Bosh sahifa
Orqaga qaytish
|
|
Umar Hayyom ijodidan
Ruboiylar

Bir qo'lda Qur'onu bittasida jom,
Ba'zida halolmiz, ba'zida harom,
Feruza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.
* * *
Men keldimu, dunyo ko'rdimi foyda?
Ketsam martabasi osharmi? Qayda!
Hech kim tushuntirib bera olmadi:
Kelishim - ketishim sababi qayda.
* * *
Dedim, endi mayi gulgun ichmayman,
May tok qoni, men xun ichmayman,
Keksa aqlim aytdi: Shu gaping rostmi?
Dedim: hazillashdim, nechun ichmayman!
* * *
Sen bo'lsang-u, men bo'lsam-u, may bo'lsa,
O'rtada bir qizil gul ham nay bo'lsa,
Nayni chalib navo qilsang nozanin
Jon bermoqqa yurakkinam shay bo'lsa.
* * *
O'ylama pulsizu nochor ichmayman,
Rasvolikdin qilib yo or ichmayman,
Men mayni dilxushlik uchun ichardim
Bu kun-chi, qalbim-da sen bor ichmayman!
* * *
May ichsang, oqilu dono bilan ich,
Yoki bir gul yuzli zebo bilan ich.
Oz-oz ich, goh-goh ich ham yashirin ich,
Ezma, rasvo bo'lma, hayo bilan ich.
* * *
Tong chog'ida turgil, nozanin go'zal,
Maydalab ichaylik, rubbobingni chal,
Dunyoda bor odam uzoq turmaydi,
Ketganlari qaytib kelmas hech mahal.
* * *
Mastni ta'na qilma, ichmasang sog'ar,
G'iybat - doston qilma, bo'lma hiylagar
Kekkaya ko'rma hech may ichmayman deb,
Sening qilmishlaring bundan beshbattar.
* * *
May ichsa gado ham sulton bo'ladi,
Tulki ichsa, sheri g'oron bo'ladi,
Yosh ichsa keksalik sharafin quchar,
Keksa ichsa yoshu chaqqon bo'ladi.
* * *
Ichkilik kekkaygan boshni qilur xam
Maydan yechilmagan biror tugun kam.
Bir qultum may ichgan bo'lsaydi shayton,
Ming sajda qilardi odamga ul ham.
* * *
Biror kishi chiqib har zamon, mana Men, deydi,
Molu siymu zari bor chunon, mana Men, deydi.
Ishi rivoj topib turganda, bir kuni ajal,
Pistirmadan chiqib nogahon, mana, men deydi.
* * *
Kelolmagach qaytib ushbu olamga,
Qo'rqamen, yetmasmiz yoru hamdamga.
Bu damni g'animat hisob etaylik,
Balki yetolmasmiz hatto shu damga.
* * *
Jonimiz bu tanni tark etib ketar,
Ikki g'isht go'rimiz ko'zin berkitar,
Keyin boshqa go'rga g'isht qo'ymoq uchun,
Bizning tuproqlarni ezib loy etar.
* * *
Dilim bo'lgan edi bitta yorga zor,
U o'zga bir yerda g'amga giriftor.
Men undan o'zumga doru izlasam,
Netay, tabibimning o'zi ham bemor.
* * *
O'lik-tirik ishin tuzatkuvchisen,
Tarqoq koinotni kuzatkuvchisen,
Yomon bo'lsam hamki, sening bandangman,
Men nima ham qilay? Yaratguvchi – Sen!
* * *
Tinglang bu abadiy sado bo'ladi,
Gadoning dushmani gado bo'ladi,
Ikkisi bir-birin topishguncha to,
O'rtada bu dunyo ado bo'ladi.
* * *
Umidlar donasi xirmonda qolur,
Bog'u rog' na sanda, na manda qolur,
Siymu zar to'plama do'stlar-la yeb-ich,
Bo'lmasa, hammasi dushmanda qolur.
* * *
Kulol do'koniga tashladi nazar,
Ikki mingcha ko'za jim suhbat qurar:
— Qaysimiz sotuvchi, - dedi bir ko'za, —
Qaysimiz oluvchi, qani ko'zagar.
* * *
Bozorda bir kulol ko'rsatib hunar,
Bir bo'lak xom loyni tepib pishitar,
Loy ingrab aytadi: Hoy, sekinroq tep,
Men ham kulol edim, sendek, birodar.
Yuqoriga qaytish

|
|
|