Bosh sahifa
 Orqaga qaytish

Iqbol Mirzo ijodidan


Shoir haqida

Uyg'onish...
Axir men bittaman
Miskin Ayol
Sevgilim
Oqshom...
Ey dil
Saraton
Maktublaringiz yo'ldadir...
Bir kun kelib...
Taqdir
Ketolmayman
Kursdoshlarimga
Xotira
Aldov
Qismat chiziqlari
Muqaddima
So'nggi so'z
Xulosa
Vidolashuv
Seni unutganman

Meros
Ayyor qiz
Xudoga soldim
Seni sog'inib
Metroda
Yulduz
Siyom egizaklari
Baxt
Oshiq
Qizlarxon
Dadam qabri
Singan odam
Bachkana kun
Entikardi...
Yigit (Azizbekka)
Dard
Navro'zguli
O'pkalanib qaraysiz
Bilsang edi...
Zulfiya

Uyg'onish...


Huvillagan dunyo, huvillagan qalb,
Na quvonch, na rayhon, na g'am, na yalpiz...
Qip-qizil qumlarni kechdim yuz yillab,
O'zim bilan o'zim yashadim yolg'iz.

Bir kuni oy bilan tillasha turib,
His qildim yuragim og'irligini.
Ko'klam sellaridek qonim gupurib,
Angladim yashashim zarurligini.

Osmonni quchoqlab yotganim tunda,
Muhabbat, oy kabi kirding yodimga...
Bulutlar oqqushga aylandi zumda,
Yulduzlar to'ppillab tushdi yonimga.

Yelkamda yelkanday qanot barq urdi,
Bir go'zal qush bo'ldim ertakdagiday.
Yovvoyi shodlik-la azot hayqirdim,
Titradi koinot etaklari-da.

Titradi koinot etaklarin-da,
Kirpidek g'ujanak bo'lgan olamlar.
Quyosh tig'in charxlab yelkalarida,
Qip-qizil qum kechib yurgan odamlar...

Yumshoq shamollarni qo'zg'atib uchdim,
Qahkashon - shiddatim qoldirgan oq iz...
Sening olamingga boryapman, kutgin,
Osmonni quchoqlab yotgan g'amgin qiz...

Yuqoriga qaytish


Axir men bittaman


Million yilda meni yaratdi hayot,
Meni so'rab qator tog'lar cho'kdi tiz.
Nahot anglamaysan, bilmaysan nahot,
Axir men bittaman, yagona-yolg'iz.

Bug'lanib qaytadan to'kiladi suv,
Quyoshdan ishorat, ko'z yorar ildiz.
Men axir ularga o'xshamaymanku,
Axir men bittaman, yagona-yolg´iz.

Har elat o'zicha atar shamolni,
Mingta ism bilan yashaydi yulduz.
Sen qaydan topasan boshqa iqbolni,
Axir men bittaman, yagona-yolg´iz.

Nafasim g'animat, so'zim g'animat,
Fojia poyimdan uzilgan har iz.
Mening nigohlarim eng ezgu ne'mat,
Axir men bittaman, yagona-yolg'iz.

Yaratganga borib aytaman seni,
O'zi hukm etsin, odil va xolis.
Men qaytib kelmayman, tushunyapsanmi?
Axir men bittaman, yagona-yolg'iz...

Yuqoriga qaytish


Miskin Ayol


Siniq oy sarg'ayib kezarkan ko'kda,
Tomlarda sh'ulalar sharpasin ilg'ab,
Zanjirini siltab, ayqirdi ko'ppak:
Havf!

Ayol miskin edi.
His qildi ayol-
Qaydadir erini o'pardi bir qiz.
Keng hovlida yomon siqildi ayol,
Bir kechada quvrab, to'kildi nargis...

Tonggacha hovlida tinmadi zanjir,
Ko'ppak sahargacha betoqat hurdi.
Ayol ham gunohga qo'l berdi oxir-
Tushida birinchi sevgisin ko'rdi.

Yuqoriga qaytish


Sevgilim


Sevgilim,
Dilsizlar dillarimizni
Toshbo'ron qilsalar, vayron qilsalar.
Tikanlar qoplasa yo'llarimizni,
Sen achchiq yig'lasang,
ular kulsalar.

Sevgilim,
Sevgini sevmagan zotlar
Qaro aylasalar oq asotirni.
(darg'azab pishqirsa quturgan otlar)
Go'rdan chiqorsalar
Qorabotirni.

Sevgilim,
Men jangga kiraman, jangga,
Qarog'ingdan tiyra jola uchun ham.
Osmonni bo'yayman qirmizi rangga,
Chap ko'ksingda majruh lola uchun ham!

Sevgilim,
Bu so'qish og'ir bo'ladi,
Qonlarim oqadi, qonlari oqar.
Ana, yaralangan oy ham quladi,
Qon sachragan quyosh qizarib boqar...

Sevgilim,
Yov qochar sichqon iniga,
Muzaffar botiring tin olar horg'in.
Qilich joylanadi qayta qiniga,
U asta cho'zilar...
Bor endi, borgin!..

Sevgilim,
Omondir hiylagar kampir,
U meni aldaydi, avrab-aldaydi.
Qo'lu-oyog'imga soladi zanjir,
-Qorabotir, mana yoving, ol!-deydi.

Sevgilim,
alvido...
Yetib kelmading,
So'nggi ilinj bilan qotdi ko'z nurim.
Muhabbat qudrati - qaldiroqqa teng,
Afsus, qaldiroqdek qisqadir umr-im-m...

Sevgilim,
Lutf etmak shuncha mushkulmi?
Qo'l cho'zmoq shunchalar keldimi malol?
Axir, bu yolg'onku, axir, tushungin,
Axir, bu- ertak-ku, axir, bu-xayol.

Yuqoriga qaytish


Oqshom...


Oqshom yulduzlarni hilol uyg'otar,
Daryo to'lqinlarin shamol uyg'otar...
Qaydasan, ey shamol olib ketgan gul?
Meni shu alamli savol uyg'otar...

Oqshom yulduzlarga boqib yig'ladim,
Daryo to'lqinida oqib yig'ladim...
Menam daryo bo'ldim, sel-selob bo'ldim,
Yuragim olmaday qalqib yig'ladim...

Taqdirga tan berdim, shukrona aytdim,
Tuproqqa aylanib, tuproqqa qaytdim...
Ammo oqaverdi asov yuragim,
Oqshom yulduzlari chaqnagan payti...

Oqshom yulduzlarni hilol uyg'otar,
Daryo to'lqinlarin shamol uyg'otar...
Seni tushlarimda ko'rib chaqirsam,
Meni bir begona ayol uyg'otar...

Yuqoriga qaytish


Ey dil


Ey, dil, ne istaysiz yalong'och ko'kdan,
Anvor ummonida titraysiz dir-dir.
Yerga bir boqingiz, qishu-yoz, ko'klam,
Kuzlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Imkon qo'ldan ketdi - tugadi fursat,
Yaqinlar yiroqdan qaraydi dilgir.
Ko'zani sindirib jo'nadi ulfat,
Do'stlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Xayollar qo'ymadi o'z holimizga -
Lo'livachchalardek yopishqoq, kir-chir.
Qanotlar bog'lovchi iqbolimizga
Hislar unutdilar bizlarni bir-bir.

Ey, dil, og'rimaysiz, chekmaysiz alam,
Yerdan uzilganning jazoyi shuldir.
Endi qaytolmaysiz Farg'onaga ham,
Izlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Qismat muhabbatni bizga ko'p ko'rgan...
Yig'lamang, dunyo ham bevafo, axir.
Ming va'dalar bergan, hatto o'ptirgan
Qizlar unutdilar bizlarni bir-bir.

Yuqoriga qaytish


Saraton


Yenglik liboslardan voz kechdi shahar,
Yelkalar yalang'och, yalang, och ko'zlar.
Olislarda esa suvlar sepishar,
Ko'ylaklari bilan cho'milgan qizlar.

Shahar qizg'onmaydi xiyobonlarin,
Sun'iy ko'liniyu qayiqlarini.
Ammo dil qo'msaydi sokin bog'larning,
Olmalar oqizgan ariqlarini.

Shahar ko'p narsani menga o'rgatdi,
Hammasini sanab, aytib bo'lmaydi.
Shu yerda suyagim va diydam qotdi,
Endi qishloqqa ham qaytib bo'lmaydi.

Tongda derazamdan siniq nur tushar,
Ne tongkim, bugun ham namlidir ko'zlar.
Axir, tushimda ham suvlar sepishar,
Ko'ylaklari bilan cho'milgan qizlar...

Yuqoriga qaytish


Maktublaringiz yo'ldadir


Esimda hamma-hammasi:
Ko'zlar. Barmoqlar. Gul. Atir...
Siz ham unutmagansiz,
Maktublaringiz yo'ldadir.

Balki ertaga olarman,
Mayliga, bir so'z, bir satr.
Eng muhimi, men bilaman-
Maktublaringiz yo'ldadir.

Umrim shamollarga kulgu,
Sargashta ayladi taqdir.
Adashib-adashib kelar-ku,
Maktublaringiz yo'ldadir.

Hayotim o'zgarar batamom,
Ko'nglim ko'zadek to'ladir.
Sarxush yashaydirman. Hamon-
Maktublaringiz yo'ldadir.

O'n yil o'tibdi. O'n yil...
Bu menga yagona daldadir.
Har tong bir orziqib olar dil-
Maktublaringiz yo'ldadir.

Yuqoriga qaytish


Bir kun kelib...


Bir kun kelib qabog'ing qirg'oq bo'ladi,
Ikki chashming - ikkita irmoq bo'ladi,
Kiprigingdan dilda mavj - titroq bo'ladi,
O'shanda ham bitta man dengiz bo'laman.

Bir kun kelib, barmoqlaring shox bo'ladi,
Tirnoqlaring bittadan yaproq bo'ladi,
Besamar bosh qoyganim - tuproq bo'ladi,
O'shanda ham bitta man ildiz bo'laman.

Bir kun kelib, chor taraf chorbog' bo'ladi,
Oyday tolib, olmalaring oq bo'ladi,
Devoringga epkin urgan - oh bo'ladi,
O'shanda ham bitta man olis bo'laman.

Bir kun kelib, ayriliq adog' bo'ladi,
Tog'ni quchib ko'zyosh to'kkan- tog' bo'ladi.
Sening umring dunyodan uzoq bo'ladi,
O'shanda ham bitta man yolg'iz bo'laman.

Yuqoriga qaytish


Taqdir


Telefon gardishin aylantiraman,
Qo'ng'iroq chorlaydi seni behuda.
Men seni judayam yaxshi ko'raman,
Ovozing eshitgim keladi juda.

Na chora?
Kechmishdir endi hammasi,
Labingga lab qo'yib ichganim bo'sa.
Bizni bog'larmidi shu chuvalgan sim,
Taqdir rishtalari uzilgan bo'lsa.

Taqdirga tadbir yo'q.
Hoh yig'la, elan,
Bu epkin o'ynaydi ko'ngil kulini.
Axir, to'solmaysan kipriging bilan
Ko'zlaringga to'lgan qayg'u selini.

Men seni haliyam yaxshi ko'raman,
Tovushing eshitgim keladi juda.
Telefon gardishin aylantiraman,
Qo'ng'iroq chorlaydi. Ammo behuda.

Ko'hi Qofga qadar ketardim, Laylim,
Ko'zingni bir bora ko'rmoqlik uchun.
Na chora?
Bu charxga qurbim kelmaydi,
Afsus, bu gardishga yetmaydi kuchim.

Yuqoriga qaytish


Ketolmayman


Ko'zlarida g'am gardidan surmalari
Uchib ketdi bu ko'ngilning turnalari.
Ey siz, mening g'aribgina kulbalarim,
Sizni tashlab samolarga ketolmayman.

Gulyuzligim yuz noz ila burdi yuzin,
Men ko'z yumsam, kipriklarim so'ydi ko'zim.
O'z-o'zimga azon aytib, qo'ydim ism...
Endi o'shal zebolarga ketolmayman.

Kecha qadah to'qishtirib hilol bilan
Gulob ichtim yolg'iz do'stim Iqbol bilan.
Bugun qo'lda ikki bo'lak safol bilan
Iqbollarga, safolarga ketolmayman.

Endi faqat sabolarni sog'inish bor,
Elas-elas navolarni sog'inish bor,
Olis-olis ziyolarni sog'inish bor,
Aks o'zimman, sadolarga ketolmayman.

Onasidan arazlagan bola kabi
Bu olamdan burilgandir mening labim.
Ey, onamdek g'aribgina kulbalarim,
Sizdan go'zal dunyolarga ketolmayman.

Yuqoriga qaytish


Kursdoshlarimga


Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi,
Paxsali duvollar. Ismsiz qirlar.
Yulduzdek titranib uchgan ovozim.
Tizzani quchoqlab o'qilgan she'rlar.

Olov tegrasida qaynagan o'lan.
Yurakdek qontalash chinor yaprog'i.
"Sevsam o'ldirarlar. Sevmasam, o'lam..."
Va hisobchi qizning nigohi...

U kunlar o'tdilar, biroq o'ylasam,
Quyosh imillaydi, kunim o'tmaydi.
Eng mashhur hofizning qo'shiqlari ham
O'sha o'lanlarga yetmaydi.

Toshkanning toshlari ezar tanimni,
Toshqator yo'llarda rizqimni terdim.
Bugun seni qancha sog'inganimni,
Hisobchi qiz, hisoblab bergin!

Hasratlarim o'gir, qo'ysam sindirar
Har qanday tarozi pallalarini.
Bunda yuragimni axir kim bilar,
Kim ko'rgan Yozyovon dalalarini?!

Olisda ismimni aytib norozi,
Yerlarga egilar nonbehi shoxi.
Dala. Mezon. Qizlar. Tarozi
Va hisobchi qizning nigohi...

Yuqoriga qaytish


Xotira


Chumchuqlar galasi shamolga
Shamoyil beradi sarosar.
Dil yetdi amallab hamalga,
Dil endi kurtakka barobar.

Giyohlar buloqday qaynadi,
Osmonday tozardi xotiram.
Gulladi siyratim, tiynatim,
Man sani esladim, bokiram!

Man sani esladim, qo'msadim
Yuzingni, ko'zingni, so'zingni.
Izingni topsaydim, o'psaydim,
Tuysaydim sochlaring isini.

Topsaydim axtarib, axtarib,
Kaftlarim kuysaydi, kuysaydi.
Hech qursa, xatlaring kaptarim
Keltirsa kun sayin, kun sayin.

Yetkursa bir mayin mujdalar,
Diydalar tinmayin yoshlansa.
Sani deb uyg'onsam har safar,
Har sahar shundayin boshlansa...

Ammo san ro'yosan, bilmayman,
Qaydasan va qachon qaytasan.
Ismimni tutasan gulday san,
Ismimni bir go'zal aytasan.

Ertaga bahorning ertagi
Tugaydi, kelsang-chi, sohiram.
Toki g'am quritmay kurtagim,
Tentagim, tohiram, tohiram...

O'tinchi quyosh ham o'tkinchi,
O'tadi alam ham, yara ham.
Ehtimol, omonat o'tinchim,
San tinching buzmagil sira ham.

Kuz kelar, muz bo'lar xotira,
Torayar, qorayar ko'zgudek.
Unda san bo'lmaysan, bokiram,
So'rgulik bo'lmaydi, ko'rgulik.

Dil bo'lar el bilan barobar,
Uzzu kun izlamas izimni.
Ko'zguda ko'raman har safar
O'zimni, o'zimni, o'zimni...
.

Yuqoriga qaytish


Aldov


Ishonma...
Aldadim...
Oyni childirmadek chalganim yolg'on,
Zufof kechasiga kelinni chorlab.
Barmog'imdan sirqib, tomchigan qondan
Erib bitgani yo'q nayzador qorlar...

Eshigi zichlangan bu mening hujra,
Tushimga kirmading nurdek sirg'alib.
Ajdaho komiday zulumot ichra
Men g'arib.
Sham yonar sarg'arib.

Zumurrad tonglarim senga armug'on,
Quyoshni puf-puflab tutib edimmi?
Uchqur xayollarim bo'lsin arg'umoq,
Uchib kel, uchib kel, uchib... dedimmi??

O'ylasam, dilimni kuydirgan olov,
Kuylasam, tilimni qonatgan paykon,
Quchsam, quchog'imni chok etgan abro',
Mening imkonimga sig'magan imkon... dedimmi?

Oyni childirmadek chertganim yolg'on
Nikoh kechasiga o'zingni chorlab.
Yurak gup-gup urar. Bir hovuch talqon.
Endi hech kim buzmas tinchingni, zorlab...
Ishonma...

Yuqoriga qaytish


Qismat chiziqlari


Kaftlaringga bir qara
Kular shayton suvoriy,
Shayton aroba chopar.
Yormozorga borganda
Tillo tangalar topar.

Tillo tanga sirtida
Yuragimning zarbi bor.
Jarohat chandig'idek
Ismimiz bosh harfi bor.

Bu imloni mullo ham,
Tulki ham o'qiy olmas.
Tavorihu hiylodan
Hikmatlar to'qiy olmas.

Tillo tanga qalbaki,
Chunki asl qalbniki.
Hamma undan qo'rqadi,
Qamab qo'yishar balki.

Seni qalbga qamasam,
Qushdek qochib ketibsan.
Yayov shoirni tashlab,
Suvoriyga tegibsan.

Kaftlaringni ko'rsatgil,
Kipriklarim zarbi bor.
Xanjar izidek chuqur
Ismimiz bosh harfi bor.

Ammo ko'zing o'tmaydi,
Oqlar tushgan ko'zingga,
Ko'tarilib dilingdan
Dog'lar ko'chgan yuzingga.

Farzand ko'rsang, husniga
Hech taraf bo'lmasin, yor.
Ism qo'ysang ismida
Bosh harf bo'lmasin, yor.

Tillo tanga yaltu yult,
Kaftlarimda siqarman.
Yuzing dog'li bo'lsa ham
Oy, sochingga taqarman.

Kular shayton suvoriy,
Shayton aroba chopar.
Yormozorga borganda
Mening ko'nglimni topar.

Yuqoriga qaytish


Muqaddima


Bizlar egiz edik - man yana ko'ngil,
Barq urding, jonima alanga tushti,
Ko'ngil qushdek uchti havoga yengil,
Aylona-aylona, alingga tushti.
Man kamand istarman, tan gulxandadir,
O'zim har joydaman, ko'ngil sandadir.

Yig'ladim - yig'ladim, osmon ho'l bo'ldi,
Kiprigim havoga chizdi ariqlar.
Oyu kun ko'zimni olgan - ko'l bo'ldi,
Oylarni tangadek tortdi baliqlar.
Man rasan istarman, tan gulxandadir,
O'zim har joydaman, ko'ngil sandadir.

Chorig'imni kiydi dashtning toshlari,
Ko'ylagimni esa tikonlar yuldi.
Man Adam istarman, qarindoshlarim, -
Desam, bosh tebratib ilonlar kuldi.
Man adan istarman, tan gulxandadir,
O'zim har joydaman, ko'ngil sandadir.

Karbalo yuz burdi - mandan chekindi,
Avvalo jon berib, begona tutding.
Alam-o, g'am bosib bellarim sindi,
Sanam-o, san mani o'tparast etding!
Man kafan istarman, tan gulxandadir,
O'zim har joydaman, ko'ngil sandadir.

Bizlar egiz edik - ko'ngil bilan man,
Ko'ngil nigoh yetmas yoqlara tushti.
O'ksinma, Iqbolbek, chunki azaldan -
Osmonning yuklari tog'lara tushti,
Man Vatan istarman, tan gulxandadir,
O'zim har joydaman, ko'ngil sandadir...

Yuqoriga qaytish


So'nggi so'z


Xazon lashkari kegan-
Yaproqlar tukiladi.
Eng sunggi o'qi bilan
Sadoqlar to'kiladi.

Muhabbat borasida
Biz hanuz norasida.
Bulutlar orasidan
Saboqlar to'kiladi.

Loylar qordim yoshimdan,
Somon qildim sochimdan.
Uyga kirsam, boshimdan
Tuproqlar to'kiladi..

Senga tegmadi nafim,
Ichimda qoldi gapim.
Tegib-tegmasdan labim
Qadahlar to'kiladi.

Eslamaysan kelmasam,
Jilmayasan yig'lasam,
Sochlaringni silasam,
Nigohlar to'kiladi.

Xazon lashkari kelgan -
Yaproqlar to'kiladi.
Yonoqlaru barmoqlar,
Dudoqlar to'kiladi...

Ey gul, qaytgil izingga,
Rahming kelsin o'zingga.
Yuzingni qo'y yuzimga -
Gunohlar to'kiladi.

Yuqoriga qaytish


Xulosa


Izsiz ketdi sharqiragan anhorlarim,
Esiz ketdi gurkiragan bahorlarim,
Ko'zlarimdan kiprik kabi to'kildilar
Sevganlarim, dilbarlarim, dildorlarim.

Sevdim yurtning shamshodiyu archasini,
Suydim soyning sokinligi, sachrashini.
O'nta qizni sevgan bo'lsam, o'rni boshqa,
Qirqta bo'lsa qilig'i hush barchasining!

Men daraxtman, yaprog'i bor, ildizi yo'q,
Xazon quchgan tuproqdirman, gul isi yo'q.
Osmon to'la yulduzlarni kashf aylagan
Munajjimman - manglayida yulduzi yo'q.

Goho gullar sochdi menga kuz-qishlarim,
Goho kullar sochdi tanish-bilishlarim.
Bugun yolg'iz o'ylanaman, o'rtanaman:
Urmadimi go'zallarning qarg'ishlari?

Bu yo'l menga sayr edi, sayil edi,
Sevgisiz kun - hafta edi, oy-yil edi.
Men qizlarni aldashni ko'p istamasdim,
Qizlar o'zi aldanishga moyil edi.

Yuqoriga qaytish


Vidolashuv


Tushimni yoritgan zangori ertak -
Iymanib, yer chizib turgan kelinchak,
Havoni tebratgan munis boychechak,
Meni unutmagin, qaytar kunim bor.

Shukr, bog'laringda qolyapti izim,
Yoningda qolishga yo'q menda izn.
Men seni sevaman, tillaqo'ng'izim,
Meni unutmagin, qaytar kunim bor.

Tuproq kechib yurgan qo'yko'z bolacha,
Mening qaysar ukam, birso'z bolacha,
Qo'ynida yong'og'i yulduz bolacha,
Meni unutmagin, qaytar kunim bor.

Zerikib, ozmonga uflagan shamol,
O'ynab, qoqigulni puflagan shamol,
Tolning kovagida uhlagan shamol,
Meni unutmagin, qaytar kunim bor.

Mening ota yurtim, ey ona qishloq,
Toshloq ko'chalaring ko'rpaday yumshoq!
Mendan ayamagin bir chimdim tuproq,
Meni unutmagin, qaytar kunim bor.

Yuqoriga qaytish


Seni unutganman


Shafaqqa ingansan sayyor qush kabi,
Go'yo tuproq bo'ldi yo'qotgan tangam.
Seni eslash mumkin bir tovush kabi,
Seni unutganman. Unutganman.

Biz suygan majnuntol kesilib ketgan,
Keyin o'tin bo'lgan, keyin alanga.
Kesilgan yurakning yarasi bitgan,
Seni unutganman. Unutganman.

Esimdan chiqibdi hatto ko'zlaring,
Qo'llaring...
Men o'zga qo'lni tutganman.
Kechir og'ir botsa yengil so'zlarim,
Seni unutganman. Unutganman.

Muhabbat...
Kimningdir oshig'i olchi,
Oshiq bo'lib xolos, zaqqum yutganman,
Qaylardadir qolib ketdi ro'molchang,
Seni unutganman. Unutganman.

Goho dilni ezar tiriklik yuki,
Goho to'yganimda bu laziz jondan.
Gohida... Bir nafas... Faqat... Holbuki,
Seni unutganman. Unutganman. Unutganman...

Yuqoriga qaytish


Meros


Yomg'ir loyga yoqqan zamonda,
Suvlar soyga oqqan zamonda.
Boylar boyga boqqan zamonda,
Menga qarab kulgan yo'qchilik.

Iligini so'rib ilkimning,
Sarg'aytirgan guldek singlimni.
Erta ulg'aytirgan o'g'limni,
Jigarimni tilgan yo'qchilik.

Dada, balki sizni o'limdan,
Asrash kelarmidi qo'limdan...
Siltab tortib eski to'nimdan,
Meni yetim qilgan yo'qchilik.

Minnatli osh, bu -sochma o'qdek,
Ich-ichingni kuydirar cho'g'dek.
Qorin ochu nazarim to'qdek,
Meni aziz bilgan yo'qchilik.

To'g'ri, nima kelsa - Xudodan,
Da'voyim yo'q eski dunyodan.
Taskin shuki, Odam Atodan,
Menga meros qolgan yo'qchilik.

Yuqoriga qaytish


Ayyor qiz


Kulib qarab, kulib ko'zin obqochgan,
O'rgatvolib, keyin o'zin obqochgan.
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

Huv, deydi-yu, o'ylar yostiq-ko'rpasin,
Ko'zda yosh yo'q - ayaydi-da surmasin.
Eshitsinu lekin birov ko'rmasin...
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

Kuydirmajon edi, qurg'ur, sho'x edi,
Ko'nglim unda edi, ko'nglim to'q edi.
Qosh terganda yig'lagani yo'q edi...
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

Erta pishar edi qo'qon gilosi,
Yuragimdek qop-qora qon gilosi.
Allaqachon bo'lgan talon gilosi...
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

Tengdoshini sevgan bo'lar teng tentak,
To'yda bildim, ancha ekan deng tentak.
O'sha kuni sal yig'labman men tentak...
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

To'y buzishga yetarmidi jur'atim ?
Un tortgani tegirmonga jo'nadim.
Tuguniga sig'magandir suratim...
Tugunchagin tugib qo'ygan tayyor qiz,
Yolg'on yig'lab, erga borar ayyor qiz.

Yuqoriga qaytish


Xudoga soldim


Uning qovog'idan boshimga yoqqan,
Qorini Xudoga soldim-da qo'ydim.
Qonimni qaynatib, jonimni yoqqan,
Korini Xudoga soldim-da qo'ydim.

O'sha-ku xor kelsa toptagan tikka,
O'sha-ku zo'r kelsa darrov bosh bukkan.
O'shaning Mashrabu Xallojga tikkan,
Dorini Xudoga soldim-da qo'ydim.

Yulduzlar sayriga tortar sanalar,
U hamon urug' deb sochar kanalar.
Sillasi qurigan buva, enalar,
Zorini Xudoga soldim-da qo'ydim.

Shudir el haqidan qasrlar qurgan,
Asli-ku, non urgan, asli Haq urgan,
Uning alohida qatorda turgan,
Norini Xudoga soldim-da qo'ydim.

So'rasang, iblisga taqalar nasli,
Xoinlik - hunari, kazzoblik kasbi,
Dunyoni yutmoqqa shay turgan nafsi -
G'orini Xudoga soldim-da qo'ydim.

Alamim tog'cha bor, mayda dard emas,
Garchi qasd olmagan yigit - mard emas.
Lekin Xudoyimga yordam shart emas,
Barini Xudoga soldim-da qo'ydim.

Yuqoriga qaytish


Seni sog'inib


Qorako'z qaldirg'och oyimsan o'zing,
Ko'ksim ayvon bo'ldi seni sog'inib.
Ko'zimdan bir lahza ketmadi ko'zing,
Ko'zim giryon bo'ldi seni sog'inib.

Ko'changdan kechalar o'tganim pinhon,
Kelmasingni bilib kutganim pinhon.
Oyu yulduzlardan tutganim pinhon,
Ishqim doston bo'ldi seni sog'inib.

Jonimga tig' urib qiynaydi sog'inch,
Keyin tig' sug'urib qiynaydi sog'inch.
Xayrlashmay turib qiynaydi sog'inch,
Yuragim qon bo'ldi seni sog'inib.

Belgisiz xilxona, ko'hna mozorni -
Mozorki, qarovsiz xarobazorni.
Eshitganing bormi, ko'rganing bormi?
Dilim vayron bo'ldi seni sog'inib.

Sargardonlik Majnun-Layliga edi,
Bizniki faqat gul sayliga edi.
Olisda bo'lsang ham mayliga edi,
Bog'im hazon bo'ldi seni sog'inib.

Netay, peshonamda shu dard bor bo'lsa!
Qaniydi bu dardga xaridor bo'lsa...
Seni tanlarmidim, ixtiyor bo'lsa!
Holim yomon bo'ldi seni sog'inib.

Yuqoriga qaytish


Metroda


Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim,
Birov ishdan qaytar, birov sayrdan.
Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim,
Kimdir ro'znomani ikki ayirgan.

Men ham qaytayotgan edim uyimga,
Yumushlardan tolib, xayolga tolib.
Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday,
Ko'nglimga chirpirak g'alayon solib.

Go'yo tanimading. Tutqichni tutib,
Ma'yus jilmaygancha tolding xayolga.
Turgim, borgim keldi elni unutib,
Seni ko'mgim keldi ming bir savolga.

Yodimda chaqnadi qasamyodlarim,
Bir zamon seniki bo'lgan hayotim...
Yoningga bormadim, bora olmadim,
O'zimni ayadim, seni ayadim.

Keyin tushib ketding. Sezmading go'yo,
Qayrilib boqmading, ey sun'iy yo'ldosh.
Meni ayadingmi, o'zingnimi yo?
Qiz qalbi qizg'aldoq emas, tilsimtosh!

Muhabbat - puch narsa, muhabbat - yolg'on!
Orzular, qayg'ular, tuyg'ular - mayda.
Bilaman, poyimda yig'laydi xazon,
Negadir uyga hech borgim kelmaydi...

Yuqoriga qaytish


Yulduz


Yulduz, kechir meni, kechir, yulduzim,
Iqboling kulsa ham baxting kulmadi.
O'zimga mahliyo bo'ldim-u o'zim,
Ko'nglingni olishga vaqtim bo'lmadi.

Men senga muhtojman, intiqman, zorman,
Bilmayman, bormanmi-yo'qmi yodingda.
Agar aybdor bo'lsam, yolg'iz aybdorman -
Xudoning oldida, sening oldingda.

Kechalar yodimga tushganda ko'zing,
Somon yo'llarida changidi kulim.
Osmonim muattar aylagan o'zing,
Hamishabahorim, hamishagulim!

O'zimdan, ehtimol, seni asradim,
Bildimki, men bilan baxting kulmaydi.
Yig'lasam, yig'iga sig'mas hasratim,
She'rda hamma gapni aytib bo'lmaydi.

Yulduzni yetaklab Shoshga kech kirsa,
Farg'onajonimga oqadi dilim.
Meni unutmagin, meni kechirma,
Hamishabahorim, hamishagulim!

Yuqoriga qaytish


Siyom egizaklari


Ism boshqa xolos, jismu-jon bitta,
Bir-biriga zimdan qarashar ekan.
Ba'zisida yurak, oshqozon bitta,
Shular ham goh ovqat talashar ekan.

Yuqoriga qaytish


Baxt


Tashvish tashlamasin yuzingga soya,
Quvonching topmasin aslo nihoya.
Men bahtiyor bo'lay baxtingni ko'rib,
Menga shunisi bas, menga kifoya.

Yuqoriga qaytish


Oshiq


Samo nadir, gardun nadir,
Ishq ollida mardum nadir.
Ul sanamning qarog'ina,
Oshig' o'ldim, oshig' o'ldim.

Yomg'ir bo'lib yog'du yog'di,
Jon hovuchlab oyga boqdim.
Ul sanamning yanog'ina
Oshig' o'ldim, oshig' o'ldim.

Man demadim, ul demadi,
So'z deyurga til kelmadi.
Ul sanamning dudog'ina
Oshig' o'ldim, oshig' o'ldim.

Dunyo asli qimor ekan,
Bir yo'q ekan, bir bor ekan.
Ul sanamning barmog'ina,
Oshig' o'ldim, oshig' o'ldim.

Ayog'imda darmonim yo'q,
Boshim ketsa armonim yo'q -
Kim, boshtin to ayog'ina,
Oshig' o'ldim, oshig' o'ldim.

Yuqoriga qaytish


Qizlarxon


Ayriliqni o'ylasam,
Tomirimda oqar qon.
Ko'zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo'q, Qizlarxon.

Ichganim qasam ekan,
Quchganim tizzam ekan.
Qizlarxonning ko'nglini,
Koshki, bilmasam ekan.

Sovg'a qilgan ro'molim,
O'ramayman dedi u.
Ko'rishganda ahvolin,
So'ramayman debdi u.

Qizim hali yosh-ku, deb,
Otasi qo'ymas ekan.
Balog'atni, yaxshilar,
Yashirib bo'lmas ekan.

Har bir bosgan iziga,
Ta'na qilib o'tadi.
Ro'molini yuziga,
Pana qilib o'tadi.

Ayriliqni o'ylasam,
Tomirimda muzlar qon.
Ko'zlaring haqqi qasam,
Sensiz kun yo'q, Qizlarxon.

Holvasidan totganman,
Sumalak yalamayman.
Qizlarxonni topganman,
Boshqaga qaramayman.

Birga bog' kezsak ekan,
Nok uzib yesak ekan.
Sevgi yo'q, deb aytganing
Og'ziga kesak ekan.

Yuqoriga qaytish


Dadam qabri


Qora qishdan qutulmasdan turib olam,
Dadam qabri ustidan o't ko'klab chiqdi.
Nima qilib yuribdi, deb, bebosh bolam?
Balki ko'ngli tinchimasdan yo'qlab chiqdi.

Odam bormi bu manzilga kelmaydigan,
Odam bormi kelishini bilmaydigan,
Tirik odam bormi seni tergaydigan? -
Degan savol maysalarni chulg'ab chiqdi.

El qatori nasihatdan bezganim rost,
Umidimni o'zim tishlab uzganim rost.
Qayda bo'lmay, bir nigohni sezganim rost,
Gunoh qilsam, o'tkir nigoh tig'lab chiqdi.

Ba'zan qo'lim, ba'zan esa sabrim yetmas,
Hayotimni oqlash uchun umrim yetmas.
Onamni haj qildirgani qurbim yetmas,
Hayit kuni yurakkinam ingrab chiqdi.

Yillar o'tib kim ulg'aydi, kim qaridi,
Kimdan oru nomus, kimdan dard aridi.
Akalarga to'kay, deb dil g'amlarini -
O'ksib borsam, eshigidan yig'lab chiqdi.

Bildim, nega el oldiga osh qo'yishar,
Qachon yostiqqa bemalol bosh qo'yishar.
Ko'klamasin deb ustiga tosh qo'yishar...
Mening dadam qabridan o't ko'klab chiqdi.

Yuqoriga qaytish


Singan odam


Singan odam, tuyg'ulari tingan odam,
Singan odam, qismatiga ko'ngan odam.
Siniq kulib, siniqqina ko'rinadi,
Kun ko'radi, yashamaydi, singan odam.

Yuribmiz-da, deydi endi o'g'il-qiz deb,
Qoraqozon yonidagi qorako'z deb...
Men hamisha yoningdaman, ketdik, do'st deb,
Yelkangga qo'l tashlamaydi singan odam.

Ko'rilmagan katta xavfni ko'rib qolgan,
Qochib borib o'z ichiga kirib qolgan.
O'z jonining mazasini bilib qolgan,
Senga jonin to'shamaydi singan odam.

Ko'rdim singan shoxni - oppoq guli bilan,
Egam goho shunday o'ynar quli bilan.
Goho urar bandasining qo'li bilan...
Odam isin xushlamaydi singan odam.

Unga tegma, u sendan ayb qidirmaydi,
Aybing bilsa ham birovga bildirmaydi.
Singan odam singanlarni sindirmaydi.
Begonaga o'xshamaydi singan odam.

Yuqoriga qaytish


Bachkana kun...


Bachkana kun kelsa, buralib palang -
Kosadagi sutni to'kib qochadi.
Ilvirsni bo'yniga chumchuq solar chang,
Burgut rayxon bargin cho'qib qochadi.

Bachkana kun kelsa, qiyin, deydilar,
Hayot o'zi beshak o'yin, deydilar.
Qirqiga chidagan, chidaymiz yana -
Qirq yilda bir eshak o'yin deydilar.

Bachkana kun kelsa, gul bo'lar shoir,
Gul bo'lmasa, kuyib, kul bo'lar shoir.
Odamning quliydi chiroqning jini,
Aroqning jiniga qul bo'lar shoir.

Bachkana kun kelsa, Ahmad donolar,
Asta tera boshlar shaxmat donalar.
Siz unga so'z berib qo'ysangiz, tamom,
Sizga gap bermaydi mahmadonalar.

Bachkana kun kelsa, shon va sharaflar:
Bir yonda takliflar, bir yon talablar.
Chimmatin ko'tarib, qoshin sakratib
Zinoga chaqirar eski danaplar.

Bachkana kun kelsa... kelmasin, deyman,
Ustimizdan birov kulmasin deyman.
O'zimiz bilamiz - kimmiz, nimamiz,
Shu gapni bolalar bilmasin, deyman.

Yuqoriga qaytish


Entikardi


Entikardi adirlaru dalalar,
Qizil kiygan qizdek qirmiz lolalar.
Qizil kiygan qizni yaxshi ko'rardim,
Bilar edi tog'alaru xolalar.

Dirillardi mendan qochib varraklar,
Varragimdan cho'chib uchgan laylaklar.
Hurkak-hurkak titrab tunda yuraklar,
To'lqin-to'lqin tortar edi nolalar.

Bola edim bo'shanggina, ko'ngilchan,
To'shak bo'ldi go'shangaga ko'ngilchang.
Mana, bugun bo'yga yetdi o'g'ilchang,
Senga yozgan she'rlarimni yod olar.

Mening esa qonim qaynab jo'sh urar,
To'lqin-to'lqin tortib, gup-gup musht urar.
Qaytib-qaytib yuragimga bosh urar,
Sen tug'ishing kerak bo'lgan bolalar.

Yuqoriga qaytish


Yigit (Azizbekka)


Osmonga oy, yigitga ot yarashar -
Tuyoqlari yulduz sochsin yelganda.
Yigit bo'lsin, kirsa davra yorishar,
Qiz-juvonning aqli shoshsin kulganda.

Munofiqlar, haromzoda ,kazzoblar,
Osh yedirib, so'ng guruchin hisoblar.
Nari bo'lsin bunday ko'hna azoblar,
Bosh egmasin nomard minnat qilganda.

Ota-ona turgan manzil - yurt bo'lar,
Yo'lga kirganidan ko'zi to'rt bo'lar.
Gugurtcho'pdek omonat va mo'rt bo'lar,
Yo'qotmasin endi qadrin bilganda.

Erlar ko'pu erkaklar kam zamonda,
Pok ayollar ko'zlari nam zamonda,
Shunday g'irrom, shu mutahham zamonda
Mushtin ishga solsin kezi kelganda.

Osmonga oy, yigitga yor yarashar,
Hovli borki, o'lan-alyor yarashar,
To'y kechasi har neki bor - yarashar,
Ko'ngli to'lsin, quchoqlari to'lganda.

Dunyo kezsin, o'nta tilda so'ylasin,
O'ylaganda lek o'zbekcha o'ylasin.
Navoiyni chang bostirib qo'ymasin,
Mudramasin qo'lga kitob olganda.

Qaysi ohang yoqimliroq yurakka?
Chuldir-chuldir jilg'a oqsin tuvakka...
Beshikdagi manglayi keng buvakka -
Shu she'rimni aytsin ota bo'lganda.

Yuqoriga qaytish


Dard


Chorasizlik shu-da bechoralik shu:
Tushingga izlaysan ta'bir va ma'ni.
Ammo tushga kirmas - senga qorong'u -
Ichingda qanday dard pishayotgani.
Buni g'animga ham ko'rmasman ravo,
Dushmanim holiga achingim kelmas.
Bu ham qara kasal, bu ham bedavo,
Ammo, ming afsuski, muhabbat emas.

Yuqoriga qaytish


Navro'zguli


Navro'zguli, boychechagim, bormisan,
Men senga zor, sen menga ham zormisan?
Muz ichida asradim men ko'nglimni,
Sen o'zingni asrab, baxtiyormisan?

Omonliqsan, to'tiyosan ko'zlarga,
Sevgi maktubisan ma'sum qizlarga.
Suykalasan dudoqlarga, yuzlarga,
Bitta o'zing bir butun gulzormisan?

Ninachining qanotidek barging bor,
Asal va sut bo'yi kelar atring bor.
Qadrim bilib yo'qladingmi, qadring bor,
Yolg'izginam, yolg'izlarga yormisan?

Ay, ko'ngilni qitiqlagan erka gul!
Ay, olamni ko'mgan orzu-sirga, gul!
Qayga desang, men ketarman birga, gul!
Sen ham mendek dardga xaridormisan?

Oy ham kulcha ko'rinarmish ochlarga,
Bulut ko'rpa bo'lib zor-muhtojlarga.
Tashna dilu ruhi yalang'ochlarga -
Birdek tansiqmisan, madadkormisan?

Jonim gulim, o'tinaman, so'lmay tur,
Dunyo yashnaganda hazon bo'lmay tur.
Meni yetim qilma, ketma, o'lmay tur,
Sen ham mendek dunyodan bezormisan?

Yuqoriga qaytish


O'pkalanib qaraysiz


O'pkalanib qaraysiz, o'pkalanib...
Ko'zimning gavhari, mahzanim,
Quchmaganim, suymaganim, o'pmaganim,
Sochlarini boshginamdan to'kmaganim,
O'pkalanib qaraysiz, o'pkalanib...

Uzandimu hilolga hech yetolmadim,
Yetib sizga bilaguzuk etolmadim.
samolarga talpingancha kunim kechdi,
Quyoshni ham tilla uzuk etolmadim.

Ko'z uchida qaraysiz, ko'z uchida...
Yulduzchalar cho'kib yotar dil burjida.
Oy aylanar koinotning kulgichida,
Yurak erir qabog'imning hovuchida...
Ko'z uchida qaraysiz, ko'z uchida...

Uzandimu qoshingizga yetolmadim.

Yuqoriga qaytish


Bilsang edi...


Kel, deganda, noz qilmasdan kelsang edi,
Gul berganda, qayrilmasdan olsang edi.
O'zing qandoq yaxshiliging bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Bu dunyoga ozib-yozib bir bor kelib,
Nahot o'tsam hijronlarda bag'rim tilib?
Sen yurasan dardim bilmay, qadring bilib,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Muzni qanday kuydirishni bilasan-a,
Suymaganni suydirishni bilasan-a,
Laylolardan qolgan ishqni bilasan-a,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Chora istab bechorman men chorasiz,
Fe'ling sabab ikkimiz ham ovoramiz.
Ichi qora qiz ekansan, e qora qiz!
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Yetti iqlim, suv-havoni bilasan-u,
Beshta qit'a, yer-samoni bilasan-u,
Menga qara, har baloni bilasan-u,
Seni qanday sevishimni bilsang edi!

Yuqoriga qaytish


Zulfiya


"Zulfiyaga qarama,
Naq enangni ko'rasan!
Meni yaxshi ko'radi,
So'ra kimdan so'rasang!"
Kaltak yerdi Abdulla,
Kaltak yeb ham qaytmasdi.
- Ol-e, o'sha Zulpini,
Kerakmas! - deb aytmasdi.

Aqlli qiz Zulfiya,
Hammasini biladi:
Menga ko'zi tushganda
Miyig'ida kuladi,
Darslar kirmas quloqqa,
Samolarda xayolim:
Zulfiyaning qo'llari
Ipakdayin muloyim...
Kitobimning ichida
Jilmayadi suvrati.
Meni yaxshi ko'radi,
Meni yaxshi ko'radi...

...Yillar o'tdi, Abdulla,
Hayot bizdan kuldi-ya.
Sendek mendek yigitdan
Voz kechdi-ya Zulfiya!
"Zulfiyaga qarama,
Naq enangni ko'rasan!
Meni yaxshi ko'radi,
So'ra kimdan so'rasang!.."

Aqlli qiz edi-ku,
Hammasini bilardi:
Menga ko'zi tushganda
Miyig'ida kulardi.
Men-ku, mayli...
Seniyam
Toza ahmoq qildi-ya.
Biz harbiyda yurganda
Tegib ketdi Zulfiya...

Kitobimning ichidan
Uchib tushar suvrati,
Sevmaganman men uni,
Abdul yaxshi ko'radi!
Yirtaman deb suvratin,
Yitolmayman har kuni,
Sevmaganman men uni!
Sevmaganman men uni!..

Yuqoriga qaytish