Shahnoza ijodidan


To'rtliklar
Do`stimning do`stiga
Umr - yo`l
DILNOZAga
Ko`zlarim yo`lda
Ajdodlar ruhi
Kutganmiding hech...
Ikki tomchi yosh
Ilk muhabbat
Muhabbat - yechilmas tugun
Qoya qidirgan soya


To'rtliklar

* * * * *
Surat dedim seni avvali,
Yo`q, sezdirib qo`yding so`zingdan.
Surat bo`lib qolibman o`zim,
Sehrlovchi jodu ko`zingdan.

* * * * *
Yor, qarasam qaragudaysan,
Oy desam oy, kunda kundaysan.
Butun jahon husningga hayron,
Sen parvosiz, nega bundaysan?

* * * * *
Seni ko`rdim, o`ynadi yurak,
Hayajondan titroqda dilim.
Ko`zim tushdi ko`zingga malak,
So`z topolmay lol qoldi tilim.

* * * * *
Qalbimni so`rading, berdim ishonib,
Buncha ko`z oldimda o`ynaysan uni?
Ermakka qalbini sotganlar g`olib,
Lek, men kabi dildan sevolmas seni.

* * * * *
Yoshlikda shijoat oshnosi bo`l, do`st,
Qo`lingdan berma hech oltin vaqtingni.
Yoshlik g`animatdir, sevib-sevil do`st
G`animat damlardan so`ra baxtingni.

* * * * *
Oynaga o`yilgan go`zal naqshsimon,
Ilk sevgi qalbingdan ko`chmaydi, do`stim.
Umringning bezagi, ko`rki ishq ishon,
Chirog`i o`chmasa o`chmaydi, do`stim.

* * * * *
Hamon qalbimdasan, ey barno yigit!
Nechun unutmayman seni bir nafas?
Shaxlo ko`zlaringu dilbar nigohing,
Hatto tushlarimda meni tinch qo`ymas.

* * * * *
Muhabbat nur bo`lib qalbni yuvmasa,
Ayt! Uni qardiga yetarmu kishi?
Qo`y do`stim o`ksima, agar sevmasa,
Ortiga qaytmasdan ketgani yaxshi!

* * * * *
Yor ketib, ortidan qarab qolibsan,
Quralay ko`zingda qatra-qatra yosh.
Qalbingga bemahal olov solibsan,
Dilingni yoritmas hattoki quyosh…

* * * * *
Yig`lamagin aslo, yig`latsa seni,
Qaramasa mayli, sevmasa mayli.
O'ksinma va yana unutma shuni -
Zamin dumaloq, qaytar u hali.

* * * * *
Ertalab shoshilib turaman yana,
O`qishga negadir tortadi meni.
Barmoqlarim titrar har damni sanab,
Chunki bugun yana ko`raman seni!

Yuqoriga qaytish



Do`stimning do`stiga


Do`stim senga bitta maslahat,
Sen uchundir balki bitta nasihat.
So`zlarimni dildan qabul qil,
Yaxshi ham yomon u narsa ekan TIL!

Aytmoqchi bo'lganing avval o`ylagin,
Biroz o`ylab, keyin so`ylagin.
Yaqinlaringga bo`l o`zing quvvat.
Beva-bechoraga ko`rsat muruvvat.

Gaplarimga aslo xafa bo`lmagin,
Do`stim sen tinglagin, faqat kulmagin.
Ko`nglingda bor bo`lsin har doim iymon,
Birovning dardiga har vaqt bo`1 darmon.
Gerdayma hech qachon, o`zingni past tut,
Ana shunda bo`lar sening baxting but!

Baxtiyor chog`ingda mo`l bo`lar ulfat,
Barchasin do`st deya o`ylama yana.
Boshingga nogahon tushganda kulfat,
Chinakam do`stlarni shundan so`ng sana!

16.12.94

Yuqoriga qaytish



Umr - yo`l


Umr - yo`l deydilar, manzili yiroq,
Bunda ham dard ham baxt bo`larkan, biroq.
Turtinib-surtinib yetgan manziling -
Qarichgina yer-u bir uyum tuproq.

Sen uning chekiga yetgunga qadar,
Yuzlab insonlar-la bo`lursan oshno.
Kimlar uchun aziz, kim uchun esa,
Bo`lur sening qadring misoli yaproq.

Umr - bir yo`lsanki, manziling sarob,
Shamoldek tog`larni kezib o`tarsan.
Do`l bo`lib bog`larni esib o`tarsan,
Ko`zimni yumsamu ochgunga qadar,
Bir zumda, bir pasda tugab ketarsan.

Xayollar, qalbimni qiynamang ortiq,
Unga erkinlikdan aylangiz tortiq.
Bilarman umr emas cheki yo`q osmon,
Aniq, bu dunyoda barchamiz mehmon.

14.04.96

Yuqoriga qaytish



DILNOZAga

(yakkayu yolg`iz opam Dilnozaga)

Hoy, Dilnoza! Nega xafasan?
Ko`zlaringda mo`ltiraydi yosh.
Ko`zyosh to`kma, axir go`zalsan,
Qalbingdadir u yorqin quyosh.

Jon opajon, ishongin menga,
Axir senga tilaganim baxt.
Ko`zingdagi ma'yus sokinlik,
Qilib qo`yar hammani karaxt.

Sen uchun opajon,
Beray jonimni,
Beray bor-yog`imni, tashna qonimni.
Faqat yig`lamagin, kuyadi bag`rim,
Dunyoda baxtli bo`l, sen jon jigarim!

27.01.98

Yuqoriga qaytish



Ko`zlarim yo`lda


Sokin shamol. Qorong`u tun.
Qachon kelasan?
Erta? Yo bugun?
Deb siqilar mening yosh qalbim.
Qayerdasan mening yo`qolgan baxtim!

Tungi to`q rangli osmon-
Sening qora sochlaring, derding.
Nechun meni qoldirib hayron,
G`oyib bo`ldi ruxsoring sening?

Sokin shamol. Qorong`u tun.
Seni yana kutarman, bilgin.
Sen deb bo`zlar hamon yuragim,
Qayerdasan yo`qolgan baxtim!

17.01.99

Yuqoriga qaytish



Ajdodlar ruhi


Men shoir emasman, adib ham emas,
Lek ko`nglimda ajib bir tug`yon yotar.
Bu na sinoat, na g`oya emas,
Bunda ajdodlarim qismati yotar.

Vatanning ishqida kuygan menmasman,
Jigarim chun yovni suygan menmasman,
Balxda jon shirinin tuygan menmasman,
Bunda ajdodlarim achchiq qismati.

Ko` oldimda qafas. Ichida bulbul,
Qarshisida turar Navoiy bobom.
Va bir tilik qovun tutgan, titragan,
Ko`zyoshin yashirmay Hazrati Bobur…

Xonligu sovetlar davroni o`tdi,
Endi yosh to`kmaydi o`zbegim also.
Qodiriy bobomning aytgani bo`ldi:
Bugun mustaqilman, ozodman, men-Hur!

O`z erkim qo`limda, qalamim o`tkir.
Lekin tariximni varaqlaganda,
Siz ulug` ajdodni esga olganda,
Qo`llarim titraydi, bag`rim sel bo`lar.

Asta pichirlayman o`zimga-o`zim:
Sizni unutmayman, hech qachon aslo.
Doimo bo`lasiz qalbim to`rida.
Tursam, yursam,
Neki ishga qo`l ursam,
Madad siz bo`lgaysiz, ruhim qo`riga!!!

21.06.99

Yuqoriga qaytish



Kutganmiding hech...

Meni hayotingda kutganmiding hech?
Yo bexosdan kelgan mehmonmu o`zim?
Taqillatmay kirdim, kechirgin yorim,
Juda qo`rqqan edim qolmayin deb kech.

Kechikmabman, shukur. "erta kelibman!"
Qalbingda bor ekan bitmagan yara.
Men ahmoq bilmayin uni tilibman,
Mendan ozorlarni kutganmiding hech?

"Hammasi joyida", deysan jilmayib
Xuddi menga yotdek sening dardlaring.
Ikki tomon aro cho`g`dek qiynalib,
O`ylaysan: hayotda kuyganmiding hech?

G`ururli insonga bosh egish qiyin
Uning qiynalishi hayotda tayin
Sening azoblaring ko`rganim sayin
Dilim firoqlarin tuyganmiding hech?

Meni hayotingda kutganmiding hech?
Ko`zingdan marjonlar yo`llarga sochib,
Dunyo lazzatidan abadiy qochib,
Mendek darveshona suyganmiding hech?

Meni hayotingda kutganmiding hech?
Yo bexosdan kelgan mehmonmu o`zim?
Taqillatmay kirdim, uzrim qabul et.
Endi ostonangdan qaytmog`imga kech...

Yuqoriga qaytish



Ikki tomchi yosh

Entikib kutganda, sabrim bitganda,
Sog`inchlarim osmon bo`lib etganda,
Vujudim olovdek yonib ketganda,
Ko`zimdan mo`ralar ikki tomchi yosh.

Seni uzoq kutdim sadoqat saqlab,
Har tong otishidan qorayguncha qosh.
Pok muhabbatimni asrab-ardoqlab,
Ko`zimdan oqardi ikki tomchi yosh.

Sening hayolingda o`tdi kunlarim,
Seni tushlarida ko`rdi tunlarim,
Dunyodan qolmadi aslo sirlarim,
Fosh etdi barini ikki tomchi yosh.

Kelmading, bevafo, kutdim kelmading,
Borlig`im hajringda kuydi, bilmading.
Endi bilsam ekan, bag`ring seni tosh,
Eritolmas hatto ikki tomchi yosh.

Bu og`ir sinovda sinib qolmasman,
Hammasini engar mushtdek yuragim.
Ammo suratingga ko`zim tushganda,
Yaram og`rig`iga chiday olmasdan
Yuzlarimni silar ikki tomchi yosh,
Seni yodga solar bu achchiq ko`zyosh...

Yuqoriga qaytish



Ilk muhabbat

Esingdami seni - biz tanishgan kun?
O`shanda o`n kunlik edi kuz fasli.
Barcha tashvishlarni unutib butkul,
Ikkalamiz qoldik yorug` olamda.

Sen menga bir boqding, senga bir boqdim,
O`rtada tug'ildi buyuk muhabbat.
Taqdir vujudlarni ming o`tda yo`qdi,
Omon qoldi undan zamin-yer faqat.

Esingdami seni - biz tanishgan dam?
Iliq kuz shamoli esdi o`shanda.
Olov xazonlarda bosolmay qadam,
Qimirlamay qoldik yo`rug olamda.

Bir zum silkinmadi hatto bitta barg,
Faqat yuraklar ne bilmadi tinim.
Nogahon jon kirib asta so`z qotding,
"Yaxshimisiz?" deding, "Yaxshiman" dedim.

Esingdami seni - biz ko`rishgan kuz?
Oldinda qish qoqib turar edi qosh.
Seni uchratgandan qilmasdim afsus,
Qishdan isitguvchi bor bo`ldi quyosh.

Eshingdami seni - biz uchrashgan kun?
O`shanda o`n kunlik edi kuz fasli.
Ming bir muammoim utunib butkul
Shirin uxlagandim o`sha yolg`iz tun.

21.02.04

Yuqoriga qaytish



Muhabbat - yechilmas tugun

Meni unutishga tutinma bugun,
Ko`ksimda qalbingning bor harorati.
Muhabbat - bo`g`lansa yechilmas tugun,
Uni yecholganning yo`q halovati.

Meni unutishga urinma aslo,
Bardoshing yetarmu ketgani kechib?
Ko`zlaring ko`rmaydi ko`zlarim go`yo,
Mensiz qolmasmikin qalbing ichikib?

Meni unutib sen toparmisan Baxt?
Men yolg`iz o`zingni Baxt deb bilardim.
Sensiz umrim bo`lar abadiy karaxt,
Sendan boshqa Baxtni ko`rmas nigohim

Ko`zlarim ko`rmikan aslida meni?
Sendan o`zgasiga tortmaydi dilim.
Ko`zlaring ko`rmikan aslida seni?
Seni sevaman, deb aytolmas tiling.

Meni unutishni oson bilmagin,
Ko`ksingda hali ham yonar tuyg`ular.
Mendan ayri ketib xato qilmagin,
Bir kun kech bo`lganda jisming uyg`onar.

Meni unutishga tutinma boshqa,
Labimda nafasing harorati bor.
Sensiz yasholmasman, ko`zlarim yoshda,
Orada sevgi bor, qolgani bekor...

Yuqoriga qaytish



Qoya qidirgan soya

Hasrat ichra quvonch qidirib,
Esankirab yurar ko`chada soyam.
Yuragin boshqaga sovg`a qildirib,
So`qqayib qolibdi misoli qoya.

Bugun ham otlandi ko`chaga yana,
Bu gal ko`zlarini bermoqchi senga.
Ma`yus jayron nigoh kutmoqda seni
Sen esa go`yoki bilmaysan. Nega?

Cho`qqisi bor qoya izlaydi soyam,
Hadya etmoqchidir unga tabassum.
Kerakmas demadi hattoki qoya,
Senga kerakmasmi qora ko`zlarim?..

Soyamning hayoti aslida yo`qday,
Seni izlash bilan kechar kunlari.
Cho`qqisi bor qoya bilan quvonch-u
Seni tushlarida ko`rar tunlari.

Cho`qqisi olisda, qoya uzoqda,
Seni osmon bilib bechora soyam,
Nigohin tikadi tunlari ko`kka,
Tabassum ulashar deya u qoya.

Soyam chiqolmaydi ulkan cho`qqiga,
Duv-duv yig`laydi u sendan qo`rqqanday.
Senga jim cho`zadi ikki qo`lini,
Ko`zlarin beradi hadya berganday.

Sen-chi, nima berding g`arib soyamga?
Alam, g`am, hasrat va yuzlab ajin…
Sendan bo`lak bilmay yashadi soyam,
Sen bergan azobni senga bermadi.

O`tgan hayotiga bir boqib soyam,
Ko`rdiki, qilibsan sen uni harob.
Seni go`zallik deb aldagan g`oya
Aslida begona, umidsiz qoya.
Sen - cho`qqili qoya - abadiy sarob...

Yuqoriga qaytish