|
Kenja botir:
Malikam, tulporim terdan qoraydi,
Ko'hi Qof tarafdan qo'zg'oldi to'fon.
Quyosh qochib ketdi, olam toraydi...
Devlar ortimizdan kelar begumon!
Malika:
Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - qo'rqinchlarni ayladi bekor.
Mening bir sehrli tarog'im bordir,
Tashlasam, yo'llarni tutgay changalzor.
Kenja botir:
Malikam, changalzor o'tday o'rildi,
Yo'q bo'ldi, kul bo'ldi - bir bog' xas kabi.
Yana ortimizdan devlar ko'rindi -
Oh, bizni ajratmoq ular matlabi!
Malika:
Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - qo'rqinchlardan ayladi ozod.
Mening qudrati zo'r bir ko'zgum bordir,
Tashlasam, ulkan ko'l bo'ladi bunyod.
Kenja botir:
Malikam, maxluqlar yo'qotdi ko'lni,
Sho'rlik ko'l quridi - buruqsib, bug'lanib.
Devlar kelayapti changitib yo'lni -
G'azabdan ko'karib, tutab, cho'g'lanib.
Malika:
Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir,
Sevging - mening uchun tasalli ziyo.
Mening bir sehrli qayrog'im bordir,
Tashlasam, baland tog' bo'ladi paydo.
Kenja botir:
Malikam, tog'imiz suv bo'lib oqdi,
Eridi, yo'q bo'ldi metin toshlari.
Devlar kelayapti - mash'allar yoqib,
Bulutlarga tegib tog'dek boshlari!
Malika:
Botirim, devlardan qo'rqmog'im ordir!
Sevging - mening uchun behadik dunyo.
Na qayroq, na taroq, na ko'zgum bordir -
Endi mening uchun sen borsan tanho.
Usmon Azim
|