Bosh sahifa
Orqaga qaytish

Orifjon Turopov ijodidan


Tush ko'ribman
Sevgim haqida so'ra
Yolg'izlik
Sarob
Fojea
Kulish qiyin ekan


Tush ko'ribman


Men
Tush ko’ribman
Tong
Otayotganmish,
Nafis, mayin tiniqlik
Borliqni ohista
Uyg’otayotganmish.

Bitishik turarmish yer bilan osmon
Jildirab oqarmish ipakdek nurlar,
Men esa
Raqs tusharmishman,
Atrofimda go’zal hurilar.

Ko’kda dengiz shovullar emish,
Zamin uzra yulduzlar to’zg’ib
Tovlanarmish zumrad singari,
Mayin titrar emish yuragim
Har tekkanda mo’jaz saharning
Serin lablari.

Lekin nedandir, ne sababdandir
Ko’nglim emish yarim,
Rangim za’faron
Nenidir izlar emish
Ko’zlarim.

Sohta tuyularmish butun manzara
Va kimdir yashirin
Meni qilar emish
Masxara.

Hiringlarmish qandaydir bir sir
Ko’zlarimning ichiga boqib.
Men sekin payqabman
Bu ko’rganlarim-
Muzlatib qo’yilgan
Qalbaki tasvir…

Men sekin farqlabman
Bu tongning
Chiqajak
Quyoshi
Yo’qligin…

Tush ko’ribman…
Men tushlarimda
Quyoshni
Ahtarib
Yuribman…

Yuqoriga qaytish



Sevgim haqida so'ra


Olis yulduzlarga zimdan nazar sol
So'ngsiz kechalarning hazin bag'rida,
Oyning shu'lalarin hovuchingga ol
Va ulardan so'ra sevgim haqida.

Namli kipriklarim ustiga qo'ngan
Kamalakning rangin sochlarin tara,
Shabnam bo'lib qonli ko'z yoshim tomgan
Chamanlardan sevgim haqida so'ra.

Ma'yus ko'zlarimning qaroqlarida
Majnun muhabbatning tug'yonini ko'r,
Sermavj dengizlarning qirg'oqlarida
To'lqinlardan sevgim to'g'risida so'r.

Vasling firoqida jon berar bo'lsam
Sovuq lablarimga lablaringni sur,
Hayotga qaytarman sen uchun bir dam
O'limdan sevgimning qudratini so'r.

Yuqoriga qaytish



Yolg'izlik


Sovuq. Vujudimda kuchli bir titroq
Qorong’u kechada yuribman kezib,
O’tkinchilar loqayd, ko’chalar sassiz
Faqat yomg’ir yog’ar yurakni ezib.

Begona bir shahar, begona hayot
Yolg’izlik miyamni olmoqda so’rib,
Ruhsizlik buluti suzar tanamda
Achchiq yosh ko’zimga qoladi to’lib.

Zulmatning tim qora po’lat zanjiri
Chirmashib boradi oyoqlarimga,
Sukunatning nohush, og’r bosimi
Qo’rg’oshindek oqar quloqlarimga.

O’z yog’ingga o’zing qovurilasan
Dunyoning sen bilan zarra ishi yoq,
Birovdan gar ko’rsang jindek yahshilik
Olamda sendanda bahtli kishi yo’q.

Hayolingdan o’tar jonajon yurting
Qo’msaysan so’zlashni ona tilingda,
Eslab issiqqina oshiyoningni
Sezasan rohatbahsh hisni dilingda.

Seryomg’ir shaharning ruhsiz bag’rida
Vatan hijronila kunlar o’tadi,
Qadrdon uyimning to’rida meni
Bir tishlam tishlangan qoq non kutadi.

Yuqoriga qaytish



Sarob


Eshiklarni yopgil, tort pardalarni
Yumib olgin horg'in ko'zlaringni ham,
Ana endi do'stim ko'p narsalarni
Hayol qilsang bo'lar erkin, hotirjam.

Hoxlaguncha kuyla go'zallik haqda
Unutma olamning charog'onligin,
Ezgulikka to'la olamni maqta,
Yodga ol hayotning farovonligin.

Yo'lingga hech kimsa bo'lmagay to'g'on
Orzularing uchun qilmaslar so'roq,
To'yguncha hayol sur, sevin, kul, quvon
Derazadan pastga boqmagil biroq...

Yuqoriga qaytish



Fojea


Na fojea sahar vaqti samoga
Qora bulut galasining to’lishi,
Bevaqt kelgan izg’irinning dastidan
Navbahorda chamanlarning so’lishi.

Oqib turgan tip-tiniq buloqlarning
Na fojea loyqalansa ko’zlari,
Na fojea alla aytgan onaning
Marsiyadek jaranglasa so’zlari.

Mayin ma’yus bulbullarning kuyini
Qarg’alarning qag’illashi buzadir,
Ummon kabi bag’ri ochiq millatning
Ma’vosida qora quzg’un suzadir.

Uyqulardan sarqigan qaboqlarga
Qora parda yana tarang bichilur,
Qashqirlarning dabdabali bazmida
Yo’qsillarning ko’z yoshlari ichilur.

Zulmat ichra surinsa gar haqiqat
Tafakkurning aqlin zindon chaynasa-
Fojeadir. Fojeadir bulbullar
Shom vaqtida tong otdi deb sayrasa.

Yuqoriga qaytish



Kulish qiyin ekan


Kulish mushkul ekan chin dildan yayrab
Alamlar hislarni qitiqlab tursa,
Kulish mushkul ekan tig'ini qayrab
Dardlar qoq yuraging mo'ljallab ursa.

Xo'p qiyin jilmayib tashvishdan ortib
Hatto bayramlarda do'stlarni qutlash,
Azobdir jilmayib, zahringni yutib
Kimningdir yarimta ko'nglini butlash.

Kulish mushkul ekan ustingdan o'zing
Nodon ekanliging aytib oshkora,
Quvnoq odamlarga tilayman to'zim
Qaniydi kulolsam men ham bir bora.

Yuqoriga qaytish