axlatni
oshirib-toshirib markazga to'kar.
Nachora ... uyg'onish...
g'aflat g'aflat-da,
zo'r kelsa manglayga kifoya bir o'q.
Ming afsus, yashaymiz shundoq davlatda
jinoyatlar ko'p-u, jinoyatchi yo'q.
Yuqoriga qaytish

Dushmanim ko'paydi,
hatto, o'liklar
bahorni sog'ingan qutlug' oylari,
xilvatda yig'ilib yurdi sho'rliklar
changalda bo'htonu ig'vo loylari.
Odamday yashasa bo'lar-ku yayrab,
ularni qiynardi g'alati bir dard,
birorta mardi yo'q ko'zingga qarab,
yuraging tagiga tig' uruvchi mard.
Bor aybim,
haqiqiy yovni ko'ra bil,
adolat toblasin dedim burdlarni,
Shayboniy lashkari sengari bedil,
o'zimga tashlandi millat qurtlari.
Bular obro'y izlar,
manfaat izlar,
ig'volar to'qiru kutar barakat,
yo'qsa bir shoirni tuhmatlar bilan
og'zini yopishga muncha harakat,
necha bor o'zimga
g'azabingdan kech,
pastkashlar arzimas dedim o'ylashga,
aslida, xudodan haqim bormi hech
birorta munosib dushman so'rashga.
Axir kimman o'zim,
mangulikka sal
agar qiyoslasak Shavkat Rahmon kim?
Kim deya borliqdan so'rayman har gal,
makon jim,
zamon jim, parvardigor jim.
Yuqoriga qaytish

Ayt, ey, xasta bulbulim,
O'shga qachon yetamiz?
Yashil bog'lar sarg'ardi,
Mag'iz bo'ldi g'ujumlar.
Oh, voy, muncha yo'l og'ir,
Bulbulim...
Ulkan soat o'rtasida
Madorim yo'q yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
netamiz?
Abadiyat oralab
O'shga qachon yetamiz?
Qorli tog'lar bag'rida
Begim O'shim ko'rindi,
Sulton O'shim ko'rindi...
Yuqoriga qaytish

Cholu kampir
shoshilmay salkam
bir asrni ham yashab qo'yishdi.
Kunjaraga, zog'ora, patir,
tomoshaga rosa to'yishdi.
Kampirini eshitmaydi chol,
eshitmaydi cholni kampiri.
Bir-biriga suyanib qolgan,
biri ketsa,
yiqilar biri.
Lek ko'zlari hamon kuladi,
yuzlarida aylanar ziyo.
Buziladi dunyo tasviri
cholu kampir bo'lmasa go'yo.
Har narsaga qodir tabiat
asramagin bunday qarishdan!
Ikkisining kiftidan ketmas,
sakson yildir
ikki farishta.
Yuqoriga qaytish

Oyog'imga
botmon toshlarni
bolalikdan bog'lab qo'ydi kim?
Endi xalos bo'lmoqqa yetmas
yovuzlardan asragan umrim.
Xudo bergan soniyalarni
xarob qildi qaysi g'alamis?
Agarda shu tog'lar bo'lmasa,
Uchar edik samolarda biz.
Yuqoriga qaytish

Gang daryosi bo'yida
hindu qizlari
ko'zlarin muzlatgan tog'larga qalab,
bir qo'shiq aytadi qadim-qadimdan,
bir qo'shiq aytadi dunyoga qarab.
Ulug'vor,
nuroniy tog'lar ortida
teran tomirlarin uzgan gunohkor
zilol buloqlardan benasib dunyo,
adashgan, yig'lagan
bitta dunyo bor.
Mehru muhabbatga, sog'inchga to'liq
qo'shiqlar uchadi tog'lardan oshib
adashgan dunyoni chaqirar qizlar,
larzaga tushadi tog'larning toshi.
Necha ming yillarkim
hindu qizlari
tangrilar tug'ilgan hind tuprog'ida
bir qo'shiq aytadi,
ishonib faqat
qo'shiqlar dunyoni asramog'iga...
Yuqoriga qaytish

Azaliy ko'zlari
it ko'zlariday...
Yuzida azaliy dardi bor edi.
Qomati hamisha kaltabinlarga
egilgan boshiga sayyor dor edi.
Har nokas kelaru borini olar,
qo'ynida to'lg'ongan yorini olar,
qovushgan qo'liga kulib qararu
og'ir nigoh bilan jonini olar.
Sarboz etiklari ostida dunyo
dunyo kelajakka kirmakda yonib.
Turar u qo'llarin qovushtirgancha,
oqar sanjoqdagi ruhidan qoni.
Jonim-jigarimsan,
sen-da odamsan,
loaqal ko'zingda bir yosh ko'rsaydim,
loaqal qovushib qolgan qo'lingda
yovlarga atalgan bir tosh ko'rsaydim.
Qay bir qaro kunda tug'ilgan eding,
seni chetlab o'tar ishqdir, iqboldir.
Ummon cho'lga do'nar,
cho'llar ummonga,
tog'lar qumga do'nar,
faqat sen qolding.
Turasan kelajak bo'sag'asida
bulg'ab pok quyoshning ziyolarini,
o'z suvrating bilan buzmoqlik uchun
baxtli bolalarning dunyolarini.
E, yo'g'-ey,
men seni bo'g'ib tashlarman,
kelajak ko'rmagan senday beorni.
Nimadir qars etdi,
bir oh dedimu
yuztuban yiqildim
changallab qorni.
Bo'rilar hidsirab keldi dunyodan...
Yuztuban yotganim ko'rmadi hech kim
o'z qo'lim o'zimni mahv etdi bugun,
o'z yerim o'zimninh qonimni ichdi.
Qotilim bilmadim,
ko'rdim hammadan
yuz bora, ming bora botdim gunohga.
Sen o'tding kelajak bo'sag'asidan,
mendan-da kerakroq eding dunyoga.
Seni alqadilar,
kiftingga qoqib,
maqtovlar yog'ildi oqqush pariday,
men esa yig'ladim ena yerimning
toptalgan qorong'i og'ushlarida.
Ena-ey,
Ena yer,
qonimni ichgil,
tezroq ado bo'lsin jismimda xo'rlik.
Eshitdim tog'larning guldirosini,
ko'katlar ko'kkacha o'sganin ko'rdim...
Yuqoriga qaytish

Essiz, shundoq umr,
uqib yetmabsiz,
azaldan nodonga dunyo torligin,
loaqal keksani hurmat qil ddegan
oddiy bir maqolning borligin.
Kecha itlik qilib,
donoligidan
sizdayin nodonga pastdan qaragan
nuroniy odamni abgor qildingiz,
qildingiz nodonga xos bir harakat.
Endi xavfsiraysiz orqaga qarab,
ne bo'ldi, boshdan yo humo uchdimi?
Yursa, yuribti-da izlaringizdan
sanoqsiz bolalar
tigib mushtini.
Yuqoriga qaytish

Bu ayol...
Ko'zimga qushday ko'rindi,
musicha, kaptarday surganda xayol.
Qaydanam sozladim tasavvurimni,
qushga o'xshayverar hadeb bu ayol!
Go'yo xob elitgan...
Suvrati so'lg'in,
sezdirmay jilmayar go'yo humoylik.
So'lish yo giryami g'alati to'lqin,
ko'zlari hazinlik yoxud xumorlik.
Bahorga o'xshatsam...
bahor yarashmas
bu ayol bahordan ming bora go'zal.
Poyiga tashlashga qalbni tarashlab,
yoniq so'zlar kerak,
samimiy so'zlar.
Bahorning bir zumrad bo'sag'asida
kaftlari qushlarday...
Ovozsiz so'ylar.
Dunyo, bu ayolga o'xshatadigan
bormi biror timsol qushingdan bo'lak.
Hadikli nigohni sirli qirida
osmonni chog'larkan qushday beg'ubor,
sezaman,
ayolning nozik kiftida
qanday og'ir so'zlar,
g'amgin so'zlar bor.
Ko'rinmas so'zlarni ayol kiftidan
birma-bir olaman sehrgar kabi.
Qo'llari titraydi ayolning birdan,
ko'zlari titraydi,
titraydi labi...
Go'yoki parvozdan oldingi holat;
nozik kaftlarida eng so'nggi malol
go'yoki so'nggi so'z,
og'ir so'z qolgan,
so'nggi so'zni olsang,
uchguday ayol...
Yuqoriga qaytish

Tobora tushlarim qiziq tus olar,
tobora qiqarar qush tushlariday.
Ko'pincha uchaman,
uzoq uchaman
shundoq teraklarning uch-uchlarida.
Sezaman,
tig'dayin shoxlar jismimni
o'zimning qonimga bo'yar, alhazar.
Yuragim qamalgan qushday potirlar,
quvar qon hidini olgan kalxatlar.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yerning tortish kuchin yengmoqchi bo'lib,
silkiyman qontalash qanotlarimni,
ming bor tirilaman,
ming bora o'lib.
Yuksakda bir olam moviy ranglarda,
ozod ruhlar uchun boshpana bergan.
Uchib ketolmasdim,
go'yo jismimni
ko'rinmas rishtalar bog'lagan yerga.
Shundoq bir shum holat iskanjasida
yurak o'ynog'idan sovuq ter bosib,
uyg'onar ekanman,
oylab o'ylayman
g'aroyib tushlarning ta'bir, ma'nosin.
Nega men uchaman,
qayga uchaman,
nega takrorlanar g'aroyib tushlar?
Demak, qachonlardir qanotim bo'lgan,
demak ajdodlarim to'ralgan qushdan.
Haftalab o'ylayman,
oylab o'ylayman,
ne uchun qushlarga tortar qonlarim?
Qachondir bahaybat qush edim, desam,
nega siz kulasiz, og'ajonlarim!
Qush edim,
o't bilan o'ynashgan bir qush,
balki o't kuydirgan qanotlarimni.
Shu xolos, yillarcha urindim bekor
o'qiyman deb, kuygan yodim xatini.
Men qushman,
qachondir yerga qulagan,
keyincha zaminga moslashgan jismim.
G'aroyib tushlarim esa, shubhasiz,
yodimning kuymasdan qolgan bir qismi...
Goh esa o'ngimda
kuymasdan qolgan
xotiram parchasi sabab bo'larmi,
gavjum shaharlarning ko'chalarida
qanotday yozilib ketar qo'llarim.
Qayga uchis kerak,
bilmayman, ammo
bilarsiz bemalol uxlayotganlar
silkinib-silkinib kulayotganlar?!
Bilsangiz,
shu tobda jismu jonimni
zaharga aylanib, yoqar qonlarim.
Qushday bo'zlab uchdim boshlaringizda,
qushligin unutgan, og'ajonlarim!
Zora eslasangiz,
zora tilagim,
balki nasib bo'lar sizlar-la uchmak.
Hozircha kechirdim, saqlamadim kek,
chunki men odammas,
chunki men qushman.
Yuqoriga qaytish

Tuhmatdan yiqilsa
birorta do'stim,
men-chi xilvatlarda berkinib yotsam.
Bu ham yetmaganday ancha vaqt o'tib,
poklikdan so'ylasam,
xotira sotsam.
Yo'q, bo'lmas,
yashardim boshimni egib,
kezardim umrbod yurtma-yurt oshib.
Odamzot ko'ziga qarolmasam tik,
ko'ksimga osilgan bo'lardi boshim.
Yo'q, yo'q, yo'q...
Albatta birga bo'lardim
tamug' malaylari ishga tushgan choq.
Do'stimla yonma-yon turib o'lardom,
ehtimol, o'lardim undan oldinroq.
Yuqoriga qaytish

Bu qanday kun o'zi,
qanday kun o'zi,
hattoki mushuklar, itlar ishshaydi.
Soxta qahramonlar ketdilar to'zib,
yolg'on daholarning og'zi qiyshaydi.
Elning boshiman deb yurgan kaslarda
bosh o'zi yo'qligi xo'b bo'ldi ayon.
Pokiza ko'ringan ne-ne dastlardan
parron bir yog'duda yolqinlandi qon.
Bu qanday kun o'zi,
qanday kun o'zi,
joy-joyiga qo'yar hamma narsani,
qay bir munofiqning o'ynatib ko'zin,
bir necha yuziga tortar tarsaki.
Chekka-chekkalarda qilgancha g'iybat,
ishratni omol deb bilgan o'ysizlar
qo'ymijoz bu elning tili yo'q derdi,
og'zingni och elim,
ko'rib qo'ysinlar.
Filodim bu kunning sasin eshitib,
soxtalar zirillar panoh topilmas.
Narhi ko'tarilar sichqon teshigin,
hayratdan og'izlar endi yopilmas.
Ey, dilim,
dunyodan ozurda bo'lma,
kelajak kunlarga ishonmoq xo'bdir.
Bitta katta kunni ko'rding hozircha,
bu elning kattakon kunlari ko'pdir.
Yuqoriga qaytish

Yoz kuni,
katta yo'l.
Go'zal alanglar
go'yoki nimadir yetmayotganday.
Quyosh imillaydi,
go'zalni ko'rib,
go'yoki atayin ketmayotganday.
Go'zal orolanar,
lablarin bo'yar,
qiyiq ko'zlariga suradi surma.
Chakkada bir dasta sadarayhoni,
tirnog'i bo'yalgan qo'lida jurnal.
Munchalar ko'rkamdir supermoshinlar:
oq, qizil, ko'k, sariq, jigarrang, moviy...
Qilichday yigitlar bir zumga to'xtar,
go'zalga tikilib juda ijobiy...
Oq mashina to'xtar: "Oyimqiz, ketdik".
oyimqiz bo'yalgan lablarin burar.
Yashili to'xtaydi: "Oppoq iqz, e hayy".
Oppoq qiz qaramas
go'yo o'y surar.
Yarqirab to'xtaydi qizili, mana:
"Gaplashib ketaylik, e mayli, attang".
Tovlanib to'xtaydi moviy ranglisi:
"Muncha chiroylisan, joningdan akang".
Bariga noz-firoq,
karashma qilar,
go'yo mana, hozir yo'laydiganday.
Barini kuydirib, mazaxlab qolar,
go'yo bir shahzoda keladiganday.
Quyosh ketib qoldi zerikkanidan,
bunday lanj tomosha yoqmadi chog'i.
O'tar kulrang, nosrang, qora moshinlar,
ko'rinay demasdi ammo zo'rrog'i.
Endi nur o'ynamas sho'x ko'zlarida,
birpasda olam ham qoldi torayib.
Oy chiqqan mahali
silkinib, tutab,
bir balo ko'rindi ko'zga qorayib.
Go'zal qo'l ko'tarar o'zidan o'zi,
oldingi o'ringa o'tirar shoshib.
Haydovchi keksaydi,
tag'in ko'saydi,
kal ham garang edi, shrpaydi ojiz.
Na iloj,
ketish ham kerak edi-da,
lablari so'ligan: yuzida surma,
o'yida oq, sariq, ko'k, qizil, moviy,
xinoli qo'lida ezilgan jurnal...
Yuqoriga qaytish

Kecha davlat tuzdim,
uncha kattamas,
turar metindan-da qattiq tamalda
muztasar qonunlar faqat xatdamas,
butun afzalligi,
erki amalda.
Go'yo kim ataylab suvga bosgan bir
koptokday balqidi rangin savlati,
ko'rdi yuksalganin bir fitna olg'ir
o'zi b'og'ib qo'ygan o'zbek davlatin.
Ammo g'arazgo'ylar taxmin qilganday
gurkirab o'smadi yurtda vahshiylik,
to'qnashib qolganda kuldi itlar ham,
shikor-qatag'onga chiqmas dahriylik.
Axir, o'zbeklar ham uchalik go'lmas,
baliq boshdan degan gaplar to'xtadi,
rahbarlar ko'ksini changallab o'lmas,
pinhona xusumat,
zarblar to'xtadi.
Shoirlar nolimas,
sochlar oqargan...
Notiqlar esdalik aytar avlodga:
bir payt, azizlarim,
Masko'p orqali
borib kelar edik qo'shmi afg'onga.
Bundagi elatlar izzt-hurmatda,
ko'zlari chaqchaymas yakkatillikdan,
ko'ngilga yaqinroq bo'ldi g'urbatlar,
hech kimsa o'lmaydi mustaqillikdan.
Yetar shuncha ta'rif,
nozik zamonda
agar aytib qo'ysam ta'rif adog'in,
yonib ketishingiz mumkin armondan,
armon bu og'ir dard,
judayam og'ir.
Yuqoriga qaytish

Umr ham o'tganday...
go'yo bir kunda
nastarin guliday ochilib so'ldik.
go'yo bir nafaslik ravshan quyunda
qalbi so'qirlarga asfsona bo'ldik,
qushlarni muzlatgan qora buyuqda
soyamiz qo'shilib devona bo'ldik.
Marmari qo'rg'onlar oyoqlarida
umrini yondirgan darvozabonlar...
quturgan jaholat tayoqlaridan
sillasi qurigan daryozabonlar...
dunyoning qayroqtosh taboqlarida
kimlarga yig'ladi pari sabolar.
Otlarning chirigan kallasi kabi
mohiyat raftori ko'ringan chog'lar,
oylarning uvalib tushgan pallasi,
yuraklar gulini kuydirgan dog'lar,
kimlarga atalgan edi faylasuf
qoyalar boshida qoraygan dorlar.
Ig'vo chechaklari...
fitna bog'lari...
saltanat poyidan oqqan bazmlar,
tuhmatni shopirgan kunlar novlari,
raqqos libosini kiygan nazmlar,
vaqtning milyonta kar kar go'rkovlari
ezilib kimlarga lahad qazdilar.
Umr ham o'tganday...
nahot bir kunda
nastarin guliday ochilib so'ldik?
Bir nafis gul ko'rdik yovuz jununda,
orzulab ismni armona qo'ydik,
ismi jismiga mos armona bo'ldi,
bu gulga tikilib vayrona bo'ldik.
Zulm moshinlari...
shayton sorlari...
shahvat girdobida suzgan sadolar,
ko'zlari toshlarday qattiq yorlari
javharin nisholda qilgan gadolar...
valilar o'qchigan buyuk tonglarni
qay go'rga yashirib qo'ydi razolat?
Dunyoni tebratgan ziyobonlar ham
kafanga burkanib falakka o'rlar,
o'tlardan chinqirib biyobonlarda
vahshiylar og'ziday ochilgan go'rlar...
haqorat soylari qo'shilgan joyda
tokay qonimizni ichar qonxo'rlar?
Sahro egalari
g'am tepalari...
zulmatda yig'lagan chechaklar dardi,
moziyga yo'l solgan kun tevalari,
yurakning tuyg'udan yorishgan qa'ri,
vaqtning shafqatsiz nevaralari
qaylarga oborar bizlarni ayrib?
Umr ham o'tganday...
oftob so'lganday...
qayg'uli xarsanglar xayolni ezar,
jannatni sog'inib yotgan cho'llarda
qashqirlar galasi qonsirab kezar.
Ey, gulim,
ko'zlarga yoshlar to'lganda
soyamiz qo'shilgan damlarni eslang!
Yuqoriga qaytish

Zog'lar orasida bulbulni ko'rdim,
besh-o'n qo'tir zag'cha boshin cho'qigan,
yuragi yorilib o'lsin deb sho'rlik,
bulbul haqida ko'p ig'vo to'qilgan.
Emishki,
xonishi doim arazli,
yo'qotish kerakmish soxta bulbulni,
sahar chog'larida vaysab g'arazli,
atay uxlatarmish necha qizgulni.
Bu ham yetmaganday komil zamonda
saltanat qasriga peshob to'karmish,
tag'in ul millatchi emish ashaddiy,
qayda sayrasa el isyon ko'tarmish.
Ig'volar yog'ilur,
besh-o'n qo'tir zog'
yangi arslonshohga tinmay xat tashir.
Shotirlar ishidan yurar kayfi chog'
qora ko'zoynakni taqqan kattasi.
Arslonshoh almashar,
vazir almashar,
borliqni qaytadan qurmoqda avom.
Zog'lar qag'illashib biram yayrashar,
tag'in ig'voxatlar yozilar ravon.
Emishki,
bu bulbul aybin yashirar,
har nahor o'n kaklik go'shtini yermish,
palon yil pismadon kavakda birdan
sakkizta ayiqni zo'rlagan emish.
Tag'in bir aybi bor,
o'qirmish namoz,
islom bayrog'iga qilarmish sajda,
har qanday jazoni bersangiz ham oz,
hammani qon qilib bo'ldi bu ajdar.
Ig'volar yozilur,
besh-o'n qo'tir zog'
yangi arslonshohga tinmay xat tashir.
Shotirlar ishidan yurar kayfi chog
qora ko'zoynakni taqqan kattasi.
Ajab hangomalar bo'lar qaytadan,
zog'larning ko'zida qaynar ajina.
Zog'lar orasida sayrar ataylab,
bu bulbul o'ziyam juda g'ajir-da.
Hoy, bulbul,
O'zingga bir oz rahm qil,
bo'lmasmi damingni chiqarmay tursang.
Axir qayta qurish...
bo'lmasmi bir yil
zog'lar orasida zog' kabi yursang...
Yuqoriga qaytish

Rubobiy she'r yozsam...
qaytsam bir nafas...
hamisha musaffo chashmani ko'rsam,
qoraygan cho'qqilar qoriga qarab,
bir nafas xayolchan o'snirga do'nsam.
Voh, o'shal lahzalar...
o'tdimi butkul
gunafsha atirli tansiq tuyg'ular,
sahargi bog'larni uyg'otgan bulbul,
oylarning nurlarin elagan suvlar.
Yashil shajar edim...
Qandoq sog'indim...
ko'zimni yashnatsa rubobiy ranglar.
Qaysi bir dunyoga buncha og'rindim,
dilimni qaritdi besamar janglar.
Men jangchi emasdim,
men shoir edim,
nihoyat shoirdan ko'ra zobitman,
har nafas musulmon millatim dedim.
nafsiga kuyganlar keldi oqibat.
Haromni xush ko'rgan malakfurushlar
zig'irday himmatin qilganda minnat,
yaproqday sarg'ordim buyuk urushda
musulmon yo'q edi,
yo'q edi millat.
Bas, qushlar sayroqi,
yaproqlari mo'l
yashil shajar kabi turay mushakkal,
ilhomim haqida so'ylasinlar xo'b,
zaharli tilimdan to'kilsin shakkar.
Rubobiy sabolar ruhimdan esing,
qaytadan uyg'onsin ilohiy tug'yon.
Voh, yalang shoxlarim qilichday keskir,
bir yaproq qolmaptir shivirlayturg'on.
Yuqoriga qaytish

Rafael Alberti she'ridan Shavkat Rahmon tarjimasi
Ochlik olib ketar orzuni,
ammo doim kuylamog'im shart.
Turma to'sib qo'yar orzuni,
ammo doim kuylamog'im shart.
O'lim halok qilar orzuni,
ammoki men
o'shandayam kuylamog'im shart.
Yuqoriga qaytish

Rafael Alberti she'ridan Shavkat Rahmon tarjimasi
Qichqirvordi uyg'onib tongda:
men giyohman,
bir ho'l giyohman.
Men giyohman,
qat-qat yaproqli,
gultoj bo'lgum ulg'ayganimda.
Men giyohman,
sakrasam agar
shovillashim mumkin daraxtday.
Men baqirib qushga do'naman,
agar uchib chiqsam...
Shu kechasi nozik giyohning
tovushini eshitdi osmon.
Yuqoriga qaytish

Qurshovda
yurtimning qabristonlari,
qabrlar og'zida to'xtagan paxta,
go'yo sho'rliklarning arzon jonlarin
qutqarib qolganday milyonlab lahad.
Sho'rliklar
bir umr yomg'ir, qor kechib,
faqat qabrlardan halovat topdi.
Uyaldim tunov kun ko'ylagim yechib,
paxta ekilmagan badanim qopti.
Men ham go'l odamman,
birgad ukalar,
poshsholar uxlasin deyman xotirjam,
mengayam ozgina bering shu darddan,
endi paxta eking, badanimga ham.
Faqat badanimga ishlatmang kimyo,
kimyo kirib bo'lgan xonu monimga,
butifos, kataran,
qisqasi, sonming
zaharli dorilar oqar qonimda.
Qo'rqmasdan ekvoring,
tezroq borasiz
yuqori belgilab bergan mo'ljalga,
paxta ochilganda hech bir dorisiz
barglarin to'kvorar
eski g'o'zalar.
Yuqoriga qaytish

|
|