Bosh sahifa
Orqaga qaytish
Bahodir va Malika
Bahodir va Malika
Bahodir, men sen bilan suhbatdosh bo’lgandim. Dunyolarni dengizday yuragingga cho’ktirib qo’yganding...
Ammo, o’zing Amudaryoga cho’kib ketganding. Ukam, shu she’rni senga bag’ishladim.
Malika, men seni ko’rganim yo’q. Sen o’z sevgingga g’arq bo‘lding...
Singlim, shu she’rni senga bag‘ishlayman.
O’g’ling bo’lsa, oltin oshiq o’ynagan,
Qizing bo’lsa, o’z husniga to’ymagan.
Xudo bizning nigohimiz qiymagan –
Armonlar aylanib osmon bo’ldilar,
Osmonlar aylanib armon bo’ldilar...
Bahodirning she’ridan
Bahodir:
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Amuning tubiga yetolmayman hech.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman,
Dahshatli bir she’rni o’qib boryapman –
Orol sari oqib ketolmayman hech.
Malika:
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
Umrim bir benajot ranjlarga to’ldi.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
Menga dahshatli she’r to’qib boryapsan,
Toshkent ko’chalari mavjlarga to’ldi!
Bahodir:
Bo’g’zimga suv to‘ldi, ko’zlarimga qum,
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun.
Bag’rimga yuz bosdi baliqlar – sovuq.
Cho’kib bormoqdaman yetti kecha-kun,
Nahotki, umrimdan ketdi kecha-kun –
Ammo ko’z oldimda ko’zlaring yoniq.
Malika:
Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq,
Ammo, ko’z oldimda ko’zlaring yoniq...
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Seni yamlamoqda bir daryo – ajdar,
Tillari hanjardir, mavjlari hanjar –
Menga Navoiyni o’qib boryapsan.
Bahodir:
Nahotki, tasodif shunchalar azim,
Olib qololmadi meni Xorazm –
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapman.
Farzandin tanimas bu telba Amu,
Sening ostonangga yetmasin, yohu! –
Shu o’y xayolida qo’rqib boryapman.
Malika:
Amu toshgani yo’q, sen toshding, jonim,
Bir qalqib sahrodan sen oshding, jonim –
Mana, Toshkent aro yonib boryapsan.
Daryo ostonamning tagiga yetdi,
Es-hushim daryoga tushdiyu ketdi...
Yetti kecha-kunduz oqib boryapsan!..
Bahodir:
To’lqinni men sevdim, sen qo’rqqin, axir,
Qochgin, xatarlidir bu to’lqin, axir...
Axir, kecha-kunduz cho’chib boryapman!
Senga qoldirganim sevgim – to’lg’indir,
Sening topolganing, nahot, to’lqindir?
Sen cho’kma, axir, men cho’kib boryapman...
Malika:
Daryo eshigimga boshin uradi,
Sening xayolingday oqib kiradi –
Sevgiday salqini tavonimdadir.
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan,
Yetti kecha-kunduz cho’kib boryapsan –
To’lqinlar sirtmog’i tomog’imdadir.
Bahodir:
Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Yetti kecha-kunduz oramizda, oh,
Baribir sen menga yetmog’ing gumon...
Malika:
Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin,
Endi sen to’lqinsan, men ham bir to’lqin –
Bir kun uchrashamiz Orolda – ayon...
Muallif:
Orol sohiliga tushganda yo’lim,
G’amgin, aftoda bir to’lqinni ko’rdim.
U mendan so’radi: „Dengizda shu payt
Yolg’iz bir to’lqinni ko’rmadingmi, ayt?“
„Yo’q“ dedim, u ketdi yugurib sarson...
Mening ko’zlarimdan yosh oqdi marjon.
Axir, men bilaman, taqdir qattiqqo’l,
Ularning orasi yetti kunlik yo’l...
Axir, bu dunyoning shunisi yomon:
Hatto dengizda ham uchrashmoq gumon...
Usmon Azim
| Copyright © 2004, Tuychi Ruziboev. All Rights Reserved. |