Bosh sahifa
Orqaga qaytish
|
|
Oqchova ohanglari
Shohjahon
Ko'klam
Turmush
Orzu
Haqiqat
Umr
Nomsiz she'rlar
Farhod
Bu dunyoda mening kimim bor?!

Maysalar quyoshni ketdi sog'inib,
Buloqlar ko'zidan oqar hayajon.
Zaminga zangori tuyg'ular inib,
Tog'lar tomirida yugurmoqda qon.
Yaxshi to'n yopingan dashtlar karvoni -
Ortidan cho'ponlar chopdi chalib nay.
Chimildiq aylab bul harir havoni
Qizg'aldoq kelinday ochilmoqqa shay.
Vujudlar vorisi - ruhlar kuylasin,
Armonlar erisin muzlarday buklam.
Ko'zimda samoviy sevinch bo'ylasin,
Kel, qalbim qatiga kiraqol, Ko'klam!
Yuqoriga qaytish

Uyg'onding. Chumoli chopar jismingda,
Cho'ntagingdan uchib ketar kapalak.
Poyingga osilib olgan vaqt esa,
U qo'ngan gulzorni topolmay halak.
Serqatnov tashrifga berolmay bardosh,
Qadamingni yo'llar qo'yar yo'qotib.
Senga qarab turib qon bo'lgan quyosh,
Ufqday ko'ksingga ketadi botib.
Ruhingni quchganda toliqqan xayol,
To'rtburchak kulbaga ohista kirib.
Anglaysan yashamoq og'irligini
Asabxo'r kunlarga ko'ksingni berib...
Yuqoriga qaytish

Behudud kengliklar aro yugursam,
Maysalar shivirlab kuylasa mayin.
Yellarning sochidan arqon yigirsam,
Har qatida yo'llar yig'lashi tayin.
Osmon og'ushiga kirsam yulduzday,
Oymomo qoshimda so'ylasa ertak.
Bulutlar sutidan simirsam, muzday,
Qalbimda quvonchdan bo'rtgusi kurtak.
Bedorlik o'tida kunduz-kechqurun -
Otlansam musaffo XAYOL shahriga.
Xullas, jismu jonim o'lmasdan burun
Singib ketsam butkul borliq bag'riga...
Yuqoriga qaytish

Jindek nohaqlikdan ketsam tutoqib,
Nenidir axtarsam yonib, yutoqib,
Tushuning, ilk bora qora mum emas,
Kirgandir qalbimga oppoq sut oqib.
Yuqoriga qaytish

Paysal bilmas dunyo hiddati,
Kechar go'yo chaqmoq - shiddati.
Umr - kasning O'limdan olgan
Qarzlarini uzish muddati.
Yuqoriga qaytish

* * * * * * * * *
Dunyoga dil berdim orzudan nishon
Umid yelkasiga qo'yganman boshim.
Xontaxta yonida kechar parishon,
She'rni sevib qolgan o'n yetti yoshim.
Lahzalik tahqirga chidolmas g'urur,
Tunlab egiladi, turar mung'ayib.
Ko'ngil bedorlikdan tuyadi huzur,
Sog'inch yoshim kabi borar ulg'ayib.
Ko'zlardagi makr-hijob ostida
Bir qadar ko'rina boshladi olam.
Bashang hasratlarni yengmoq qasdida,
Musiqiy o'langa aylanar nolam.
Tillardan kalom-la to'kilgan aprel
Soddadil oylarga sotadi yolg'on,
Xusumat xazonin to'zg'ita u yel -
Uchirar oqibat gulshani tomon.
Dunyoga dil berdim. Bir tong quyoshim -
Yog'du sochar ekan ko'zim quvonib.
Mana ro'paramda - o'n yetti yoshim
Ammo tund hozircha atrof-javonib...
* * * * * * * * *
Ayricha tovlanar ko'zlarda xilqat,
Bahorning farahbaxsh, sokin tunlari.
Ohorli ohangga aylanib bu payt,
Yurakka quyilar ko'kning unlari.
Daryolar sochini taraydi nasim,
Buloqlar tubiga cho'kib ketar oy,
Hadsiz hayojondan titrar nafasim:
"HAR NEKI BUNDADIR BORLIQQA CHIROY..."
* * * * * * * * *
Mahzunvash turibdi. Sukut ichra jim,
Bir sohir xayolga cho'mgandek borliq.
Tunggi moviy osmon-keksa munajjim,
Zuhro-tun ko'ksiga qadalgan yorliq.
Tollarning boshi xam turar, hoynahoy
Samoning yog'dusi kuydirmish kiftin.
Buloqlar boshidan ketolmaydi oy -
O'zining aksiga bo'lgandek maftun...
* * * * * * * * *
Milmilak misoli mahzun miltirar
Hilol halqumida hilpiroq husn.
Yam-yashil yaylovda yalpi yaltirar,
Falakning faromush fonusi fuzun.
Tonggi tuyg'ulardek tarovatli tus
Oqshom og'ushida ohangday oqar.
Ilinj iste'hkomin ichida ilkis
Yosuman yog'dular yoqutin yoqar...
* * * * * * * * *
Yuqoriga qaytish

Oling, baxtli bo'ling,
ichib yuboraylik shu g'amni.
Jim aylanib yotgan bu dunyosida
odam tushunmagan odamni...
Farhod
Bunda biz yuqotgan dunyo - ko'ngilmi,
Va ko'ngilda ketgan muhabbat ta'mi.
Muhabbatsiz qolgan bo'm-bo'sh dunyoda
Bizlar ichmoqdamiz kimlarning g'amin.
Uzr so'ramadik vallamatlardan
Qaydadir bexosdan turtib yuborib.
Ularning ko'rsatgan karomatlari
Hayratxonamizni kirmadi yorib.
Bizning huvullgan bahorgi bog'lar,
Kuzning yellariga aylarmikan lutf.
Xazon g'aramining za'far ortida
Dimog'lar chiridi sof havo kutib.
Kimnidir mehriga zor bo'ldik, rostdir -
Olis ayroliqning ayvonlarida.
Lek yig'lash bizgamas, osmonga xosdir,
Hech bo'lmasa selga aylanib
Oqmoqchun yer sayhonlarida.
Endi iching, ichmang, hohish Sizdadir,
"Mening yozmishlarim Sizlar uchunmas..."
Biz ichdik shu g'amni dunyo jomida
So'ng yig'lab "ko'ngilni ko'ngil tushunmas".
Yuqoriga qaytish

Bu dunyoda mening kimim bor?!-
Yolg'iz onam va uch singlim bor.
Otam hamda ukamning dardi,
Yuragimni tog'day ko'tardi.
Xayriyatki, qirlar bor ekan,
Maysalarga yonboshlab yotdim.
Oyog'imga kirgan har tikan,
Mehr bo'lib qalbimga botdi.
Mana shu yoz, mana shu bahor,
Taftidan ruh, rang olib o'sdim.
Tashlab ketdi meni necha bor -
Nayson degan aldoqchi do'stim.
Epkinlarga yolvordim yelib:
"Olib keting og'ushingizga
bir nochorni rahmingiz kelib
hechqur hammol bo'lg'usi sizga!"
Lek yelning-da o'z tashvishi bor,
Shoshqin shiddat, o'q-hayot tarzi.
Shu tariqa qolaverdim zor,
Uchqurlarga yetmadi arzim.
Mana yana bir o'zim yolg'iz,
Qirlar uzoq, o'tlar - begona.
Hatto tikan - sitamgar bir qiz,
Yo'qdir bunda. Lek tanho Ona-
Yonimdasan borlig'ing bilan,
Ruhu yodim sendan kuch olar -
Ishonaman,asrashi tayin
Mani shafiq, shaffof duolar.
Bu dunyoda mening kimim bor?!-
Yolg'iz onam va uch singlim bor.
Otam hamda ukamning dardi,
Yuragimni tog'day ko'tardi.
Yuqoriga qaytish

|
|
|