Bosh sahifa
 Orqaga qaytish

Erkin Vohidov ijodidan


O'zbegim
Sevgi
Donishmand Tabib
Tushlik tanaffus
"Fors taronalari" turkumidan
Qalb shunday ummonki
Tush
Kamtarlik haqida
Qaro qoshing
Sevgi
Xayrli kech
Shoiru she'ru shuur
Firoq haqida
Kimni etmas bu ko'ngil shaydo
Barcha shodlik senga bo'lsin
Do'st bilan obod uying
Rashkim
O'rtada begona yo'q
Nido (Bag'ishlov)


O'zbegim

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o'zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o'zbegim.

So'ylasin Afrosiyobu
So'ylasin O'rxun xati,
Ko'hna tarix shodasida
Bitta marjon, o'zbegim.

Al Beruniy, Al Xorazmiy,
Al Farob avlodidan,
Asli nasli balki O'zluq,
Balki Tarxon, o'zbegim.

O'tdilar sho'rlik boshingdan
O'ynatib shamshirlarin
Necha qon, necha sulton,
Necha ming xon, o'zbegim.

Tog'laring tegrangda go'yo
Bo'g'ma ajdar bo'ldi-yu,
Ikki daryo - ikki chashming,
Chashmi giryon, o'zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag'rida dog' uzra dog',
Chingizu Botu tig'iga
Ko'ksi qalqon, o'zbegim.

Yog'di to'rt yondin asrlar
Boshingga tiyri kamon,
Umri qurbon, mulki toroj,
Yurti vayron, o'zbegim.

Davr zulmiga va lekin
Bir umr bosh egmading,
Sen - Muqanna, sarbador - sen,
Erksevar qon, o'zbegim.

Sen na zardusht, sen na buddiy,
Senga na otash, sanam,
Odamiylik dini birla
Toza imon, o'zbegim.

Ma'rifatning shulasiga
Tolpinib zulmat aro,
Ko'zlaringdan oqdi tunlar
Kavkabiston, o'zbegim.

Tuzdiyu Mirzo Ulug'bek
Ko'ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk -
Qo'ydi Narvon, o'zbegim.

Mir Alisher na'rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She'riyat mulkida bo'ldi
Shohu sulton, o'zbegim.

Ilmu she'rda shohu sulton,
Lek taqdiriga qul,
O'z elida chekdi g'urbat,
Zoru nolon, o'zbegim.

Mirzo Bobur - sen, fig'oning
Soldi olam uzra o't,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug'yon, o'zbegim.

She'riyatning gulshanida
So'ldi mahzun Nodira,
Siym tanni yuvdi ko'z yosh,
Ko'mdi armon, o'zbegim.

Yig'ladi furqatda Furqat
Ham muqimlikda Muqiym,
Nolishingdan Hindu Afg'on
Qildi afg'on, o'zbegim.

Tarixing bitmakka, xalqim,
Mingta Firdavsiy kerak,
Chunki bir bor chekkan ohing
Mingta doston, o'zbegim.

Ortda qoldi qo'hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o'zbegim.

Bo'ldi osmoning charog'on
Tole xurshidi bilan,
Bo'ldi asriy tiyra shoming
Shu'laafshon, o'zbegim.

Men Vatanni bog' deb aytsam,
Sensan unda bitta gul,
Men Vatanni ko'z deb aytsam,
Bitta mujgon o'zbegim.

Faxr etarman, ona xalqim,
Ko'kragimni tog' qilib,
Ko'kragida tog' ko'targan
Tanti dehqon, o'zbegim.

O'zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O'zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o'zbegim.

Men buyuk yurt o'g'lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo'lsam
Sodiq o'g'lon, o'zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko'ksim osmon, o'zbegim.

Qayga bormay, boshda do'ppim,
Shuhratim, qadrim buyuk,
Olam uzra nomi ketgan
O'zbekiston, o'zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o'g'lingman, qabul et,
O'zbegim, jon o'zbegim.

Yuqoriga qaytish



Sevgi

Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur,
Toshga jonu til bag'ishlab,
Zog'ni ham bulbul qilur,

Sevgi shunday dard erurki,
Barcha bo'lg'ay mubtalo,
Mubtaloni neki qilsa
Telba bu ko'ngil qilur.

Sevgi shunday tangridirki,
Unga tengdur shoh, gado,
Qulni aylab shohu sulton,
Shohni bo'lsa qul qilur.

Sevgi shunday bir olovki,
Jonga undan yo'q omon,
Gulxanida o'rtab-o'rtab,
Bir kun oxir kul qilur.

Sevginingdir hukmi mutlaq,
Istasa shaydolarin
Chashmi giryonidan ummon,
Ohidan dovul qilur.

Sevgiga she'r bitding, Erkin,
Besabab ermaski, ishq -
Aylagach ko'ngulni ishg'ol,
She'r ila mashg'ul qilur.

Yuqoriga qaytish



Donishmand Tabib

Alqissa juda qadim, jaholatli zamonda,
Bir donishmand, ulug' hakim , o'tgan ekan jahonda.
U kun bu'yi giyoh terib, kezib bog'u biyobon,
Odamlarga shifo berib, yashar ekan shodumon.

Unga ming bir mushkul dardning, ayon bo'lib shifosi,
Odamlarning bora-bora ortaverdi ihlosi.
Tabobatga qalban, ruhan, fido qilib o'zini,
Ohir bir kun nashtar bilan ochdi ko'rning ko'zini.

Rivoj topmish sohib hislat, donishmandga madadkor,
Lekin qayda bo'lsa shuhrat, yon boshida hasad bor.
Davohonlar, parihonlar, o'quvchilar chilyosin,
Hullas yurtda bor nodonlar, boshladilar ig'vosin.

"Bandasiga bermoq doru, yaratganga isyondir
Demak tabib ishi makru, o'zi esa shaytondir"
Bu so'zlarni chin deb bildi nodon, johil olomon,
Donishmandni sazo qildi, kaltakladi beomon.

Cho'g temirda ko'ksin dog'lab, dorga osmoq bo'ldilar,
So'ng bo'yniga harsang bog'lab, suvga bosmoq bo'ldilar.
So'ng suvni ham, harsangni ham hayf bilib "shayton" ga,
"Yoqing" - dedi eng bosh hakam,-"Olib chiqib maydonga"

Keng maydonga ustun ko'mib, bog'ladilar hakimni.
So'ng temirni o'tga qo'yib, dog'ladilar hakimni.
Buyurdilar: "Yoqing shitob, Azroilning oshnasin"
Dedi : "kimga kerak bo'lsa savob, cho'p keltirib tashlasin"

"Savob" uchun kimdir o'tin, kimdir tashlar dona has.
Hakim boshin mag'rur tutib, johil elga qaramas.
Shu payt tabib sari bir chol, asta kela boshladi,
Quchog'ida bir bog' pohol, g'aram uzra tashladi.

Dedi: "Asl tug'ilganda , basir edim men o'zi,
Sen duoning kuchi birla ochib qo'yding ko'r ko'zim.
Tangri bilib yaratgan ko'r, davo qilding ne uchun?
So'roqda men manglayi sho'r, nima deyman Mahshar kun.

Haq yo'lidan ozgan odam, davo qilib ne berding,
Meni bir yo'l u dunyom ham, bu dunyomdan ayirding.
Ko'rligimda bu dunyoni tasavvurda ko'rardim.
Dunyodagi bor odamni mushfiq bilib yurardim.

Shafqat ila kim nonu, kim chaqa tashlab ketardi,
Men ham shunga to'ygan edim, shu ham menga etardi.
Qornim to'ysa saodatim, yo'q tuman hil tilaklar,
Ham ulfatim, hamsuhbatim, jajji shirin go'daklar.

O'ylar edim dunyoda bor musaffolik, soddalik,
Ko'zim ochib ilk bor ku'rdim, berahmlik, sohtalik.
O'g'irligu, fahshni kurib, jim yurarkan odamlar.
O'z do'stiga kulib turib, tig' urarkan odamlar.

Bir yonga boq; Ayshu-ishrat.Bir yonga boq: Ohu-voh,
Bu kun mening ko'nglimda g'ash, imonimda ishtivoh.
Derdim, yurtni bir bor ko'rsam, ko'rdim : ko'nglim to'q endi,
Yo'lda yotgan ko'rchalik ham, e'tiborim yo'q endi.

Ado bo'ldim, to'yib ketdim, Ado bo'lsam mayliga,
Yo qaytadan usha g'arib, gado bo'lsam mayliga.
Ko'r bo'lsam ham mayliga...
Bu so'zlarni eshitdi-yu, faryod urdi donishmand,
"Yoqing"- deya so'radi u, "olov bo'lsin sarbaland

To'yib ketdim bu dunyodan, hech toqatim qolmadi,
Mendan shifo oldi olam, odam shifo olmadi.
Jaholatning zahri tekkan nodon, johil, gumrohlar,
Davosiga ojiz ekan, men kashf etgan giyohlar.

Ko'r ko'zlarga nur bahsh etdi, men kashf etgan giyohlar,
Qalb kuzini ochmoqqa lek kamlik qildi hunarim.
Odamlarga men yahshilik, qilmoq bo'ldim , netayin?
Manglayda shu ekan bitik, yoqing kuyib ketayin."

O't yoqdilar yondi gulhan, qaro bo'ldi samovot,
Jaholatning hukmi bilan ado bo'ldi buyuk zot.
Gulhan yondi ko'kka o'ralib, cho'gi har yon sochildi,
Shu olovdan elning,ajab, aql ko'zi ochildi.

Yigladilar aza tutib, o'kindilar, kuydilar,
Yillar o'tib donishmandga oltin haykal qo'ydilar.
E, voh, hakim ko'zi bilan ko'rsaydi bu hurmatni,
Lekin olim o'zi bilan olib ketdi hikmatni...

Qo'y, ey, ko'nglim, sen bu qadar dahshatni kam o'ylagin,
Senga nasib bo'lgan davron, sozin chalib kuylagin.
Shukronalik, mayni ichib, yayrab qolgin har nafas,
Bu dunyodan bir kun kechib, ketguvchi bir biz emas.

Qo'y, ey, ko'nglim, Haq muhabbat, she'r zavqiga qo'naylik.
O'tda yonish bo'lsa mayli, she'r o'tida yonaylik.
Faqat bizga g'am u qadar, qayg'u hasrat yot bo'lsin,
To biz uchun jon berganlar, RUHI DOIM SHOD BO'LSIN!

Yuqoriga qaytish



Tushlik tanaffus

Sokingina yashar edi u, na shodligi ayon, na dardi,
Tongda to'gri ishga borar u, oqshom to'gri uyga qaytardi.
Ulfati yo'q, ko'cha kezmagan, maishat ne bilmagan odam.
Birov sezib, birov sezmagan, borligi-yu, yo'qligini ham.
Bir mo'minga doir bir qotil, esh bo'lganday yorug' dunyoda,
Manglayiga bitgandi hotin, azozildan ming bor ziyoda.
Cho'ntagiga erning to'r halta, qulog'iga solib olam gap,
Ro'yhat qog'oz bilan albatta, kuzatardi har kun ertalab.

Sodda, noshud, oriq, kichkina; har kun uyda o'tirib oqshom,
Gazetdan ko'z olmay tinchgina, eshitardi hotindan dashnom.
Tiriklikning tashvishi, g'ami, hammani ham qilgandek ado,
Uchdi bir kun umrining shami, bu olamdan ketdi benavo.

Hotin ku'zni ochib g'aflatdan. Bildi; tayanch tog'i yo'qoldi.
Shaddod hotin shunda da'fatan, mushtiparga aylandi, qoldi.
Ko'rgilikning bari da'fatan, qazo boqmas nola-yu, zorga,
Mana u ham bir kun odatan, sham ko'tarib keldi u ayol.

Qudrat tilang uning sabriga, uni kutar bunda turfa hol:
Qotib qoldi: eri qabriga sham yoqardi o'zga bir ayol.
Qotib qoldi. To'plab nihoyat, bor makri-yu irodasini,
Yashiroldi ko'zdagi hayrat, va hayojan ifodasini.

Ayol sari yurdi beparvo. Salom berdi, so'rab kechirim,
Dedi ko'ngil olgandek go'yo: "Kim bo'ladi bu odam?"- "Erim"
"Erim"- bu so'z hotin qalbiga, olovli o'q bo'lib sanchildi,
Endi bildi, er uni nega, hush ko'rmasdi, ha endi bildi.

Nahot shunday beozor odam, nahot bo'lsa boshqa hotini,
Qani endi shundan keyin ham, oqlab ko'ring erkak zotini.
Qani endi go'rni ochsa-yu, bevafoni tutsa so'roqqa,
So'ng eriga qo'shib mana bu, megajinni ko'msa tuproqqa.

E, voh, ayol g'azabidan ham, makridan ham asra hudoyim,
Yondirsa-da ichini alam, savol so'rar yana muloyim.
"Bolalarchi?"- "Qolmadi yodgor. Menga uning yodi kifoya,
G'ayriodat ishq bu betakror, eshitsangiz qilay hikoya.

Men u bilan tushlik chog'ida, oshhonada dastlab ko'rishdim,
Men stolning narigi yog'ida, U bu yoqda o'tirgancha jim,
Ovqatlandik ertasiga ham, indininiga shu bo'ldi takror,
Ettinchi kun deganda ilk bor, "Yahshimisiz"-, dedi bu odam.

Tanishuv kun bo'ldi bu bizga, salomlashib yurdik necha kun.
Kechirasiz, ne bo'ldi sizga? Titrayapsiz, singiljon, nechun?"
"Hechqisi yo'q, sovqotdim bir oz. Davom eting "- "Hullasi kalom,
Bir-birovga o'rgandik oz-oz, bir-birovga bog'landik tamom.

Shunday ekan qismat hohishi, Men ham edim dunyoda tanho,
U, kamina beozor kishi, dardlarimga bo'ldi oshino.
Men-ku yolg'iz edim; na otam, na onam bor, na oilam bor.
Yolg'iz ekan dunyoda u ham: Farzandlar g'o'r, HOTIN DILOZOR.

Sodda noshud, ko'rimsiz; ammo, qalbi uning bir olam edi,
Teran fikrat, hislar musaffo, fidoiylik jamuljam edi,
E, voh, qadrin bilmadi dunyo, loyda yotgan dur edi bu zot,
Mening zulmat hayotim aro, "yarq" etgan bir nur edi, bu zot.

Dardlashardik bechora bilan, ikkimizda nadomat afsus,
G'am-anduhlar izhori bilan, o'tar edi tushlik tanaffus.
U so'zlardi, men tinglar edim, men so'zlardim, kuyardi u ham.
Gohi uzoq o'tirardik jim...Ko'zimizga cho'kib tubsiz g'am.

Mening ko'zim derdi: "Ey, aziz, qayda eding o'ttiz yil avval?"
Uning ko'zi derdi: "Foydasiz. Bu dunyoda baht yo'q mukammal"
Mening ko'zim derdi:"Men muhtoj. Qidirgandim seni bir umr"
Uning ko'zi derdi:"Na iloj. Kech bo'lsa ham ko'rishdik. Shukr"

So'rsalarki :"Qay vaqt saodat, bo'lgan sening umringga oshno?"
Derdim:"BESH YIL, HAR KUN BIR SOAT, faqat tushlik tanaffus aro"
O'zga makon, o'zga zamonda. Paydo bo'lgan olis yulduzlar,
El ko'zidan pinhon osmonda. Ko'rishgandik faqat kunduzlar.

Bu ham turmush... Mana nihoyat, judo bo'ldik, bor gap shu singil
Tamom bo'ldi dardli hikoyat..."

Oqshom cho'kar, tushar qorong'u, hazonlarni supurar shamol,
Yarimta oy surgancha hayol, sokingina taratar yog'du.
Qabristonda qolmagan odam, huvillagan sukunat aro,
Bir qabr uzra yonar ikki sham... Ikki ayol yig'lar besado...

Yuqoriga qaytish



"Fors taronalari" turkumidan

Sergej Eseninning "Persidskiye motivi" she'riy turkumidan Erkin Vohidov tarjimasi

Dog’lar ketmish majruh ko’ngildan,
Mast vasvasa qo’zg’amas tug’yon.
Men dardimga Tehron gulidan,
Choyhonada topoldim darmon.

Choyhonachi – baquvvat, o’ktam.
Qoyil qolsin rus, deb, choyimga.
O’tkir aroq, may o’rniga ham,
Achchiq-achchiq choy tutar menga.

Siyla, mezbon, ammo had bilan,
Bog’ing aro turfa gullar bor.
Oqshom menga niqob ostidan,
Dilbar ko’zin suzmadi bekor.

Rossiyada gulday qizlarni,
Tutqunlikda saqlamas erlar.
Sarmast etar bo’sa bizlarni,
Bexanjaru bamakru bezar.

Bu tong yuzli dildor qoshimda,
Bir bor xirom etsa noz bilan.
Shohi ro’mol solgum boshiga,
Yo’llariga – sheroziy gilam.

Mezbon, choy qo’y menga lolagun,
Shoir senga so’ylamas yolg’on.
Ehtiyot bo’l o’zingga bugun,
So’ngra mendan qilmagin gumon.

Eshikka ko’p qarayverma sen,
Gulbog’ingga baribir yo’l bor.
Oqshom menga niqob ostidan,
Dilbar ko’zin suzmadi bekor.

* * * * *

Shahinam, o mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir,menga.
Dalalardan so'ylaymi senga,
Oy nur sepgan boshoqlardan ham,
Shahinam, o mening Shahinam.

Bilsang, shimol vatandir menga,
Unda oy ham yuz bora ulkan.
Sheroz qancha bo'lmasin ko'rkam,
Aziz o'lka Ryazandir menga,
Bilsang, shimol vatandir menga .

Dalalardan so'ylaymi senga?
Sochim olmish bugdoyidan rang.
Barmog'ingga o'ra hohlasang,
Zarra og'riq sezilmas menga,
Dalalardan so'ylaymi senga?

Oy nur sepgan boshoqlardan ham,
Oltin sochim so'ylasin, dildor.
Kul, o'yna-yu, dalamni zinhor
Eslatmagin menga, jonginam,
Oy nur sepgan boshoqlarni ham.

Shahinam,o mening Shahinam,
Shimol yoqda bir nozanin bor:
Senga o'xshar,g'oyatda dildor,
Balki meni o'ylar ul sanam…
Shahinam, o mening Shahinam.

* * * * *

Deding: Sa'diy doimo yorning
Siynasidan olarkan bo'sa.
Xudo haqqi, shoshma dildorim,
Qochmas axir o'rganish bo'lsa.

Deding: Qur'on so'zi azaldan
"Al qasosu minal haq, tamom!"
Men tug'ilgan bo'lsam Ryazanda,
Qaydan tanish bo'lsin bu kalom.

Sen kuylading:"Front ortida,
Gullar bor-ki qizlardan go'zal".
Boy bo'lsaydim qo'shiq bobida
To'qir edim boshqa bir g'azal.

Gar qizlardan bo'lsa ziyoda,
Men gullarni kesardim butkul.
To ko'rmayin yorug' dunyoda,
Sahinamdan suluvroq bir gul.

O'git bilan qiynama endi,
O'gitlaring menga ne darkor.
Shoir bo'lib dunyoga keldim,
Shoir kabi o'paman dildor.

* * * * *

Men Bosforda bo'lmaganman hech,
Uni so'ylab berolmam senga.
Lekin moviy ko'zlaring har kech,
Dengiz bo'lib ko'rinar menga.

Qilmaganman Bog'dodga safar,
Karvon bilan eltmadim xino.
Ammo bir zum tin olsam netar,
Tizzangga bosh qo'yib dilrabo.

Shafqat ayla jonginam derman,
Ham qilurman qancha iltijo,
Rossiyada mashhur shoirman,
Nechun zarra qilmaysan parvo?!

Kuy taratar qalbimda garmon',
Qaydadir it hurar oydin kech.
Eron qizi,moviy, bepoyon,
Yurtni ko'rging kelmaydimi hech?

Bunda ko'ngil yozgani emas,
Izlab keldim hayolan seni.
Oqqushqanot qo'llar har nafas
Og'ushiga chorladi meni.

Nolishim yo'q o'tgan umrimdan,
Ammo horg'in dil izlar orom.
Dilbar, menga quvnoq yurtingdan,
Biror narsa so'yla bu oqshom.

Afsun bilan tarqat o'ylarim,
Toki chiqsin ko'nglimdan garmon',
Toki o'sha shimol dilbarin
O'ylamayin, qilmayin armon.

Men Bosforda bo'lmaganman hech,
Ammo so'ylab berurman senga.
Chunki moviy ko'zlaring har kech,
Dengiz bo'lib ko'rinar menga.

* * * * *

Za'far yurtga nur to'kar oqshom,
Bog`da gullar javlon urgan payt,
Kel, jonginam , qo'shiq ayt, Hayyom-
Kuylab o'tgan qo'shiqlardan ayt
Bog'da gullar javlon urgan payt.

Oy nuriga g'arq bo'lgan Sheroz,
Parvonadek uchar yulduzlar.
Menga yoqmas, o'rtanaman, rost,
Niqob tutsa dilrabo yuzlar.
Oy nuriga ko'milgan Sheroz.

Qizlar yuzin saqlar niqobda,
Issiqdanmi bo'lib asramoq,
Yo kuymasin derlar oftobda.
Sevsin uchun yigitlar ko'proq-
Qizlar yuzin saqlar niqobda.

Niqob bilan do'st bo'lma gulro',
Yoz so'zimni yoding lavhiga,
Umr o'zi g`oyat qisqa-ku,
To'ymoq qiyin tole shavqiga,
Yoz so'zimni yoding lavhiga.

Qismatlarda ne qarolik bor,
Qolmas bir zum baxsh etsang rohat.
Gunoh bo'lur shu sabab, dildor,
Bu dunyoda yashirsang tal'at,
Bergach uni ona-tabiat.

Bog`da gullar tebranar oqshom,
Yuragimda o'zga bir diyor.
O'zim senga qo'shiq aytay, yor!
Bu qo'shiqni bilmagan Hayyom,
Bog`da gullar tebranar oqshom.

* * * * *

Havo toza, musaffo, zangor,
Gulzor bo'ldi menga saylgoh.
Ufqlarga yo'l olgan sayyoh,
Yetolmaysan sahroga zinhor.
Havo toza musaffo, zangor,

Dalalardan o'tasan tanho,
Bog`lar senga ochadi quchoq.
Chinni gulga bo'lib mahliyo,
Qarshisida cho'karsan nogoh
Dalalardan o'tganda tanho.

Shitirlar, yo'q, shivirlar barglar,
Nafis, go'yo Sa'diy g`azali .
Ko'zlaringga ko'kning go'zali-
Oltin oydan yog`iladi zar.
Nafis: go'yo Sa'diy g`azali.

Dil qo'shig`in bastalar pari,
Nay sasidek mayin, dilrabo.
Og`ushiga olsa ul barno
Ketar dildan g`am, hijron nari,
Nay kuylaydi mayin, dilrabo.

Mana, uzoq kezib piyoda
Charchaganing ezgu matlabi:
Esar salqin, xushbo'y shabboda,
Shimiradi qaqragan labim.
Esar salqin, hushbo'y shabboda.

* * * * *

Oy yuzida tillarang jilo,
Sambitguldan taralar hushbo'y,
Kezmoq na soz, quvnoq va hushro'y
Moviy o'lka sukuti aro.

Yiroqlarda Bog`dod. Bir zamon
Shahrizoda yashagan diyor.
Ul sanamga endi ne darkor,
Hazon bo'lmish jannat guliston.

Ul sharpalar singibdi yerga,
Dev, parilar bo'lmishdir tuproq,
Bosh egma, ey sayoh, qabriga,
Arvohlarga solmagin quloq.

Atrofga boq, qanchalar barqut!
Dudog`ingni tortar chechaklar.
Dushmanga ham do'stlik qo'lin tut,
Yorug` bo'lsin ko'nglim, desang gar.

O'yna, sendan ne qolur o'lsang,
Visol aylab ishq boliga to'y,
O'liklarga sig`inmoq bo'lsang ,
Tiriklarni o'z holiga qo'y.

Shunday degan Shahrizoda ham,
Barglar aytar yana bir bora.
Bu dunyoda armonsiz odam
Bechoralar ichra bechora.

* * * * *

Hurosonda bir darvoza bor,
Ostonasi gulga ko'milgan.
Unda yashar bir pariruhsor,
Hurosonda bir darvoza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.

Qo'llarimda kuch ham etarli,
Sochlarimdan oltin rang olgan,
Asir etdi meni ul pari,
Qo'lda garchi kuchim etarli,
Ul eshikni ocholmadim man.

Mardligim ne ishq maydonida.
Ayting, kimga qilay sharhi g`am?!
Sevmas bo'lsa Shahi jonidan,
Ul eshikni ocholmas bo'lsam,
Mardligim ne ishq maydonida?!

Yana tushdi Rus sari yo'lim,
Eron, sendan ketgummi hali.
Nahot seni boz ko'rmas bo'ldim?
Ona-yurtga mehrim tufayli
Yana tushdi Rus sari yo'lim.

Hayr endi, hayr, parizod!
Darvozangni ocholmasam-da,
Shirin g`aming birla umrbod
Kuylab o'tay seni o'lkamda.
Hayr endi, hayr parizod!

* * * * *

Firdavsiyning moviy diyori,
Ko'pni ko'rgan ey, ko'hna diyor!
O'ychan nigoh , ko'zi zangori
O'rusingni unutma zinhor!
Firdavsiyning moviy diyori.

Ajoyibsan, go'zalsan, Eron,
Lolalaring bamisli chiroq,
Ular menga olis bepoyon
Bir o'lkani eslatar harchoq,
Ajoyibsan, go'zalsan, Eron.

Sipqorurman eng so'nggi bora
Sharob yanglig` mushkin bo'ingni,
Jonim Shahi, dilbar kuyingni
Ayrilarkan sendan nachora,
Tinglagayman eng so'nggi bora!

Kuying mangu qalbimda qolar,
Seni aslo unutmam, jonon!
Tog`lar oshib, kezib sahrolar,
Sen haqingda kuylayman doston,
Kuying mangu qalbimda qolar.

G'amlaringdan qo'rqmasman sira,
Faqat meni saqla yodingda,
Rus haqida bir kuy qoldiray!
Meni esla kuyla oningda,
Qo'shiq bo'lib yashay yoningda.

* * * * *

Shoir bo'lmoq - bu ku tayin gap -
O'z joningni o'rtamoq faqat.
Hanjar urib nozik taningga,
O'zgalarga bahsh etmoq lazzat.

Shoir bo'lish - kenglikni kuylash,
Senga ko'proq bo'lsin deb oshkor.
Bulbul ko'ngli bilarmi hech g`am -
U qiladi bir kuyni takror?!

O'zgalarning ovozi bilan,
To'tiqush ham biyrondir, ammo,
Kuyla faqat o'z sozing bilan,
Qurbaqadek bo'lsa ham hatto.

Qur'onda man etmish Muhammad,
Lab urma deb hatto sharobga.
Shoir ichar shuning-chun ham may,
Tashlar ekan o'zni azobga.

Shoir kelib yori oldiga
Yot qo'ynida ko'rsa uni gar,
Obi hajot taskin qalbiga,
Qiz ko'ksiga urmaydi hanjar.

Rashkda yonib, ko'ngilda tug`yon
Asta kuylab tashlaydi qadam:
"Mayli, bo'lay horu sargardon,
Taqdirimda bor ekan bu ham".

* * * * *

Bir juft oqqush - jonon yo'llari
Sho'ng`ir oltin sochlarim aro.
Bu dunyoda odamlar bari
Ishqni kuylar takror va takror.

Kuylaganman men ham bir mahal,
Bugun yana takrorlar ko'ngil,
Otash so'zin boisi o'shal,
Nafis she'rim sababi ham ul.

Jon-joningga singsa muhabbat
Qalb ko'ksingda oltin tosh bo'lur.
Bahsh etolmay kuyga harorat
Tehron oyi ko'kda fosh bo'lur.

Qanday yashay endi, bilmayman,
Yo Shahi-la kechsin tunlarim.
Qariganda yo qilay armon
Ishqni kuylab o'tgan kunlarim.

Har kimda bir o'zgacha e'zoz,
Har kimda bor o'zgacha havas.
Gar Eroniy kuylolmasa soz,
Bilingki , u sherozlik emas.

Men haqimda ayting, kimki bu
Kuyim tinglab meni so'rsa gar.
U bundan ham soz kuylardi-yu,
Harob qildi o'shal oqqushlar.

* * * * *

Nechun ma'yus taratar ziyo
Oy Huroson chamanlariga.
Rus' bag`rida kezaman go'yo
Cho'mib oqshom tumanlariga.

Shunday deya, ey go'zal La'lim,
Shamshodlardan ayladim savol.
Bu sir bizga emasdir ma'lum,
Degan kabi boqdi ular lol.

"Ne uchun oy ma'yus sochar nur?"
Chechaklarni tutdim so'roqqa.
Ular dedi: guldan so'rab ko'r,
Sahar pati kirganda boqqa.

Gul tebratdi asta shohini,
Tilga kirib so'yladi gulbarg.
"O'zga bilan bo'ldi Shahina,
O'pdi bu kech o'zgani dilbar".

Dedi yoring : "Qaydan bilar rus,
Qo'shiq unga ham tanu ham jon".
Shuning uchun oy boqar ma'yus,
Shuning uchun yuzida yo'q qon.

Ne jafolar ko'rmadi olam,
Hiyonatu ko'z yoshdan hunlar.
Lekin, mayli ,har na bo'lsa ham
Mo'tabardir naparmon tunlar.

* * * * *

Talpinma ko'p, devona ko'ngil,
Barchamizdan yuz o'girmish baht.
Shavqat tilar gadolar faqat…
Talpinma ko'p devona ko'ngil.

Fusunkor oy kiyib zar libos,
Shu'la to'kar kashtanlar uzra:
Qo'yib La'lim siynasiga bosh,
Pardasini tortaman yuzga.
Talpinma ko'p,devona ko'ngil.

Biz barchamiz go'dakmiz bir oz,
Goh ko'zda yosh, goh labda kulgu.
Bo'lmish ushbu dunyoda me'ros
Barchmizga shodlik va qayg`u.
Talpinma ko'p , devona ko'ngil.

Ko'rganman ko'p elatlarni men,
Tole izlab kezganman jahon.
Yuragimning ezgu istagin
Endi ortiq qidirmam sarson.
Talpinma ko'p, devona ko'ngil.

Umidim bor hayotdan hali,
Tugamagan ko'nglimda bardosh,
Kel, bir nafas orom ol, qalbim,
Uhla qo'yib yor ko'ksiga bosh,
Umidim bor hayotdan hali.

Zora taqdir boshimni silab,
Saodatga yor etsa bizni,
Tole' bulbul ovozi bilan
Allalasa pok sevgimizni.
Talpinma ko'p, devona ko'ngil.

* * * * *

Moviy o'lkam, quvnoq diyorim,
Qo'shiq uchun baxshida borim.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog'da.

Kuyga asta bosh egadi gul,
Sado berar bu kuyga ko'ngil.
Tingla, mayin esgan shabboda
Bulbul gulni chorlaydi bog'da.

Sen go'daksan hali, jonginam,
Shoirman-ku, go'dakman men ham.
Tingla, majin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog'da.

Kechir meni, aziz G'oliyam,
Yo'llaringda gullar ko'p, sanam.
Senga egar barchasi qomat,
Faqat biri aylar sadoqat.

Shod bo'laylik, kel biz ham bu kun,
Shundaj moviy o'lka bor uchun.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog'da.

Moviy o'lkam, quvnoq diyorim,
Mayli , kuyga baxshida borim.
G'oliyam tinch uhlagan chog`da
Bulbul gulga she'r o'qir bog`da.

Yuqoriga qaytish



Qalb shunday ummonki


Qalb shunday ummonki, uning bag'rida,
Dahshatli dolg'alar silsilasi bor.
Qalb shunday zaminki, otash qa'rida,
Vulqonlar otguvchi zilzilasi bor.

U bir sayyoradir. yerdek shafaqgun,
U bir olamdirki, bilmas nihoya.
Uni mehvaridan chiqarmoq uchun,
Atom jangi emas, bir so'z kifoya.

Yuqoriga qaytish



Tush


Bir oy bo’ldi,
Takror-takror
Men bir xil tush ko’raman,
Tushlarimda mudrab yurgan
El ichida yuraman.

Ular bilan
Men ham mudrab,
Asta qadam sudrayman.
«Bu – tush», - deyman,
«Uyg’on!», - deyman,
Uyg'onolmay mudrayman.

Har tun shu hol,
Falak bergan
Bu ne balo, qiynoqdir?!
Ey, Xudoyim,
Ey, Xudoyim,
Kecha buncha uzoqdir!

Yuqoriga qaytish



Kamtarlik haqida


Garchi shuncha mag'rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin bo'l, hatto bir qadam
O'tma g'urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O'par doim peshonasidan.

Yuqoriga qaytish



Qaro qoshing


Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Qilur qatlima qasd qayrab —
Qilich qotil qaroshing, qiz.

Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qo'ymaysan.
Qarab qo'ygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.

Yuqoriga qaytish



Sevgi


O'n sakkizga kirmagan kim bor,
Bo'g'imgdan gul termagan kim bor.
Sen haqingda yozib to'rt satr,
Sirdoshiga asta ko'rsatib,
Qo'shni qizga bermagan kim bor.

Dastlab har kim qalam olgan on
Yonib seni kuylar begumon.
Maskan qurib har bir ko'ngildan,
Oshiqlarni qoldirib tildan,
Shoirlarni qilursan biyron.

Tushdim chog'i men ham domingga,
Ezgu hislar baxsh etding menga,
Hayotimga zar lavha bo'lding,
Ilk she'rimga sarlavha bo'lding,
Xayollarim ulfatdir senga.

Yuragimda his etdim qanot,
Tilsim kabi ochilur hayot,
Visoldagi damlarim shirin,
Hijrondagi g'amlarim shirin,
Kulib boqar menga koinot...

O'n sakkizga kirmagan kim bor,
Bog'ingdan gul termagan kim bor...

Yuqoriga qaytish



Xayrli kech


Tilak qadrin bilar odamlar,
Yaxshi niyat qilar odamlar.
Do'stga tungi orom oldidan
Xayrli kech tilar odamlar.

Xayrli kech — hikmatli istak,
Bu istakni buyurmish yurak.
Xayrli kech — farahli tuning
Osoyishta, tinch bo'lsin, demak.

Yer yuzida yashagan inson
Mayliga, u qayerlik bo'lsin,
Tinch mehnatda kunlari shodon,
Kechalari xayrli bo'lsin.

Yuqoriga qaytish



Shoiru she'ru shuur


To tirikdirki tabiat,
To quyosh sochgayki nur,
Uch egiz bordir tushuncha,
Uch bu so'z yondosh bo'lur:

Mohiru mehru mahorat,
Olimu ilmu amal,
Oshiqu ishqu mashaqqat,
Shoiru she'ru shuur.

Yuqoriga qaytish



Firoq haqida


Sen yiroqda,
Yoring yiroqda,
O'rtanadi joning firoqda,
Tugab borar bardosh — saboting,
Uchay desang, yo'qdir qanoting.
Sevar yoring vasliga mushtoq
Kechalaring o'tadi uyg'oq...
Ammo g'amdan boshingni bukma,
Shahlo ko'zdan yoshingni to'kma.
Dilbar, buni firoq dema hech,
Yorim mendan yiroq dema hech.
Chunki oro kirib joningga,
Bag'ring bir kun kelar yoningga.

Seni nohaq
Ranjitdi yoring,
Yo o'zgadan rashk etdi yoring.
Nolishingga quloq solmadi,
Izhoringdan ko'ngli qonmadi.
Ketdi boqmay hatto qayrilib...
Sen buni ham dema ayriliq.
Dil o'rtama, yig'lama aslo.
Sen bu hijron zulmati aro
Pok sevgingni aylagin chiroq, —
Visol bilan almashur firoq.

Sen sevasan,
Sevmaydi yoring,
Yor ko'ngliga yetmaydi zoring.
Sevganingni yoki bilmaydi,
Yo bilsa ham ko'zga ilmaydi.
Ayriliqda yonasan biroq —
Sen buni ham atama firoq.
Chunki sevging bo'lsa agar chin
Hijronlarni qilar chilparchin.
Ishon faqat, hech tolmay ishon,
Ishon bo'lsa chekinar hijron...

Yoring bo'lsa
Yoningda doim,
Yoring bo'lsa — ko'rkam, muloyim,
Har oningni kechirsang birga,
Birga bo'lsang butun umrga,
Hayot qurib ulab jonga jon,
Yashasang-u yillar yonma-yon —
Ammo bo'lsa ko'ngillar yiroq,
Dunyoda yo'q bundan zo'r firoq.
Bu firoqqa sira yo'q davo,
Bu firoqqa yo'liqma aslo!

Yuqoriga qaytish



Kimni etmas bu ko'ngil shaydo


Dunyo ekan...
Ishq degan savdo
Bormi faqat mening boshimda?!
Kimni etmas bu ko'ngil shaydo,
Kim she'r yozmas mening yoshimda?!

Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga
Hayotimning bo'ldi mazmuni.
U qo'limga tutqazib qalam,
Ko'zlarimdan oldi uyquni.

Oldi butun fikru xayolim,
Ketdi dildan orom, halovat.
Sevgi butun borimni olib,
She'r zavqini qoldirdi faqat.

Borliq olam ko'zimga ming-ming Go'zallikka to'lib ko'rindi.
Gullar menga oshiq bulbulning
She'r daftari bo'lib ko'rindi...

Ayb etmangiz,
Do'stlar, bu savdo
Bormi faqat mening boshimda?
Kimni etmas bu ko'ngil shaydo,
Kim she'r yozmas mening yoshimda?!

Yuqoriga qaytish



Barcha shodlik senga bo'lsin


Barcha shodlik senga bo'lsin,
Bor sitam zorlik, menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga.

Sen mening jonimni olgin,
Men sening darding olay,
Barcha sog'lik senga bo'lsin,
Barcha bemorlik menga.

Senga bo'lsin barcha husnu
Menga bo'lsin barcha ishq,
Kori xunxorlik senga-yu,
Mehru poydorlik menga.

Bu jahonning rohatin ol,
Bor azobin menga ber,
Senga bo'lsin barcha orom,
Barcha bemorlik menga.

Ol o'zing koshonlarni,
Menga qo'y mayxonani,
Barcha xushyorlik senga-yu,
Barcha hummorlik menga.

Senga bo'lsin nurli kunduz,
Menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo'lsin,
Bor tikanzorlik manga.

Sen shahanshohlikni olgin,
Menga qullik bo'lsa bas,
Bor jafokorlik senga-yu,
Bor vafodorlik menga.

Mayli, ostonangda yotsam,
Mayli, quvsang tosh otib,
Bor dilozorlik senga-yu,
Bor dilafgorlik menga.

Senga she'rni bitsin Erkin,
Yirtib otmoq o'z ishing,
Kasbi inkorlik senga-yu,
Aybga iqrorlik menga.

Yuqoriga qaytish



Do'st bilan obod uying


Do'st bilan obod uying,
Gar bo'lsa u vayrona ham,
Do'st qadam qo'ymas esa,
Vayronadir koshona ham.

Intizor har uy dilovar
Dilkusholar bazmiga,
Gar oyoq qo'sa qabohat
Yig'lagay ostona ham.

Yaxshi do'stlar davrasida
Ochilursan har zamon,
Ko'rkni shoda ichra topgay
Marvarid durdona ham.

So'rma mendan, kim diloro,
Do'stmi yo jonona deb,
Do'st mening ko'nglimdadir,
Jonimdadir jonona ham.

Qochma rostgo'y do'stlarning
Koxishu ozoridan,
Qaddi rost shamning tilidan
O'rtanur parvona ham.

Do'st qidir, do'st top jahonda,
Do'st yuz ming bo'lsa oz,
Ko'p erur bisyor dushman
Bo'lsa u bir dona ham.

Kim senga hamroz emasdir,
Beg'araz deb o'ylama,
Gohi dushmanlik qilurlar
Qo'l siqib do'stona ham.

Do'sti sodiq yo'q ekan deb
O'rtanib kuyma va lek,
Mehr uyin keng ochsang, Erkin,
Do'st bo'lur begona ham.

Yuqoriga qaytish



Rashkim


Seni yotlar tugul hatto —
Qilurman rashk o'zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam
Bo'lurman g'ash ko'zimdan ham.

Ko'zim yongay senga nargis —
Ko'zin tiksa chamanlarda,
Yashirmam, lolaga rashkim
Ayon bo'lgay yuzimdan ham.

Degaylarki, charosu
Ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum
Gilos birlan uzumdan ham.

Seni jonim dedim yolg'iz,
Seni qalbim dedim tanho,
Chimirding qosh, pushaymonman
Qo'pol aytgan so'zimdan ham.

Visol onida ko'z ochsa,
Ne tong, tongdan ko'ngilda ranj,
Judo qilgay meni oy yuz,
Xumor ko'z yulduzimdan ham.

Senga o'n to'rtda bog'landim,
Hanuz erkin bo'lolmas dil,
O'zim dog'man, aql kirmas,
To'zimsiz o'ttizimdan ham.

Yuqoriga qaytish



O'rtada begona yo'q


Ko'yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo'q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo'q.

Sevgi vodiysida menga
Teng bo'lolgay qaysi Qays?!
Ko'nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo'q.

Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat -
Bo'lmagan devona yo'q.

Ne ajabkim, mast bo'libman
Ko'zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig'
May yo'gu mayxona yo'q.

Ishq g'amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o't yo'q jahonda,
Men kabi so'zona yo'q.

Oq qog'ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor
O'rtada begona yo'q.

Yuqoriga qaytish



Nido (Bag'ishlov)


Hayqiraman,
Tog'lar bag'ridan
Gumburlagan sado keladi.
Ona-Yerning otash qa'ridan
"O'g'lim!" degan nido keladi.
"O'g'lim!"
Vujudimni chulg'ar alanga,
Bo'g'zimga tiqilar hayajon.
— Mana, men o'g'lingiz,
Dardli olamga
Sizdan tanho yodgor,
So'ylang otajon!
So'ylang, bir daqiqa quloq solayin,
Ovozingiz tinglab to'yolmaganman.
Bir marta yo'qotib topolmaganman,
Xayolimda qayta tiklab olayin.
Otajon!
Men axir qutlug' bu so'zni
Yigirma yil olmadim tilga,
Yigirma yil saqladim dilda.
Armonli o'g'lingiz tinglaydi sizni,
So'ylang, eshitaman.
Vujudim tilka,
Yuragimni yoqar o'tli iztirob,
Ammo yuragimda bir tomchi yosh yo'q.
Bag'rim o'yib,
Bu kun menga bermoqda azob
Sizning ko'ksingizni teshgan qora o'q.
Silqib oqayotir ko'kragimda qon,
Qalbim o'rtamoqda so'ngsiz armonim...
Yurak qonim bilan bitgan dostonim
Sizga bag'ishladim,
Otajon!

***

Xayolning tumanli pardasi aro
Yillar ko'z o'ngimda charx urayotir.
Qishloq ko'chasidan zanjiday qaro
Olov bolaligim yugurayotir.
Dunyo qayg'usiga bo'lmagan oshno,
Qah-qah urayotir,
Barq urayotir.
Bilmas, boshi uzra bulutli samo
Chaqmoq chaqayotir,
Guldurayotir.
Bilmas, yaralangan bu majruh dunyo
Qasos so'rayotir,
Bong urayotir...

Qadamlar,
Qadamlar,
Og'ir qadamlar...
Etiklar zarbidan titraydi tuproq.
Qayerga ketmoqda shuncha odamlar?
Nahotki, yo'llari shunchalar yiroq!
— Ana, ko'ryapsanmi?
Mening dadamlar!
Dada!!!
Ovozim hech chiqmaydi biroq.
Yuguraman — ortga ketar qadamlar,
Yig'layman — ko'zimga kelmaydi namlar,
Murg'ak vujudimda faqat zo'r titroq!
Bo'g'zimda alamlar,
Achchiq alamlar,
Yo'lning o'rtasida turibman.
Shu choq —
Poyezd qichqiradi,
To'xtang, odamlar!
Qayga ketmoqdasiz?
Qani dadamlar?!
Tepamda yonadi zangori chiroq...

Cho'chib uyg'onaman,
Onam qoshimda.
Mehribon qo'llari
Otash boshimda:
— Nega yig'layapsan,
Yolg'izim, qo'zim?
Tun uzoq, uxlay qol,
Ko'zlaringni yum.
Orom ol, men senga
Allalar aytay.
Tongda peshonangdan
O'pib uyg'otay.
Ana, derazangga
Qo'nibdi hilol.
Boshingga egilib
So'rmoqchi savol.
Sening kiprigingga
Sochmoq bo'lib zar,
Hilol tegrasida
O'ynar yulduzlar.
Men sening baxtingman
Deganday go'yo
Imlab chorlamoqda
Yoqut surayyo.
Senikidir bular,
Seniki bari.
Seniki osmonning
Zar qandillari.
Somonchining yo'li —
Sening yo'llaring,
Uzatsang Zuhroga,
Yetar qo'llaring
Ulg'ay bolajonim,
Ulg'aygin tezroq.
Sening yo'llaringga
Yulduzlar mushtoq.
Hozircha orom ol,
Yolg'izim, qo'zim.
Tun uzoq, uxlayqol,
Ko'zlaringni yum.

Olis sohillarda,
Ufqdan nari
Ol'im sochmoqdadir
Yov quzg'unlari.
O'lim sochmoqdadir
Elga beayov.
Shahar, qishloqlarni
Yutmoqda olov.
O'sha olis yurtda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Ellarning erk degan
Sof tilagi deb,
Jahonning nurafshon
Kelajagi deb,
Ofat solmasin deb
Olamga qotil,
Otnag uzoq yurtda
Jang qilayotir.
Sen uchun, men uchun,
O'z uchun emas,
Faqat o'zbek va yo
Rus uchun emas,
Butun Yer — undagi
Bor avlod uchun,
Dunyoda eng qutlug'
E'tiqod uchun
Uzoq o'lkalarda
Qon kechib hozir
Otang hayot uchun
Jang qilayotir.
Sen, uxla, yolg'izim.
Sen uxla, qo'zim,
Bir nafas orom ol,
Ko'zlaringni yum.

Bu kunlar albatta
O'tib ketadi.
Bashar jarohati
Bitib ketadi.
Ona-Yer qaytadan
Yasharar bir kun.
Olam nur qo'ynida
Yashnar lolagun.
Jangu jadallarga
Kelur intiho,
Bizning dunyo bo'lur
Urushsiz dunyo.
Bu kunlardan qolur
Faqat xotira.
Ammo xalq jafoni
Unutmas sira.
Bu kunlar ketar-u,
G'am, dog'i qolur.
Yuraklarga solgan
Firog'i qolur.
Avlod-avlodlarga
Zamon-zamonga
Abadiy, adabiy
Sabog'i qolur.
Sen ham unutmassan,
Yuragim, qo'zim.
Hozircha tinvh uxla,
Ko'zlaringni yum.

Vaqt kelar, ulg'ayib,
Odam bo'larsan.
Ilm olib sohibi
Olam bo'larsan.
Sen bizlar ko'rganni
Ko'rmagaysan hech,
G'urbat yo'llaridan
Yurmagaysan hech.
Olam to'la quyosh,
Qalbing to'la nur,
Oydin bir zamonda
Yashaysan masrur.

Bizlar ham o'tamiz
Vaqt kelib bir kun.
Sizlarga qoladi
Muqaddas zamin.
Siz uni avaylab
Kaftda tutasiz,
Sharaf yo'llaridan
Olib o'tasiz.
Otash alangaga
Tutmaysiz uni,
Dahshat ummoniga
Otmaysiz uni.
Zamin tegrasiga
Oltin kamalak
O'raydi yetti xil
Nurdan chambarak.
Siz uning bag'rini
Pora qilmaysiz,
Otalar hokini
Saqlab muborak.
Sen shunday davronda
Yashaysan qo'zim.
Hozircha orom ol,
Ko'zlaringni yum...

Boshimizda otashin falak,
Poyimizda otashin tuproq,
Qo'limizda yog'och kamalak,
Ostimizda yog'och arg'umoq,
Oppoq changdir egnu boshimiz,
Oppoq changdir ko'zu qoshimiz.
Ko'ru karmiz,
Beshdan oltiga
Endigina o'tgan yoshimiz,
Ko'cha-ko'yda ko'tarib suron
Yuguramiz sahardan to kech,
Olam uzra kezar zo'r bo'ron,
Biz bu haqda o'ylamaymiz hech.

"Urush-urush" o'yin bo'lsa bas,
Titratamiz ko'ku zaminni.
Kim o'ylabdi deysiz u nafas
Bu urushning rostakamini.
Burchaklardan bir-birimizni
Yog'och miltiq bilan otamiz,
Biz bilmaymiz:
Qay birimizning
O'qqa uchdi bu vaqt otamiz.
Ko'ksimizni ushlagancha
Yiqilamiz,
O'lgan bo'lamiz,
Biz dunyoda rostakam o'lim
Borligini qaydan bilamiz?!
Dahshat solib kezarkan u dam
Uzoqlarda jang guldurosi,
Bizning qishloq ko'chasida ham
Yangrar edi
Aksi sadosi.

***

Quyosh botar,
Oqshom cho'kar ko'cha-ko'yga,
Tarqalamiz uy-uygayu tepa to'yga,
Tun boshlanar,
Mengacharchoq bilinmaydi,
Kiprigimga uyqu sira ilinmaydi.
Murg'ak fikrim yetaklaydi xayollarga,
Onam qo'ynin to'ldiraman savollarga.
"Ayting, aya, mening dadam qahramonmi?
Tog'larni ham qulatguvchi pahlavonmi?
To'pponchasi bormi uning cho'ntagida?
Ordenlari juda ko'pmi ko'kragida?
Mening dadam samolyotda uchadimi?
Osmonlardan parashutda tushadimi?
O'tkir po'lat qilichini qo'lga olib,
Dushmanlarning yuragiga qo'rquv solib,
Katta jangga kiradimi yolg'iz o'zi?
Yelkasida yonadimi besh yulduzi?
Ayting, dadam meni yaxshi ko'radimi?
Kelganida toycha olib beradimi?
Ko'chalarda toychog'imni yetaklatib,
Qo'llarimdan ushlab olib yuradimi?
O'sha kunlar tezroqqina bo'la qolsin?
Ayting, dadam hayallamay kela qolsin".

44-yil
Sentyabr tongi otdi.
Meni cheksiz quvonch bilan baxt uyg'otdi.
Ko'k jildimda alifbe va bir burda non,
Birinchi bor qadam qo'ydim maktab tomon.
O'yinlardan anacha erta to'ygan edim,
Kitoblarga barvaqt havas qo'ygan edim.
Yod bilardim alifbening harflarini,
O'qir edim informbyuro xabarini.
Juman “pochta” dadamdan xat keltirgan kun
Katta bayram yuz hijjalab, yuz tutilib.
Takrorlardim yirtilguncha xat titilib.
Yayrar edim ma’nosini uqarkanman,
Dadam xatin o'qib savod chiqarganman.

Bu kun yana xat olganmiz,
Ajoyib xat,
Gospitaldan chiqqan emish sog'-salomat,
Boshidagi jarohati bitgan emish,
Hatto o'rni bilinmasdan ketgan emish.
Berlin tomon tushar endi yo'lim debdi.
Xat so'nggida yaxshi o'qi, o'g'lim, debdi.
Shu kun tunda uch chiziqli daftarimga,
Oro berib katta-katta harflarimga,
Xira chiroq yorug'ida ko'z ishqalab —
Dadamga xat yozmoq uchun surdim qalam:

“Dadajon!”
Men sizni juda sog'indim.
Sog'indim ikkala ko'zim bilan teng.
Kelib qolarmishsiz ertami-indin,
Ayam shunday dedi,
Rostmi shu, ayting?!
Dada,
U kun sizni tushimda ko'rdim.
Oq otda keldingiz,
So'radingiz suv.
Men buni ayamga gapirib berdim.
Dadang keladi, deb aytdi,
Rostmi shu?..

Rustamning akasi urushdan qaytdi,
Qo'ltiqtayog'i bor,
Bir oyog'i yo'q,
Rustam aytib berdi:
Ataka payti
Tizzasidan olib ketgan emish o'q…
Hol aka qaytgandi uyga to'satdan,
O'g'li, dadajon, deb chopib kelibdi.
Ota quchay desa desa qo'li yo'q ekan,
Tik turgan joyida yig'layveribdi.
Darsga kelmay qoldi
Tunov kun Tal’at,
Muallim urishsa turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qora xat.
Hammamiz yig'ladik,
Hatto muallim…
Dadajon!
Sizga o'q tegmasin hecham,
Men uchun ham tezroq qayting salomat,
Buvim aytgan,
Agar men tilak qilsam,
Tilagim bo'lardim doim ijobat.
Rost aytaman,
Sizni juda sog'indim,
Sog'indim ikkala ko'zim bilan teng,
Kelib qolasizmi, ertami-indin?
Kutaman,
Dadajon,
albatta keeling”.

Hijron kechalari g'oyatda uzun,
Ayriliq yo'llari oils hihoyat.
Ko'chaga chiqaman yuz bora har kun,
Ko'zlarim nigoron,
Kelarmikan xat?
Tongda turganda ham,
Kun botganda ham,
Hatto kechalari qilolmay toqat,
Eshikka qarayman,
Chekaman alam.
Intizor bo'laman,
Kelarmikan xat?
Men qaydan bilibman,
Yo'l bosar ekan
Mening murg'ak xatim bekatma-bekat.

U yoqdan,
Xuddi u borar manzildan
Yo'lga chiqqan edi mash’um qora xat.

Qosh, ko'zlaring otangga o'xshar.
Deyishadi bilganlar doim.
So'ng xo'rsinib qo'shib qo'yishar:
O'xshamasin umring, iloyim.
Otam tutgan mash’alni ushlab,
O'shay o'ldan boraman men ham.
Mayli edi
Otamdek yashab,
To so'nggi dam
Unga o'xshasam.

Bobolarning hikmati
Hayotga yorug' yo'ldir.
Itang bolasi bo'lma,
Odam bolasi bo'l, der.
Bu so'zni ilk bor menga
O'rgatgan otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Qirq birinchi yillarning
Dahshati ko'z oldimda,
Go'dak edim, otamni
Kuzatgandim yonimda.
U ko'plar baxti uchun
Kirar ekan zo'r jangga
Onam boshimni silab,
O'xsha, degan otangga.
Mening mardlik maktabim
Jonfido otam edi.
Men otam farzandiman,
U esa odam edi.
Men otam bosib o'tgan
Qonli yo'lni o'tmasman.
Ammo shonli hayotni
Bir umr unutmasman.
Ona-Vatan ko'ksiga
Qalqon bo'lgan otamning,
Ko'plar baxti yo'lida
Qurbon bo'lgan otamning —
Aziz nomin qalbimda
Vijdonimdek saqladim.

Uning o'lmas ruhini
Shod etmoqlik maqsadim.
Umrimni fido etay
U jon bergan Vatanga.
El mendan rozi bo'lsin
O'xshabsan, deb otangga.

***

Quzg'unning qanotiday
Qaro edi o'sha tun.
Na milt etgan yulduz bor,
Na yilt etgan bir uchqun.
Kech kuz edi,
Tund kecha,
Yer-ko'k mungli, borliq g'ash,
Qor ezilib yog'ardi
Yomg'ir bilan aralash.
Sukunat.
Jang tin olar,
Faqat gohi gohida
Mushak uchib so'nadi
Dushman qarorgohida.
Yarim tun zulmatida
Tepalikni qoralab
To'rt soya emaklardi
Chakalakzor oralab.
Har zamon to'xta-to'xtab
Hordiq olishar edi,
Jim qolib sukunatga
Quloq solishar edi.
Mana, ular o'rmonning
Chekkasida o'tdilar
Va nihoyat daryoning
Sohiliga yetdilar.
To'xtadilar, bir nafas
Ko'z tikdilar yiroqqa.
Atrof jim,
Faqat daryo
Urilardi qirg'oqqa.
Sirli tun, butun borliq
Sehrlangan singari.
Shunday kecha to'rtovlon
Yo'l olmishlar qay sari?

Qay manzilga shoshishar
Shu sovuqda, shu namda?
Go'yo qor bor,
Yomg'ir bor,
Tun bor faqat olamda…
Avtomatlar bosh uzra
Ko'tarildi tug'simon.
Birin-ketin daryodan
Suzib ketdi to'rtovlon.
Jim, sharpasiz suzishar,
Yaqin qoldi qirg'oqqa,
Yot, notanish tovushlar
Eshitilar quloqqa.
Mana sohil — tik qirg'oq,
Atrof yalang,
Narida
Ikki dushman soqchisi
Ko'rinar tun bag'rida.
Bir-birovga tikildi
Bir so'z demay to'rt juft ko'z.
Shu qarashning o'zida
Aytilgandi barcha so'z.
Tek qotdilar. Komandir
Imo qildi nohoyat,
Tun bag'riga emaklab
Kirib ketdi to'rt soya.

Nogahon o'q otildi,
O't chaqnadi ketma-ket.
Dushman sezdi,
Razvedka
Jangga kirdi betma-bet.
Granata portladi,
Tilga kirdi avtomat.
Bir yonda butun bir polk,
Bir yonda to'rtta soldat.
Ikki yondan o'q yog'ar,
Olov yog'ar beshafqat,
Bir tomonda tahlika,
Bir tomonda jasorat.
O'rtada tekis kenglik,
O'rtada quyuq zulmat.
Bir tomonda yovuzlik,
Bir tomonda adolat.
Qancha davom etdi jang
Bilar faqat qaro tun,
Bilar faqat tepalik,
Ammo bular lol va gung.

Tongga yaqin qor tindi,
Asta yorishdi osmon.
Tepalikka ilk nurin
Sochdi xurshidi jahon.
Bunda yerni quchgancha
Toshlarga qo'yib boshin,
To'rt o'g'lon tinch uxlardi
Ko'kragida qo'rg'oshin.
Tungi og'ir jangdan so'ng
Go'yo tin olar bari.
Ona bag'rida yotgan
Ma’sum go'dak singari.
Shu tong sabo yig'ladi
Boshin urib qirg'oqqa.
Oq, momiq bulutlarning
Bag'ri chok-chok so'kildi.
Shu tong oftob nurlari
Ko'z yosh bo'lib to'kildi.
O'rmonlar shovillagan
Olis yurtda hali ham
Nomsiz tepalik uzra
Uxlab yotibdi otam.

***

Tengdoshim,
Asrdosh birodar!
Kel, bir on jim o'yga cho'maylik.
Bu yerda yotibdi fidolar.
Kel, uni gullarga ko'maylik.

Bu yerda baxt bo'lsin,nur bo'lsin,
Bo'lmasin qora tun zulmati.
Bu yerda yuraklar hur bo'lsin.
Qaytmasin u kunlar dahshati.

Tengdoshim,
asrdosh birodar!
Uyg'oq b'ol, hushyor boq olamga.
Bu yerni quchmasin alanga,
Qabrida tinch yotsin fidolar.

Eshit, ingrayapti Ona-Yer
Qo'ltiqtayoqlaring zahmidan.
Bu tuproq yuragi poradir
Atom zontlarining vahmidan.

Eshit, chorlayapti Ona-Yer,
Ko'ksida olovli oh-faryod.
Asrdosh birodar, qo'lni ber,
Kel, Yerga qilaylik qasamyod:

Bo'lurmiz gal kelsa har birimizga
Tinchlik janggohining fidosi.
Bu senga bu menga, bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi.

Yiroqlarda qoldi uqubatli yillar,
Yer ostida yotar topganlar zavol.
Qolganlar umrning sarhisobin qilar,
Soch oqiga boqib surarlar xayol.

Yillar o'tdi-ketdi dovulini qoqib.
Tuproqqa berildi ne-ne aziz jon.
Bizlar xayollarning to'lqinida oqib,
U kunlar haqida to'qiymiz doston.

Ammo o'lganlarga she’r, doston ne naf,
Ne foyda yig'lashdan qalb dardin aytib.
Ming yil shon o'qisak, ming yil aytsak sharaf,
Ketganlar dunyoga kelmaydi qaytib.

Nega egilmasin odam ketsa odam,
Ustunga zo'r kelar qulasa ustun.
Bu tashvishli dunyo, sermashaqqat olam
Bizning yelkamizda qoldi-ku, do'stim!

Uni bo'ronlardan, quyoshli yo'llardan
Nurli istiqbolga olib o'tamiz.
Biz uni olganmiz tabarruk qo'llardan,
Tabarruk qo'llarga eltib tutamiz.

Avlodlar uchun ham qutlug' bo'lar albat
Yer uzra to'kilgan ko'z yosh, qon va ter.
Bepoyon kenglikda charx uradi abad
Ulkan yurak shaklidagi Yer…

Yuqoriga qaytish