Bosh sahifa
Orqaga qaytish
Sevimli xonandamiz qo'shiqlarining matnlarini
biz bilan baham ko'rgani
uchun Kamal akaga
katta rahmat!
|
|
Sherali Jo'rayev qo'shiqlari
A - M N - Z
MP3-qo'shiqlar

Yaxshidur achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg'on yomon.
Shu shirin yolg'onga lekin
Aldanib qolg'on yomon.
Umrimiz aldov jahonda
Aldanib o'tg'ay vale.
So'nggi qiynalg'on yomondur,
Son'ggi qiynalg'on yomon.
Aytgali achchiq azobing
Bo'lsa dildosh yaxshidir.
So'z demay achchiq alamni
Joningga solg'on yomon.
Jonga solg'on na sozdir
Elga so'ylab man kabi.
Shoiri devona ishq
Nomini olg'on yomon.
Yaxshidur achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg'on yomon.
Shu shirin yolg'onga lekin
Aldanib qolg'on yomon.
Yuqoriga qaytish

Jahonni kezdim, ey do'stlar, ajab hangomalar ko'rdim,
Tog'u toshu bog'u rog'u gulu gulzorlar ko'rdim.
Jahonga kelganin sezmay, ketar vaqtini ham bilmay,
Bu qanday sir, debon hayron, yana hayronalar ko'rdim.
Nafing tegsa do'stlik qilgan, hatto itingni sizlagan,
Pul-mol uchun do'st tutingan ajab do'st-yoralar ko'rdim.
Kishi oshini yeb birga, tovog'ini urib yerga,
Tuz yeb turib, tuzdoniga tupurgan begonalar ko'rdim.
Birov undoq, birov bundoq deya g'iybatni etguvchi,
Shaytonga ham dars berguvchi ajab insonlar ko'rdim.
Bugun banda, erta unda, yurar husnin sotib kunda,
Hazar etgay yer ham undan, ajab sharmandalar ko'rdim.
Hamon kezmoqdaman, do'stlar, kezib oxir bunda yetdim,
Do'stu dushman ichradirman, bilmam, sirim kimga aytdim.
Mardlar bilan o'ltirganda do'stlik sharobini ichdim,
Nomard bilan o'ltirganda mardlar g'iybatin eshitdim.
Jahonga keldim-u, ammo bilolmayman qachon ketgum,
Yig'ilgan do'stlar ichinda yana do'st-yorlar ko'rdim.
Jahonni kezdim, ey do'stlar, ajab hangomalar ko'rdim…
Yuqoriga qaytish

Axtaraymu, qaydasan, bu shirin zamonlarda,
Xorazm yo Toshkand, Andijon tomonlarda?
Sen yiroqsan yo yaqin, ko'rsam, deya jonim halak,
Birgina menda tilak - qolmayin gumonlarda.
O'tsalar gul yuzlilar, xushqomat, shirin so'zlilar,
Sen desam, ko'z suzilar, qoshlari kamonlarda.
Biz kabi oshiqni ham yo'qlab kel, ey qoshi qalam,
Bormu qasding shuncha ham biz kabi yomonlarda.
Tojiku Turku Iroqda yoki dengizdan yiroq,
Qayda bo'lsang-da, biroq bo'l omon, omonlarda.
Yuqoriga qaytish

Aqling bo'lsa, yaxshilarga hamdam bo'l,
Ahmoq o'zin nodon birla yor aylar.
Chin oshiqlar hijronda yor jamolin,
Bir ko'rsam deb kecha-kunduz zor aylar.
Nomard g'ussasidan qolibman dardda,
Kongil orom topmas bir pinhon yerda,
Moli ko'p deb mehmon bo'lma nomardda,
Jo'mard faqir bo'lsa hamki bor aylar.
Nomard o'z uyida mardga so'z aytar,
Nodon esa haqning tanobin tortar,
Mard yigit mol topsa himmati ortar,
Nomard foyda topsa ko'nglin tor aylar.
Maxtumquli endi o'zingni ko'zla,
Yaxshini ta'riflab, yomonni tuzla,
Oz yeb, oz uxlagil yana oz so'zla,
Ko'p so'z oxir el ichinda xor aylar.
Yuqoriga qaytish

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko'zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo'ldi safardosh.
Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do'stim, alam qilar, arslon bexabar,
Yem bo'lib ketsak shu qumursqalarga.
Yuqoriga qaytish

Orzularim og'ulab sen ketdin asta-asta,
Bormoqdaman yoxulab ortingdan xasta-xasta.
Gulga gul bergan oshiq, qayda jazoga loyiq,
Men senga gunohkorman, gul tutib dasta-dasta.
Ham meni qiynayursan, ham o'zing yig'layursan,
Bilmasmiding nigoro, joningga jon payvasta.
Navolanma mug'anniy, san telbaga soz qayda,
Yor yo'lida oshiqlar turganda rasta-rasta.
Yuqoriga qaytish

Atirgulim, atringni soch,
Mayli tikan xoring bo'lay,
Ko'z tegmasin bo'yingga deb
Tilovchi zor-zoring bo'lay.
Mayli bo'lay ko'zmunchog'ing,
Bo'yningda tumoring bo'lay,
Yiroq ketma, ketsang agar
Yo'lingda sardoring bo'lay.
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Yig'lamain yig'latmagin,
Dunyoda yolg'iz o'tmagin,
Sevdim deya kuylay yonib
Hargiz meni bo'zlatmagin.
Har dam yoningda o'lturay,
Ket deb sira ham aytmagin,
Ko'zlar yonib, yuzlar qizib
Aytgan so'zingdin qaytmagin.
Bog'la bo'yningga qo'llarim,
Mayliga zunnoring bo'lay,
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Mayli deyin axtarsinlar
Sendek go'zal dunyoda yo'q.
Qoshlar qalam, ko'zlar suzuk
Lablar asal dunyoda yo'q.
Sensiz jahonning o'zi yo'q,
She'ru g'azal dunyoda yo'q.
Kelgin davo ber dardima
Mendek kasal dunyoda yo'q.
Dunyoga teng husning uchun
Yolg'iz xaridoring bo'lay.
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Sochingda qasding bormidi,
Jonon kesibsan ostidan
Tuproqqa ketdi to'lg'anib,
G'addor qaychining dastidan.
Erkakcha qirtishlab uni,
Ro'ymol yulindi ustidan,
Nozik beling bo'ldi judo
Qirqta haqiqiy do'stidan.
Soch o'rnida endi o'zim
Mayliga dastoring bo'lay,
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Boring bo'lay, yo'g'ing bo'lay,
Yoningdagi yoring bo'lay.
Yuqoriga qaytish

Charx avzoi bu dam, avvalgilarga o'xshamas,
Ko'nglim ichra dardu g'am, avvalgilarga o'xshamas.
Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o'xshamas,
Endi inson qadri ham, avvalgilarga o'xshamas,
Kim ul oyning hajri ham, avvalgilarga o'xshamas.
Har kishi kim bir ulug' ishga yetibdur jon misor,
Shiddati pastu baland kelganda ham qilmaydi or,
Ey falak, hech kimni qilma besamar yo'llarda xor,
Jabridin erdi alamlar endi tutmish o'zga yor,
Ne sitam endi kimdir alam, avvalgilarga o'xshamas.
Ona Sharq tojin kiyib zulmatda ushlatmang meni,
Bodai haq mastiman yolg'onga uyg'otmang meni,
O'z xayolimga qo'ying, o'zgaga ishlatmang meni,
Ishq aro Farhod ila Majnunga o'xshatmang meni,
Kim bu rasvoi ajam, avvalgilarga o'xshamas.
Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o'xshamas,
Endi inson qadri ham, avvalgilarga o'xshamas.
Yuqoriga qaytish

Ayriliq oni yaqindur, kema yo'l bongin chalur,
Voh meni tashlab firoqqa, yor yiroqqa yo'l olur.
Dod urib, faryod urib, sohilda bir jismim qolur,
Avjidan daryo kabi, oshufta ko'nglim qo'zg'olur.
Men necha aytdim ko'ngil, jondan kechib yor suyma deb,
So'ng yiroqqa ketsa tashlab, urma oh dod dema deb.
Ey falak bas yig'lama yo'q foyda ul oy kemada,
O'rtada daryo-yu men bu joyda ul oy kemada.
Kelmas endi oyna ne ming oyda ul oy kemada,
G'arq etar bahri fano g'am zavraqin ey piri dayr.
So'ng qadah bergil manga jonim haqin ey piri dayr,
Chun qadahlar zarbidan chiqsin chaqin ey piri dayr.
Yuqoriga qaytish

Xayr, endi sen ketding begunoh Ohu,
Xayr, endi qalbimda bir vido qoldi.
Bugun sen qaydasan, qaylarda qolding,
Bugun bosh ustingda kimning firog'i.
Seni kech topgandim, erta yo'qotdim,
Qarg'agil roziman meni qahringga.
O'zgalar qalbidan qadr o'yg'otdim,
Lekin yetolmadim o'zing qadringga.
Yuqoriga qaytish

Oyga ergashsagu, yerni ko'rmasak,
Peshonadan tomgan terni ko'rmasak.
Eldan olib tursa-gu, elga bermasak,
Yurtning bolasiman deganimiz bekor.
Ota obro'siga ko'ksimiz kerib,
Yursak yulduzlarni benarvon urib
Nogoh yiqilsagu, ketmasak turib,
Mardning bolasiman deganimiz bekor.
Bir chimdim alamga qaddimiz buksak,
Nomard poyin o'pib, unga tiz cho'ksak,
Qizg'aldoq misoli bargimiz to'ksak,
Tog'ning lolasiman deganimiz bekor.
Bolamiz yig'lab tursa, ko'zga ilmasak,
Ota-ona motamida yig'lay bilmasak,
Daryolar to'lsa-yu, biz bir to'lmasak,
Qalbning nolasiman deganimiz bekor.
Osmondagi har qanday bulut yomg'ir to'kolmas,
Mardning bolasini nomard bukolmas,
Do'stim agar bizni elimiz tan olmas,
Elning bolasiman deganimiz bekor.
Yuqoriga qaytish

Nima qildim mendan yuzing o'girding
Xudo haqqi, yor, bir nafas beri kel,
Sevgim haqqi, yor, bir nafas beri kel.
Yuzingdan ol zarrin harir pardani,
Yuzingdan ol nozik zarrin pardani,
Chilvir sochlaringni ko'rsat beri kel.
Ko'zlaring jalloddir, kipriging olmos,
Senga aytar gaplarim bor quloq os,
Axir sendan shuni qildim iltimos,
Dilim o'zga noz istamas beri kel.
Bu qanday odatdir, qanday arkondir,
Bu qanday odatdir, qanday makondir.
Demaysan faloniy bizning mehmondir,
Vohid o'z qulingdir, senga qurbondir,
Ey bevafo qadr bilmas beri kel.
Yuqoriga qaytish

Ko'ngil ichra nechuk olam, nechuk sulton bilmassan,
Tanam sarg'aydi, poyim ustivor, chandon bilmassan.
Munavvar bir quyoshmen, dur to'la to'lqinli ummonman
Zamin tegramdadir, dilda yashar osmon bilmassan.
Jahon bo'stonida bir bolaridek uchganim-uchgan
Asaldek so'zlarim, lekin senga pinhon bilmassan.
Aql begonamish senga, bu demish fahmu farosat ham,
Bilarman deb dam urma, bilganing yolg'on, bilmassan.
Ko'ngil ichra nechuk olam, nechuk sulton bilmassan,
Tanam sarg'aydi, poyim ustivor, chandon bilmassan.
Yuqoriga qaytish

Bir gumon bordir mening qalbimda doim begumon,
Bu gumondan lahza ham qalbim topolmas hech omon,
Voh, ne tong, boqqach u mohro' ruxsorim etmishdur somon,
Bu nigohdin qochmoq istab, o'zni tashlab har tomon,
Chun xazondek poyin o'pdim zora topsam deb omon.
Vah, qutulmoqlik gumondir bargi xazondek ham yotib,
Nozaninlar sayr etarda nozik oyog'iga botib,
Iltifot qilg'ay yana shirin-shakar so'zlar topib,
Bu ne sorig' barg ekan, deb olg'ay ro'molig'a taqib,
Yuzu ko'zidin yiroqroq ko'rmadim o'zni hamon.
Men sanamlardan necha qochsam-da, oxir topdilar,
Ro'yi afgorim ko'rib, qayg'u-alamg'a botdilar.
Qop-qaro tun sochlarin jonsiz tanamg'a yopdilar,
Lab qo'yib suvsiz labimg'a Iso sifat uyg'otdilar,
Jonim o'rtandi yana labga lab yetgan zamon.
Ushbu holim anglag'ach borg'il dedi piri mug'on,
Xonaqoh mehrobida topg'il o'zing, bo'lg'il omon,
Sajda ayla Haq yo'lida, qalbingda qolmas der gumon,
Xonaqoh mehrodida, e, voh, ko'zim surtgan zamon,
Zarralardan termulib turgay sanamlar men tomon,
Shul gumon bordim maning qalbimda doim begumon,
Bu gunomdan lahza ham qalbim topolmas hech omon.
Yuqoriga qaytish

Kecha oqshom falakda oy bo'zarib botganda,
Zuhro yulduz mo'ltirab xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma'yuslik sokinlik uyg'otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.
O'tdi yoshlik zavq bilan, gohi to'polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba'zan qalb bilan imon bilan
Lekin seni yo'qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g'aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.
Dunyo degan shundayin anglab bo'lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Yo'lin yo'qotsa odam muhabbatga suyangay,
G'ussaga botsa odam muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Eslab bag'rim tig'layman, birinchi muhabbatim.
Nido bergil qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko'ribman, bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu sherimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg'iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.
Yuqoriga qaytish

Aziz do'stlar, necha ming yillardan beri mana shu mehnatkash, zahmatkash xalqimiz dehqonchilik, chorvachilik bilan shug'ullanib kelgan va bundan keyin
ham shunday bo'ladi. Shu davrgacha minglab dehqonlar va chorvadorlar haqida qo'shiqlar bo'lgan. Biz ham oddiygina so'zlardan aziz, mehribon, zahmatkash
dehqon va chorvadorlarimizga bir qo'shiq yaratdik. Bu yangi qo'shiq. Qabul qilasiz.
Beshikdan sahroga uloqqan yo'llar,
Qilichmas ketmonga uzangan qo'llar,
Tuproqdan yaralgan rizqu tiriklik
Ona allasidan boshlangan kuylar.
Belingga quvvat bo'lay, dardingga darmon,
Mehnat deya tug'ilgan ey, bobodehqon.
Yetmish-saksongacha ishlab tolmading,
Mehnatsiz turmushni ko'ra olmading,
O'pqonu xalqumlar yamlab ketsa-da
Ko'ngul deb haqingni so'rab olmading.
Belingga quvvat bo'lay, ey bobodehqon,
Yer kabi kamtarin ey, ona dehqon.
Yerga egilasan ertadan to kech,
Bu kamtar to'ningni biron marta yech,
Seni mehnatingla gerdayganlarni
To'ydirib kiydirib gerdaymading hech.
Belingga quvvat bo'lay, dardingga darmon,
Mehnat deya tug'ilgan ey, bobodehqon,
Senga yelkadoshdur, chorvador cho'pon.
Chorvador deganda cho'l, tog' eslanar,
Xorg'in cho'pon kiygan tayoq eslanar,
Ba'zan cho'ponlarning zahmati qolib
Barra kabob, qimiz, qaymoq eslanar.
So'zim yoqmaganlar chidab tursinlar
Issiq tanasiga o'ylab ko'rsinlar.
Sen oylab o'tkazgan qoru yomg'irda
Mard bo'lsalar bir kun turib bersinlar,
Ulug' Vatan uchun zirhu qalqonim,
Chorvador cho'ponim, bobo dehqonim.
Yuqoriga qaytish

Har bir qizning iffati durdonadur,
Chimildig'I unga davlatxonadur,
Koshonadan aziz koshonadur,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan qiz qolmasin.
Har sanamni chimildiqda yori kutsin,
Suzik-suzik, ko'zlarni zor-zori kutsin,
Qalbi olov, qatorida nori kutsin,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan zot qolmasin.
Kelinchakka jannat erur, chimildi'gim,
Tillolardan qimmat erur, chimildig'im,
Sharq qiziga sunnat erur, chimildig'im,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan qiz qolmasin.
Yuqoriga qaytish

Bulbullar sayragan havoli bog'lar,
Bulbul sandan ketar fig'on to'xtamas.
Quyoshli, yomg'irli, oq qorli qorlar,
Tuman sandan ketar, sellar to'xtamas.
Odam yaratilmish balandli, pastli,
Aqlli, fikrli, ongli va esli,
Yigitlik chog'inda misli yoz fasli,
Bahor sandan ketar zamon to'xtamas.
Kelganga qarshi bo'lsa majoling,
To'g'ri tutayvergil niyatu fe'ling,
Dunyo davronida ochiq tut qo'ling,
Davr sandan ketar davron to'xtamas.
Bir manzilga borib beling yechgan so'ng,
O'ltirib suhbating, oxir ko'chgan so'ng,
Uzanging tortarlar to'rt kun kechgan so'ng,
Besh kundan ortiqcha mehmon to'xtamas.
Maxtumquli aytar, oriy do'stiga,
Kim qolar tushmayin ajal dastiga,
Ajal bir kun tortar yerning ostiga,
Og'izdan til ketar, zabon to'xtamas.
Bulbullar sayragan havoli bog'lar,
Bulbul sandan ketar fig'on to'xtamas.
Quyoshli, yomg'irli, oq qorli qorlar,
Tuman sandan ketar, sellar to'xtamas.
Yuqoriga qaytish

Omon Matjon she'ri
Dil poradur, dilbar,
Nachoradur dilbar,
Oshiqlaring olam kezib
Sayyoradur dilbar.
Majnun ila kezdim,
Farhod-la so'zlashdim,
Yetti iqlim shafiq anga
Ishq dostonin yozdim.
Qalbimni rangini
Lolaga o'tkardim.
Chin oshiqlar ishqing deya
Ovoradur dilbar.
Olam kezib oshiqlaring
Sayyoradur dilbar.
Bag'ri o'yiq, torli,
Yetti hanjar tirnar.
Ko'ksiga qo'l yetsa
Nola qilib yig'lar.
Barmoqlarda qalbim ezib
Chertib-chertib o'ynar.
Dunyo nadur, dilbar,
Savdo nadur, dilbar.
Oshiqlaring olam kezib
Sayyoradur, dilbar.
Chin oshiqlar ishqing deya
Ovoradur dilbar.
Olam kezib oshiqlaring
Sayyoradur dilbar.
Yuqoriga qaytish

Dilbar qo'lida sozi,
Har pardasida nozi,
Noz uzra ishq rozi,
Ko'zi xumor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Kuylar ko'ngil xumorin,
Ham san'atin, bahorin,
Aytib ko'ngilda borin,
Gulyuz nigor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Atlas libosi gulgun,
Ham qoshiyosi gulgun,
Nozu adosi gulgun,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Ohangi dilga monand,
Jon pardasiga payvand,
U borini etib band,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.
Baxtim etib tarona,
Kuylaydi yona-yona,
Shu dilrabo zamona,
Yahyoga yor kuylar,
Ko'zi xumor kuylar.
Chertib dutor kuylar,
Mastonavor kuylar,
Gulyuznigor kuylar,
Ko'zi xumor kuylar,
Yoriga zor kuylar.
Yuqoriga qaytish

Dilimda qolmadi tinchlik va orom,
Talab ketdi o'shal ma'shuqi Bahrom.
Salom yetkur nigorimga sabo, tez
Borib anga degilki, ey Dilorom.
Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.
Qachon sendan yiroq bo'ldim chunon-a,
Na xush qoldi, na qoldi aqlu orom,
Yugurdim har taraf men misli Majnun
Dilimda Layli nomi subhidam, shom.
Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.
Yugurdim har taraf manzilma manzil,
Talab aylab sani ey chehra gul qosh,
Na sendan bir xabar topdim, na payg'on
Na sendan menga sog'ar bor, na paymon.
Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.
Gajak zulfingga bo'ldim misli oftob
To'lib poyingga zulfing tashlamish dor,
Fazal bitmakni qo'y endi Nizomiy
Tushib xilvatga cho'k sen zori nochor.
Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.
Yuqoriga qaytish

Husning oldida yorishgay g'am to'la bu diydalar,
Dardi yo'qlar ko'rsa hamki qalbim beun tintalar.
Husningu odobu xulqing barchani qilmish asir,
Tahsin aytmish senga yuz minglab qadar volidalar.
Bu jahon oyinasida bir ko'rish ishqi bilan,
Necha Xusrav necha Farhod oyina oldidalar.
Senku Laylidan go'zalroq hamda Shirindan shirin,
Jon olar lutfing valekin jon ato bu xandalar.
Andijondin topmayin bordim Samarqand, Xorazm,
Qayga bormay menga hamdam qancha oshiq yo'ldalar.
Menga derlar bedavo oshiq senga yo'l qaydadur
Necha Farhod tog'u toshda qancha Majnun cho'ldalar.
Menki oshiqlik yo'lidin qaytmasam oxir kelib,
Oshino bo'lg'ayki albat muazzam mavludalar.
Husning oldida yorishgay g'am to'la bu diydalar,
Vasling izlab kecha-kunduz tanda jonim qiynalar.
Yuqoriga qaytish

Abdulla Oripov she'ri
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor.
Mening bu olamda o'z aytar so'zim
Va o'zim sig'inar mozorlarim bor.
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.
Sen yurgan tog'larda qolmagay izim,
Sen kechgan daryodan kechmasman aslo.
Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq,
Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim,
U sening kulbangdan juda ham yiroq.
Yuqoriga qaytish

Ey jonu dilim, sen meni yonimda tur,
Yonda ne, balki manim ayni shu qonimda tur,
Beqaror qon bu nadur, sen shirin jonimda tur
Bevafo jon deydilar, pokiza iymonimda tur,
Har yomonu yaxshi kunda barcha imkonimda tur,
O'ngda tur yo so'lda tur, sen meni yonimda tur.
Do'sti ko'p qaddi bukilmas deydilar qon kechsa ham,
Kechmagay mard do'stidan molu jondin kechsa ham,
Boma deb garchi raqiblar zar choponing yechsa ham,
Garchi taqdir hush kelib yo'lingga gullar sochsa ham,
Mayli har ne kechsa ham, do'st bo'sang yonimda tur
Do'st bo'sang yonimda tur, do'st bo'sang yonimda tur.
Molu davlat qo'lda bo'lsa do'stu yor ham ko'p bo'lar,
Qayga borsang olqishu, maqtovchilar ham ko'p bo'lar,
Hech qoqilma, gar qoqilsang g'iybatchilar to'p-to'p bo'lar,
Munofiq ham soxta do'sting dushmaningdek bo'p qolar,
Mayli har ne gap bo'lar, do'st bo'sang yonimda tur,
Do'st bo'sang yonimda tur, do'st bo'sang yonimda tur.
Har yomonu yaxshi kunda ko'zlarim do'st axtarar,
Bu ko'ngul har soniya ming shirin so'z axtarar,
Kimki oni topmadib bitta gul yuz axtarar,
Charx urib oyu quyosh ham kecha kunduz axtarar,
Top seni kim axtarar, do'st bo'sang yonimda tur,
Do'st bo'sang yonimda tur, do'st bo'sang yonimda tur.
Nozaninlar bazmida aytilar mastona so'z,
Termulib joningni olg'ay surmali mastona ko'z,
Kelgil ey jonimki sendan tinglayin do'stona so'z,
Qo'llarim tutsin belingdin, surtayin poyingga yuz,
Bazmi dildoshlarni tuz, do'st bo'sang yonimda tur,
Do'st bo'sang yonimda tur, do'st bo'sang yonimda tur.
Bu jahonda do'st yo'q, qilma oh, qilma xitob,
Do'stni top ham Haqni topgin, Tangri bergan bir Kitob,
Haqni tosang do'stni topding, do'st qidirsang Haqni top,
Zarra imkoning bo'sa bir g'arib ko'nglini top,
Haq yo'lida qil savob, do'st bo'sang yonimda tur,
Do'st bo'sang yonimda tur, do'st bo'sang yonimda tur.
Ota-onag'a o'g'il-qiz mehribondir do'st bo'lsa,
Hatto sevgan sevgiling ham vafodordir do'st bo'lsa,
Yuzni burma og'a-ini garchi ming xil so'z bo'lsa,
Yetti yot begonalar ham birodardir do'st bo'lsa,
Mayli har ne so'z bo'lsa, do'st bo'lsang yonimda tur.
Ey jonu dilim, sen meni yonimda tur,
Yonda ne, balki manim ayni shu qonimda tur,
Beqaror qon bu nadur, sen shirin jonimda tur,
Bevafo jon deydilar, pokiza iymonimda tur,
Qayda tursang tur vale, do'st bo'sang yonimda tur,
O'ngda tur yo so'lda tur, sen meni yonimda tur.
Yuqoriga qaytish

Yuking yerda qolmag'ay, qatoringda nor bo'lsa
Aro yo'lda qolmaysan, do'st-yoring bor bo'lsa.
Sevib-sevib olganing go'zal, betakror bo'lsa,
Oltinu zar ko'rinmas yoningda shu yor bo'lsa.
Oqibatli qarindosh ajralmagay ming yilda,
Me'roj otang boshida, jannat onang poyida,
Ketsa agar topmassan yuz-ming yilda joyida,
Oyog'idan tut doim, ota-onang bor bo'lsa.
Belingda kuch borida oilangni shod ayla,
Qo'yningdagi hiloling ko'nglini obod ayla,
Farzanding-chun Allohdin baxt tilab faryod ayla,
Inson nomi o'chmagay o'g'il-qizi bor bo'lsa.
Hisobini bilmasang tijorating mo'l bo'lmas,
O'ylamasdan qo'yilgan qadamlaring yo'l bo'lmas.
Yuking yerda qolmag'ay, qatoringda nor bo'lsa
Aro yo'lda qolmaysan, do'st-yoring bor bo'lsa.
Sevib-sevib olganing go'zal, betakror bo'lsa,
Oltinu zar ko'rinmas yoningda shu yor bo'lsa.
Yuqoriga qaytish

Ochsang davronlarning kitoblarini,
Qancha karvonlarning ertagi bordur.
Tingla, donolarning xitoblarini
Egasi bor yurtning ertasi bordur.
Dunyoni manzilu makonlarida
Bir ro'zg'or but bo'lsa, to'rttasi xordur.
Boqqil bu diyorning qo'rg'onlariga
Egasi bor yurtning ertasi bordur.
Bunda oy quyoshgan chehralar olmish
O'g'il ham qizlarning erkasi bordur.
Har aytgan so'zidan Vatan tug'ilgan
Egasi bor yurtning ertasi bordur.
Milyonlab o'zbekning umidlariga
Milyon bu ovozlar nomus ham ordur.
Egasi bor yurtning eli xalq bo'lg'ay
Egasi bor yurtning ertasi bordur.
Qaldirg'ochlarga ber ayvonlaringni
Qushning ham bek bilan bekasi bordur.
Singiljon, ekayver, rayhonlaringni
Egasi bor yurtning ertasi bordur.
Yuqoriga qaytish

Emas
Sumbulim Layli ochibdur yel kibi raso emas,
Dog'ini Majnun qonatmish lolai xumro emas.
Nastarin ko'zgusidur bir sori men, bir sori yor,
Chehri aksin ko'rguzur bir yuz guli ra'no emas.
Gulni o'xshatqanmikin yorimga go'yo bog' aro,
Yuz pari ko'nglum ichidin bulbuli shaydo emas.
Sumbul ustidin nasim esgach nigorim durrasi,
Yod qildimki dimog' oshiftadur shaydo emas.
Gul sarv uzra xayol ettim ko'ngil bo'stonida
ROst aytay sarvi gul ro'yin kibi zebo emas.
Bo'lmangiz mag'rur, ey shohlar bu bog' aro,
Siz kabi bulturgi gullardan biri paydo emas.
Menga gul soqi-yu bulbulga gul tutmish qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek vale rasvo emas.
Aylangiz
Nozaninlar, benavolarga tarahhum aylangiz,
Lutf agar yo'qtur g'azab birla takallum aylangiz.
Gah buyuk, gah past giryon ko'rsangiz ushshoqni,
Qosh kulmassiz nihon bori tabassum aylangiz.
Biz fano tuprog'i bo'ldik dayr aro ey ahli zuhd,
Xonaqoh sahnida siz bahsi taqaddum aylangiz.
Ey mug'anniylar, Navoiy mast edi kech uyg'onur,
Oni uyg'otmoqqa bir dilkash tarannum aylangiz.
Yuqoriga qaytish

Dilimni rangini gul bilsa bo'ldi,
Men kimligimni el bilsa bo'ldi.
Olis yulduzlarga sirim aytmaram,
Nolishimni tonggi yel bilsa bo'ldi.
Ucharga har qushdan par so'ramadim,
Parvozlar hadisin dil bilsa bo'ldi.
Jaholat mehrobin qoshin o'pmadim,
O'shal bag'ritoshim til bilsa bo'ldi.
Dilimni rangini gul bilsa bo'ldi,
Men kimligimni el bilsa bo'ldi.
Yuqoriga qaytish

Kuz kelsa ham shoshib biz tomon,
Qor bossa ham borliqni butkul,
Ko'klam kelib ursa ham handon,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Sochlarimga tushsa hamki oq,
Peshonamni bossa ham ajin,
Kirganda ham gavdamga titroq,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Mayli shunda tanimasang ham,
Va ko'rmayin desang ham turqim,
Yoshim yutib, boshim qilib ham,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Vaqtim yetib chiqsa ham jonim,
Va darg'amga yasalsa yakun,
Qabristonga tobut ichra jim,
Eshigingdan o'tarman bir kun.
Yuqoriga qaytish

Ey, do'st ancha yo'lni yurib qo'ydik biz,
Yomonu yaxshini ko'rib qo'ydik biz,
Kelib bu dunyoda ne qilding desa
Odamg'a odamlik qilib qo'ydik biz.
Kimlarga yoqmadik kimlarga yoqdik,
Ishqning ummonida mavjlanib oqdik,
Habibim dermu deb termulib boqdik,
Qalbda ishq olovin yoqib qo'ydik biz.
Halolu poklikdan yiroqlab ba'zan,
His va ehtirosga to'lib yotdik biz,
Tumanlar ichinda tentirab oxir
Iymon eshigini kelib ochdik biz.
Kimdir yo'limizga g'ov bo'lmoq bo'ldi,
Kimdir jonimizga chang solmoq bo'ldi,
Kimdir uyimizga o't qo'ymoq bo'ldi,
Tavakkal Alloh deb turib qo'ydik biz.
Yaxshilik yig'lab, so'ng kulganin ko'rdik,
Yomonning jazosin olg'anin ko'rdik,
Sotqinning sarmisor bo'lg'onin ko'rdik,
Haqning haqligini bilib qo'ydik biz.
Ey do'st, bu dunyoning poyoni yo'qdur,
Kim shohu kim gado kim och, kim to'qdur,
Bunda kelganning hech ketgisi yo'qdur,
Ajib bir dunyog'a kelib qoldik biz.
Yomonlik oxiri zimiston tuman,
Yaxshilik oxiri go'zal bir chaman,
So'rsangiz chamansan va yoki tuman,
Ezgulik urug'in ekib qo'ydik biz.
Hotami toylarni Olloh ham sevar,
Mardlik ham nomardlik yonma-yon yurar,
G'irrom ham g'oliblik davosin qilar,
Bunga istehzoli kulib qo'ydik biz.
Olamni yaratgan qodiri qudrat
Kimga qilich bermish kimlarga hikmat,
Niyat shu tirikmiz baholi qudrat
Yaratganga qullik qilmoq bo'ldik biz.
Ey, do'st ancha yo'lni yurib qo'ydik biz,
Yomonu yaxshini ko'rib qo'ydik biz.
Yuqoriga qaytish

Ey, gul, dudog'ingni yashirma mendan,
Lola yanogingni yashirma mendan,
Noz-la tebranursan yoningga borsam,
Ishqiy titrog'ingni yashirma mendan.
Tonggi nasim kabi yoningga kelsam,
Mushkin sochlaringni siypalab o'tsam.
Ishqim yaprog'ingga shivirlab aytsam,
Ey, gul, qulog'ingni yashirma mendan.
Uyqusiz kezgan ul oshiq kishidir,
Bargingdagi shabnam diydam yoshidur.
Ishq rozin aytmoqlik ko'zlar ishidur,
Ey, gul, qarog'ingni yashirma mendan.
Kamaring ustidan tikonlar joylab,
Beling tutqazmassan asrab, avaylab.
Yashil ro'molingni bo'yningga boylab,
Oppoq tomog'ingni yashirma mendan.
Ey, gul, tikonlaring bag'rimni yirtsin,
Mushku iforlaring ohimni tutsin.
G'amzang paykonlarin jonimdan o'tsin,
Tiyg'u yarog'ingni yashirma mendan.
E, voh, qo'yibdurman senga muhabbat,
Chamanzor ichinda pokiza xilqat.
G'uncha ochilgach so'ng lab yetur albat,
Shirin dudog'ingni yashirma mendan.
Nogoh oyog'ingga kelib yiqildim,
Pinhon oshiq edim, elga bilindim,
Tuzog'ingga qayta-qayta ilindim,
Ey, gul, tuzog'ingni yashirma mendan.
Har tong quchog'ingga kelarman mudom,
Gulzori jahon ichra, ey gul, gulandom,
Oshiqman, yoningga kelsam subhu shom,
Qaynoq quchog'ingni yashirma mendan.
Yuqoriga qaytish

Gul ichida uchratdim, misli guldek jamoling,
Kuydirmagin nigorim, o'zi kuygan bu jonim.
Gul ichida gulmisan, yoki shirin tilmisan,
Yo gullarning ichida sayragan bulbulmisan
Gul ichida gul bo'lsang, bulbuling man bo'loyin
Agar sen bulbul bo'lsang, bog'da guling bo'loyin.
Beri kelgil ey go'zal, sevgi izhor etayin,
Beri kel so'zi asal, jamolingga to'yoyin.
Yuqoriga qaytish

Kuylarim yetgaymikan senga borib,
Kuylasa ketgaymukan toshlar erib,
Suhbatingdan bahra olsam o'ltirib,
Na bo'lar,
na bo'lar,
kelsang quchog'imga kirib,
Gulbadan.
Oy tiniq oydinda oydin oq yuzing,
Sharqiroq soydan-da sho'xroqdir so'zing,
Ko'zlarimga to'tiyo bosgan izing,
Na bo'lar,
na bo'lar,
kelsang quchog'imga o'zing,
Gulbadan.
Gulbadan, gul ham o'zing noz ham o'zing,
Kuy-qo'shiq, ohang o'zing so'z ham o'zing,
Tanda darmonim saningsiz yo'qday
Na bo'lar,
na bo'lar,
jondek kirib kelsang o'zing,
Gulbadan.
Yuqoriga qaytish

Topmadim izlab seningdek
bir guli zebo, go'zal,
Ey go'zal, zebo go'zal,
barno go'zal, Shahlo go'zal.
Yuzlaringdek yuz qani,
shahlo ko'zingdek ko'z qani,
Voh, so'zingdek so'z qani,
labzi purma'no go'zal?
Tog'u tosh ham sen degay,
keksa va yosh ham sen degay,
Oy-quyosh ham sen degay,
sen bilan dunyo go'zal!
Bazmimiz obod etib,
bizlarni ham bir yod etib,
Oshig'ingni shod etib,
kel o'zing, barno go'zal.
Yuqoriga qaytish

Hay-hay sanam, hoy sanam
Oshig'ingdurman manam,
Qarab qo'ysang na bo'lg'ay
Qarashing jonga malham.
Oshiqlaring hayrona,
Ishqingda yona-yona,
Qarab qo'ysang na bo'lg'ay
Na bo'ldi deb devona.
Ixtiyor ketdi tandan
Ko'zlar ham san tomonda.
Harir o'raglan ey voh
Nozik belu badanda.
Hay-hay sanam, hoy sanam
Oshig'ingdurman manam,
Qarab qo'ysang na bo'lg'ay
Qarashing jonga malham.
Yuqoriga qaytish

Erkin Vohidov she'ri
Ko'ngil mulkini toroj -
Aylagan ishq istilosidir.
Na bo'lg'ay oxiri, bu
Istiloning ibtidosidir.
Degaylar, do'stlikdan -
Boshlanur ishq, aksi ermasmi,
Biz endi do'st, dedi yor,
Oh, bu sevgi intihosidir.
Nechun husnu sadoqatni
Egiz tug'mabdi bu olam,
Tabiat qasdidir yoki
Bu ham bitta xatosidir.
Topindim yor - sanamga men
Muhabbat sajdagohida,
Biling, dinsizlar osiymas,
Muhabbatsizlar osiydir.
Jafo qil, mayli, dilbar,
Vasl umidin qo'ymagay Erkin,
Yotar yo'lingda ko'nglim -
Bir shirin so'zning gadosidir.
Yuqoriga qaytish

Usmon Azim she'ri
Bir zamonlar kishilarni to'ylarini o'tkazib yuradigan, dostonlar aytadigan bir baxshi yigit bo'lgan ekan. O'sha yigit tog'ni u tomoniga o'tib, bir odamni
to'yini o'tkazib o'z yurtiga qaytib kelayotsa, tog'ni tomonida cho'ldan kelayotgan bir karvonga ko'zi tushibdi. Karvonboshini to'xtatib, so'ray boshlabdi:
"Bu, tuyalarni ustida qizlar doira chalib, ashula aytib kelayapti, yigitlar oldinda shirakayf, ot o'ynatib kelishyapti. Qayoqqa ketyapsizlar?" Shunda
karvonboshi yigitga javob qilibdi: "Biz falon qishloqdan falonchini qizini kelin qilib tog'ni u tomoniga olib ketayapmiz".
Shu payt yigit bilibdiki, o'zi ahdi paymon qilgan qizni o'sha karvonda kelin qilib olib ketishayotgan ekan. Qiz ham tuyani ustida o'tirib, qizlarni
orasidan haligi yigit va karvonboshining savol-javobini eshitib, yig'lab turganini yigit ko'rib qolibdi. Shunda yigit qizga qarab:
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor,
deb turgan ekan.
Karvon ko'rdim, tuyalari bo'zlab kelar,
Nortuyada mani yorim izlab kelar.
Menga bergan va'dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko'zlab kelar.
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor.
Karvon yo'li ketgunicha qizg'aldoq zor,
Yig'lamagin yig'lagandan dunyo bezor,
O'ynab-o'ynab, kulib-kulib ketayvergin
Famga o'zim xaridorman, o'zim bozor.
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor.
Qorli tog'dan naridadur o'zga diyor,
O'zga yurtda kelin bo'lib qolishing bor,
O'zga yurtda o'z yurtingni eslab turgin
Menga emas, o'z yurtingga bo'l intizor.
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor.
Men-chi, menga goh g'am to'lar, alam to'lar,
Gohi shodlik, gohida g'am nolam to'lar,
Bu dunyoki meni ko'nglim yarim etding
Yarmi bilan kuylasam ham olam to'lar.
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo'shiq aytsam qayrilma, yor.
Karvon ko'rdim, tuyalari bo'zlab kelar,
Nortuyada mani yorim izlab kelar.
Menga bergan va'dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko'zlab kelar.
Yuqoriga qaytish

Na kun bo'lg'aykim nigorim kelgay,
Bog'i umrimda bahorim kelgay.
Umr bog'ida bahorim ko'rki
Sarvi qaddi lola uzorim kelgay.
Qani maykim chu ichib mast bo'lsam
Ko'kka tiz botmoqqa orim kelgay.
Ey, Navoiy tilag'on ul pari
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.
Yuqoriga qaytish

Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulru kelmadi,
Ko'zlarimg'a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.
Lahza-lahza chiqtimu, chekdim yo'lida intizor,
Keldi jon og'zimg'a-u, ul sho'xi badxo' kelmadi.
Ul parivash hajridinkim yig'ladim devonavor,
Kimsa bormu kim anga ko'rganda kulgu kelmadi.
Tolibi sodiq topilmas, yo'qsakim qo'ydi qadam
Yo'lg'akim avval qadam, ma'shuqi o'tro' kelmadi.
Ey Navoiy boda birlan hurram et ko'ngil uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg'u kelmadi.
Yuqoriga qaytish

Kerma manmanlik bilan o'rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo'lgan sabr ila bardoshni,
Yo'lda joningdin aziz tut senga chin yo'ldoshni.
Yo'lga sol kelsa qo'lingdin aqli past beboshni.
Odam o'g'li bo'lmag'aysan bo'lmasa senda vafo,
El aro sharmandadursan bo'lmasa sharmu hayo,
Tozadillar kiryuraklar birla bo'lmas oshno,
Na qilay bunday ko'ngulni bo'lmasa unda vafo,
Saqlamas sandiqda hech kim qimmati yo'q toshni,
Kerma manmanlik bilan o'rnida turgan boshni.
Nokerak bo'lma jahonda doimo darkor bo'l,
Bag'rida yayratgan eldan shod-minnatdor bo'l,
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor bo'l,
Qo'lga sanchilma tikandek, balki beozor bo'l,
Keksa ham hurmatlagay odobli bo'lgan yoshni,
Kerma manmanlik bilan o'rnida turgan boshni.
Har kishi ko'ngli uchun ahmoqqa himmat aylasin,
Har kishi yaxshi kishilar birla suhbat aylasin,
Har kishi mayli halol mehnatda rohat aylasin,
To'kmasin, Chustiy, sevinch-la ko'zga to'lgan yoshni.
Kerma manmanlik bilan o'rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo'lgan sabr ila bardoshni,
Yo'lda joningdin aziz tut senga chin yo'ldoshni.
Yo'lga sol kelsa qo'lingdin aqli past beboshni.
El uchun qilsang ziyon toshlarga urgin boshni.
Yuqoriga qaytish

Do'stlar, bu kun ajib bir sarvi qomat ko'rmisham,
Suvrati boshdin oyoq g'arqi latofat ko'rmisham,
Yuzlarini shu'lasin ko'rgach gulu gulzorini,
Ko'zlarini aksini ayni inoyat ko'rmisham.
Jon kibi nozik belidan surtayin zor ostidan,
Besh qobzin tig'ini jonimga ofat ko'rmisham.
Ko'rmadim monand anga chobuklik ichra necha kim,
Dilrabolar jilvasi behaddu boyad ko'rmisham.
Ketsa u chin tong emasko'rgach qiyomi qomatin,
Kim mani hayron qolib qoyim qiyomat ko'rmisham.
Bilmadim holim naerg'a oid bo'lg'ay oqibat,
Kim bu kun jonimda dardim benihoyat ko'rmisham.
Ogahiy, endi manga o'lmakdin o'zga chora yo'q.
Kim bu kun jonimda dardim benihoyat ko'rmisham.
Yuqoriga qaytish

Termulib ko'z senda qoldi, ko'zga ne bo'ldi?
Tilim lol so'z ham yo'qoldi, so'zga ne bo'ldi?
Uzalmay qolgan nigohim sezdingmu bilmam,
Oq yuzing guldek qizardi yuzga ne bo'ldi?
Ko'zlaring ko'zimga tushgach porlaydi ammo,
Qoshlar chimrildi, hayxot qunduzga ne bo'ldi?
Bu ko'zlar bog'labdi bizni o'tkir nigoh-la,
Hech tomon bosmas qadamlar bizga ne bo'ldi?
Sening ham yoningda qizlar hayrat-la boqmish,
Menga ham derlar odamlar sizga ne bo'ldi?
Menchi bir dilxasta oshiq sen so'yla jonim,
Sendayin olamda yakto qizga ne bo'ldi?
Yuqoriga qaytish

Sherali Jo'rayev she'ri
Ko'zlarga boqdim, aylona tushdim,
Sevgi degan bir daryoga tushdim.
Bahor bog'imda, nihol chog'imda
Tori zulfingga bog'lona tushdim.
Qo'zg'ab yigitlik, tutdim jilovni
Mindim banogoh asov ulovni.
Parvoga olmay yuzmingta yovni
Maydoni ishqqa saylona tushdim.
Tutmoq jilovni oson emasdur,
Minmak bedovni u bir havasdur.
Yolgi'z sevilmak o'zingga xosdur,
Deya, zikringda to'lg'ona tushdim.
Yuqoriga qaytish

Suv bo'yida majnuntol, soch yozgan suluv misol,
Tushirganmu uzugin, termulib surar hayol.
O'ltirdim soyasida, bag'rida qoyasida,
Ishq daftarin o'qidim, suvning himoyasida.
Sog'intirsa yuragim, visol bo'ldi tilagim,
Qachon kelar yonimga dilginamni keragim.
Intizorligim bilsa, unga zorligim bilsa,
Majnuntoldek kutishga man bezorligim bilsa.
Hech ketmasman yiroqqa, chidolmasman firoqqa,
Majnuntoldek kutarman, kelmaguncha biz yoqqa.
Yuqoriga qaytish

Bu ishq sirrin kitob etding, kitobing ichra men borman,
O'qurman deb xitob etding, xitobing ichra men borman.
Yarashgaydir, ajab, senga ajab nozu tamannolar,
Keturman, deb shitob etding, shitobing ichra men borman.
Yuzing hajri bilan oqqan labolab chashm selobin -
Ichurman, deb sharob etding, sharobing ichra men borman.
Umid uzgil, deding oshiq, muhabbat rishtasin uzgum,
Uzurman, deb azob etding, azobing ichra men borman.
Qayon qoldi o'shal so'zkim muhabbat ko'shkini, ey yor,
Tuzurman, deb sarob etding, sarobing ichra men borman.
Dilimda qolgan ushbu har na manzil kulbai ishqni -
Buzurman, deb xarob etding, xarobing ichra men borman.
Muhabbat gulshani ichra olib Abdullaning qalbin,
Chalurman, deb rubob etding, rubobing ichra men borman.
Yuqoriga qaytish

Meni kutgil va men qaytarman, faqat kutgil juda intizor,
Kutgil yomg'ir zeriktirganda, meni kutgil yoqqanida qor.
Xat kelmasdan uzoq yerlardan, yuragingni qilganida qon,
Sening birla birga kutganlar zerikkandan chekkanda fig'on,
Meni kutgil va men qaytarman faqat kutgil juda intizor,
Meni kutgil va men qaytarman bo'lsa hamki ranging za'faron.
Yoring qaytmas, umidingni uz, deganlarga ishonma, yolg'on.
Mayli singlim, ukam, volidam aza ochsin men yo'q tufayli,
Kutaverib sabri tugagan yoru do'stlar, oshnalar mayli
Ayroliqqa berolmasdan tob, achchiq-achchiq ichsinlar sharob
Ko'zlaringga to'lsa hamki yosh, faqat sen kut va ayla bardosh,
Meni kutgil va men qaytarman, faqat kutgil juda intizor.
Yuqoriga qaytish

Foniy dunyo sendan tilagim shudir,
Mardingni nomardga muhtoj qilmagin.
Xazinangdan bergin mardning rizqiga,
Sen mardni nomardga muhtoj qilmagin.
Nomard ko'prigidan o'lsam o'tmasman,
Karvon bo'lsam makoniga qo'nmasman.
Qo'lidan bir piyola choyin ichmasman,
O'ng qo'lni chap qo'lga muhtoj qilmagin.
Ey, Rahiym sening karaming zo'rdir,
Ta'nalik so'z negizi hanjar ham o'qdir.
Mezbonning mehmonga vafosi ko'pdir,
Mehmonni mezbonga muhtoj qilmagin.
Shoir Murod derlar so'zni aytganni,
O'nta nomard boqolmasmish bitta otani.
Bitta ota boqar emish yuzta bolani,
Otani o'g'ilga muhtoj qilmagin.
Yuqoriga qaytish

Halima Hudoyberdiyeva she'ri
Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo'ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo'ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo'ldi,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Avval kelib, quchog'ingga to'l, balq dedilar,
Unamading ayol asli ters xalq dedilar,
Yetolmagach yuz o'girib, sho'r taxt dedilar,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Talpinasan astagina va qo'yasan bosh,
Mingyillikdir ko'zlaringda jovdiragan yosh,
Gunihkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Chorlashganda jim kelsang-da, bekor kelsang-da,
Mast davraga xor kelsang-da nomardlarga zor kelsang-da,
Xor kelsang-da nomardlarga xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Aslida bor ermaklarning borar yeri sen,
Yaxshi-yomon ertaklarning borar yeri sen,
Asov otdek erkaklarning borar yeri sen,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Harir, xushbo'y badaningda toshlar izi bor,
Ko'kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh o'ti kuydirgan ne quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.
Yuqoriga qaytish

|
|
|