Bosh sahifa
 Orqaga qaytish

Oytuman va Elbek baxshi


Oytuman va Elbek baxshi

  U payt shoir elma-el, yurtma-yurt yurib, goh dili suyganni, goh dili kuyganni tinglar ekan. Shoir "oh" tortsa, el "oh" tortib, shoir kulsa, el kular ekan. Elbek baxshi ham el kezib yurib, odamlarning dardini sezib yurib, bir ovul ustidan chiqdi. Qaradi, bir ayol qimtinib, xayol surib, toshlarga turtinib soyga, suvga tushdi. Tanidi - Oytuman. Oytumanning ko'zi ham unga tushdi. Gapirmoqqa til qayda? - ikkovi ikki joyda serrayib turibdi. Shunda ularning sel-selbor yig'layotgan ko'zlari shunday gaplashishgan ekan:

Oytuman:

- Yaproqlar so'ladi - baxtsizman,
Olovlar so'nadi - baxtsizman.
Yo'lingga intizor ko'zimni,
Tuproqlar ko'mmadi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Axir, bir ochilish baxti bor,
Boshoqday yanchilish baxti bor,
Sog'inchdan xazonday to'kilib,
Ko'zyoshday sochilish baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Kun o'tmay, shom keldi - baxtsizman,
Ufqdan qon keldi - baxtsizman,
Nechun bu yuragim qiynalar,
Ot minib, jon keldi - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Shom chog'i yulduzlik baxti bor,
Sog'inchda yolg'izlik baxti bor,
Hasratda qo'shig'im gulladi,
Shu gulga ildizlik baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Dilimda nolam bor - baxtsizman!
Jig'amda lolam bor - baxtsizman,
Qo'sh beshik tebranar yonimda,
Egizak bolam bor - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yurakni tinglamoq baxti bor,
Qayg'uni ilg'amoq baxti bor.
Kechani sho'r boshga yopinib,
Ko'rinmay yig'lamoq baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Yo'limdan tayrindim - baxtsizman -
Qanotim qayrildi - baxtsizman.
Kechalar boshimga yog'ilsin,
Men sendan ayrildim - baxtsizman -
Ammo sen baxtiyor bo'lgin, hamisha!

Elbek baxshi:

- Yig'lama, armonning baxti bor,
Oytuman, hijronning baxti bor.
Ishqsizga omonlik baxt bo'lsa,
Ishq ichra qurbonning baxti bor -
Men shunday baxtiyor bo'lay, hamisha!

Oytuman:

- Armonning gullari sap-sariq,
Sariqqa to'ldi-ya, bu borliq,
Men qancha baxtqaro bo'lsam, ayt,
G'ussadan bo'lasan sen forig'.
Men qancha baxtqaro bo'lay, ayt!

Elbek baxshi:

- Boshingga shol ro'mol tashlaysan,
Bekorga ko'zingni yoshlaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lsam, ayt,
Sen meni unutib yashaysan.
Men qancha baxtiyor bo'lay, ayt!

Ular shu alfozda qancha turishganini bilishmadi. Avval Elbek baxshi o'ziga keldi. Qarasa, ko'zlari dardlashib to'ymaydiganday. Shunda o'zini tutib olib, ko'z yoshini yutib olib, Oytumanga gap qotdi: "E, egachim, bunday qarasam, kelbating ovulmizdagi Davlatbiyning qiziga mengzaydi. Shu yerlarga bir qizi kelin bo'lib tushgan deb eshitaman. Shu sen emasmisan?" -dedi. Oytuman bir yutinib, ming bir tutilib: "Davlatbiyning shu qizi men bo'laman", dedi. "Borsam elu yurtingga nima deyin?" - dedi Elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Yana nima deyin?", deb so'radi elbek baxshi. "Salom deng", dedi Oytuman. "Xush qol bo'lmasa, egachim", deb elbek baxshi otiga qamchi tortdi. "Yaxshi boring, og'am", deb Oytuman soy bo'yida toshday qotdi... Birodarlar, Elbekning ketishiyu Oytumanning qolishini aytishga kuchim yetmaydi. Mening ham bitta jonim bor-da...

Usmon Azim

| Copyright © 2004, Tuychi Ruziboev. All Rights Reserved. |